Fuqarolardan ortiqcha soliq undirgani uchun 96 nafar rahbar jazolangani aytildi
Ortiqcha soliqlar yig‘ilishi ortidan soliq organlaridagi 29 nafar rahbarning lavozimi pasaytirilgan, tizimdagi 6 nafar amaldor egallab turgan lavozimidan ozod etilgan.
2021 yilning o‘tgan 9 oyi davomida soliq organlari ayrim rahbarlariga nisbatan fuqarolardan ortiqcha soliq undirilgani uchun jazo choralari ko‘rilgan. Bu haqda Davlat soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev 15 dekabrda o‘tkazilgan Senat majlisida ma’lum qildi.
Qo‘mita mulozimiga ko‘ra, ayrim tuman yoki shaharlarda soliq organlari xodimlari tadbirkorlardan telefon orqali iltimos qilib, budjetga ortiqcha soliq to‘lovlarini tushirish holatlari mavjud.
“Buning uchun 96 nafar rahbar xodimga nisbatan jazo choralari qo‘lladik, 29 nafarining lavozimi 1 pog‘onaga pasaytirildi, 6 nafar rahbar egallab turgan lavozimidan ozod etildi”, dedi rais o‘rinbosari.
Qayd etilishicha, joriy yil boshidan 1 oktyabriga qadar davlat budjetiga ortiqcha to‘lovlar 35 mlrd so‘mga kamaytirilgan. Ammo umumiy miqdor yil boshiga nisbatan 116 mlrd so‘mni tashkil etdi.
May oyida ochiqlangan raqamlarda esa budjetga ortiqcha undirilgan soliqlar 2021 yil 1 yanvar holatiga 150,7 mlrd so‘mni tashkil etgani va u 2020 yil 1 yanvar (168,1 mlrd so‘m) holatiga nisbatan 17,4 mlrd so‘mga kamaygani xabar qilingan.
Mubin Mirzayev kunlik soliq tushumlari 11 trln so‘mni tashkil etishi va ortiqcha to‘lovlarni kamaytirish bo‘yicha qator ishlar olib borilayotganini ham ta’kidladi.
“Soliq kodeksining 104-105 moddalariga asosan, ortiqcha to‘lovlarni qaytarish va bunday to‘lovlar qilinishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida 9 oy davomida 1,5 mingdan ortiq tadbirkorlarning muammolari o‘z vaqtida bartaraf etildi. Soliq organlari tomonidan inkassatsiya orqali oldindan to‘lov olish holatlari bo‘lardi. Biz buni to‘liq avtomatlashtirdik”, dedi qo‘mita vakili.
Yig‘ilishda bu masala yuzasidan tadbirkorlar senatorlarga ham murojaat qilayotgani, ortiqcha pul undirishlar fuqarolarga muammo tug‘dirayotgani aytib o‘tildi.
Avvalroq, ortiqcha to‘langan soliqlarni qaytarish yoki hisobga olish muddatlarini buzgan va ortiqcha to‘lovlarni qisqartirish yuzasidan yetarlicha ish tashkil etmaganligi uchun 2020 yilda soliq organlarining 79 nafar rahbar xodimiga nisbatan intizomiy jazo choralari qo‘llanilgani aytilgandi.