O‘zbekiston | 18:16 / 18.12.2021
2986
2 daqiqa o‘qiladi

Qoraqalpog‘istonda mastlikni aniqlash uchun o‘zining telpagidan foydalangan inspektorga chora ko‘rildi

Foto: videodan kadr

Bir muddat oldin Nukusda YPX xodimi mastlikni aniqlash uchun o‘zining telpagidan foydalangandi. O‘shanda unga xizmat tekshiruvi tayinlangandi. Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasining ma’lum qilishicha, YPX xodimiga chora ko‘rilgan.

Ma’lum qilinishicha, noyabr oyida Nukus shahri Ye.Alako‘z ko‘chasida joylashgan dehqon bozori oldida xizmat olib borayotgan YPX xodimi Z.M. tomonidan «Matiz» rusumli avtomobil to‘xtatilgan. YPX xodimi o‘zaro muloqot vaqtida bosh kiyimini yechgan va haydovchidan puflashini so‘ragan.

Mazkur holat yuzasidan IIV YHXB mas’ul xodimlari tomonidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilgan. Tekshiruv xulosasiga ko‘ra, xizmati mobaynida «Transport vositalari haydovchilarining mast holatda ekanligini aniqlash tartibi to‘g‘risida»gi nizom hamda ichki ishlar vazirining ayrim me’yoriy buyruqlari talablarini buzgani uchun inspektor Z.M.ga nisbatan qattiq hayfsan intizomiy jazosi qo‘llanilishi belgilangan.

Bundan oldin Qoraqalpog‘istonda IIV xodimi pora bilan qo‘lga olingandi.

Mavzuga oid