Jahon | 23:44 / 20.12.2021
19394
5 daqiqa o‘qiladi

Poroshenko davlatga xiyonatda gumonlanmoqda

Ukraina prokuraturasi mamlakat sobiq prezidenti Pyotr Poroshenkoga qarshi jinoiy ish qo‘zg‘atdi. U davlatga xiyonatda ayblanmoqda. Poroshenko 2014-15 yillarda Rossiya foydasiga xizmat qilgan ishni amalga oshirib, rusparast ayirmachilar egallab olgan Donbassdan ko‘mir sotib olishiga ruxsat bergani aytilmoqda.

Foto: NurPhoto

Ukraina Davlat qidiruv byurosi xabariga ko‘ra, ayni damda Oliy Rada deputati bo‘lgan Poroshenkoga ustidan ish ochilgani bo‘yicha xabar yuborilgan. Ayblovda DXR (Donetsk xalq respublikasi) va LXR (Lugansk xalq respublikasi) terrorchilik tashkilotlari bilan hamkorlik qilish va terrorizmni moliyalashtirish bandlarini ham uchratish mumkin.

«Ukraina beshinchi prezidenti Rossiya Federatsiyasi yuqori mansabdorlari bilan aloqada bo‘lgan holda DXR va LXR terrorchilik tashkilotlarining faoliyati uchun sharoit yaratib berishda gumonlanmoqda», deyiladi byuro saytida.

Darvozaga qistirib ketishgan

Poroshenkoning advokatlariga ko‘ra, surishtiruv boshlangani haqida ma’lumotnoma sobiq prezident uyining darvozasiga qistirib ketilgan. Advokatlar bu noqonuniy harakat ekani va bunga qarshi da’vo arizasi kiritilishini aytmoqda.

«Ikki soat avval Pyotr Poroshenkoning uyiga prokuratura xodimlari kelib qo‘riqchilardan uning uyda yoki yo‘qligini so‘ragan. Go‘yoki janob Poroshenko ayni damda Polshada korferensiyada ekanini bilmagandek. Shu asnoda uyning darvozasiga «DXRdan ko‘mir olib kelish ishida» gumonlanuvchi sifatida 23 dekabr kuni so‘roqqa chaqirilgani to‘g‘risida ma’lumotnoma qistirib ketishgan», deb yozdi Poroshenkoning advokati Ilya Novikov feysbukdagi sahifasida.

Advokat postga Poroshenkoning uyida qoldirilgan ma’lumotnomaning suratini ham ilova qilgan. Unda yozilishicha, sobiq prezident Ukraina jinoyat kodeksining 111-modda 1-qismi (davlatga xiyonat) va 258-3-modda 1-qismi (terrorchilik tashkiloti tuzish) bilan ayblangan.

Davlat qidiruv byurosi vakillari 17 dekabr kuni Rada binosida Poroshenkoga yuqoridagi ma’lumotnomani bermoqchi bo‘lgan, ammo sobiq prezident uni olishdan bosh tortib, ketib qolgan. Hozirda Polshada bo‘lib turgan Poroshenko keyinchalik Turkiyaga ham boradi. U yetakchilik qiladigan «Yevropacha birdamlik» partiyasining ma’lum qilishicha, Poroshenko qochib ketmagan, u rejalashtirilgan safarda bo‘lib turibdi va albatta mamlakatga qaytadi.

«Ko‘mir ishi»

Ukraina prokuraturasining ma’lum qilishicha, rossiyalik yollanma harbiylar Donetsk va Lugansk viloyatlarining bir qismini egallab olgach, Ukraina jahon bozoridan ko‘mir sotib olishga majbur bo‘lgan. Xususan, JARdan. Ammo Rossiya Ukraina yuqori mansabli mulozimlariga aloqaga chiqib, mamlakat energiya tizimidagi ta’sirini qo‘lga olish maqsadida JAR bilan kelishuv bekor qilinishiga harakat qilgan. 

Rossiyaga bu rejani amalga oshirishda ukrainalik siyosatchi Viktor Medvedchuk va shaxsan mamlakat prezidenti Pyotr Poroshenko yordam bergani gumon qilinmoqda. «Ko‘mir ishi» joriy yil oktyabr oyidayoq ochilgandi. Ukraina xavfsizlik xizmati bu borada bir nechta audiolarni qo‘lga kiritgan. Ularda Viktor Medvedchuk va Ukraina prezident administratsiyasi rahbarining o‘rinbosari Dmitriy Kozakning ovoziga o‘xshash ovoz ko‘mir bo‘yicha shartnomalar haqida gapirgan. «Medvedchukka o‘xshaydigan ovoz» ko‘p marta Pyotr Poroshenko nomini tilga olgan.

O‘z navbatida siyosatchi Viktor Medvedchuk moliyaviy terrorda qatnashganini rad etgan. Poroshenko yetakchiligidagi «Yevropacha birdamlik» partiyasi apparat rahbari Aleksandr Turchinov egallab olingan hududlardan ko‘mir olib kelinganini rad etmagan holda bu davlatga xiyonat emasligini aytgan. «Gap urush holatidagi Ukrainani 2014-15 yillarda ko‘mir bilan ta’minlash haqida ketmoqda», degan Turchinov.

Pyotr Poroshenko ustidan birinchi marta ish ochilayotgani yo‘q. Vladimir Zelenskiy hukumat tepasiga kelgach, Poroshenkoning ustidan o‘nlab ish ochildi. Turchinovning fikricha, bu galgi ochilgan ishda ham avvalgilari kabi hech qanday natija chiqmaydi.

«Zelenskiy boshchiligidagi hukumat Yanukovichning harakatlarini takrorlab, raqiblariga qarshi kurashmoqda. Oxir-oqibat ular ham Yanukovich kabi qulasa, ajablanmayman», degan Turchinov.

Ukrainaning beshinchi prezidenti Pyotr Poroshenko 2014 yildan 2019 yilgacha mamlakatni boshqargan. U 2019 yil o‘tkazilgan saylovlarda ikkinchi marta prezidentlikka nomzodini qo‘yib, Vladimir Zelenskiyga imkoniyatni boy bergan edi.

Mavzuga oid