Iqtisodiyot | 17:50 / 21.12.2021
25795
10 daqiqa o‘qiladi

Importni kvotalash: Vazir izoh berdi, iqtisodchi savdoni cheklashni bas qilishga chaqirdi

Tashqi savdo vaziri Sardor Umrzoqov importga tarif kvotalari kiritilishi xalqaro tajriba ekanini aytdi. Iqtisodchi Mirkomil Xolboyevga ko‘ra, “bizga bunaqa zararli xalqaro tajriba kerak emas”. Agar savdoni cheklash davom etaversa, JSTga a’zolikdan aytarli naf bo‘lmaydi, deydi u.

Foto: Shutterstock

Hukumat qaroriga asosan, O‘zbekistonda 2022 yil 3 martdan boshlab import tovarlarga nisbatan tarif kvotalari qo‘llanishi mumkin. Iqtisodchilar bu tartib savdoni cheklashning yangi instrumenti ekani va bundan eng ko‘p kambag‘al qatlam zarar ko‘rishini aytmoqda.

Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umrzoqov 21 dekabr kuni yoshlar forumi doirasida bergan intervyusida shu haqdagi savolga javob qaytardi.

“To‘g‘ri tushunish kerak. Import kvotalari qachon kerak bo‘ladi, agar qarorni o‘qisangiz, u yerda aniq yozilgan. Bu degani hamma [tovarlar]ga kiritiladi degani emas. Bu [qaror bilan] vakolat berilyapti, agar shu narsa kerak bo‘lib qolsa, jahon iqtisodiyotidagi konyunkturadan, vaziyatdan kelib chiqib, ehtiyoj paydo bo‘lib qolsa, qanday qilib tartib joriy qilinadi.

Bu – barcha davlatlarda bor bo‘lgan mexanizm. Buni noto‘g‘ri tushunish kerak emas. “Hamma mahsulotga kvota qilinadi, faqat tanish-bilishga beriladi, monopoliyaga beriladi” degan narsa yo‘q”, – dedi Sardor Umrzoqov.

Avvalroq Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Kun.uz'da e’lon qilingan “Kvotalash niqobi ostida...” sarlavhali material yuzasidan raddiya bergan edi. Materialda hukumat qarori bilan import kvotalari joriy etilayotganiga nisbatan uch nafar iqtisodchining tanqidiy munosabati keltirib o‘tilgan.

Vazirlik raddiyasida aytilishicha, Jahon savdo tashkilotiga a’zo 35dan ortiq mamlakatda 1400ga yaqin tarif kvotalari bor.

“O‘zbekiston hukumati Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zo bo‘lish bo‘yicha faol siyosat olib bormoqda. Shu munosabat bilan, tarif kvotasi tashqi savdoni davlat tomonidan bojxona-tarif jihatdan tartibga solish vositasi hisoblanadi. Bu JSTga a’zo bo‘lgandan keyin shakllanadigan shartlar uchun juda muhimdir.

Shu bilan birga, milliy bozorni himoya qilish vositasi sifatida tarif kvotasi O‘zbekiston Respublikasining JSTga a’zo davlatlar bilan savdo-sotiq muzokaralarida mamlakat pozitsiyasini mustahkamlash imkonini beradi.

JST tashkilotga a’zo mamlakatlarni tashqi savdoni tanlovli tartibga solish vositalaridan faol foydalanishga yo‘naltiradi. Bu ichki bozor va milliy ishlab chiqaruvchilarni muhofaza qilish uchun tarif kvotalari qo‘llanishiga to‘liq taalluqlidir”, – deya qayd etadi ITSV matbuot xizmati axborotida.

Foto: Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi

Vazirlik hukumatning 2 dekabrdagi qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirilayotgan tovarlarga nisbatan tarif kvotalarini qo‘llash tartibi to‘g‘risida”gi Nizomda tovarlar ro‘yxati shakllantirilmaganini qayd etgan.

“O‘zbekiston hududiga ayrim tovarlarni olib kirishda ma’lum miqdorda tovarlarga nisbatan past stavka va belgilangan miqdordan ortiq olib kiriladigan tovarlarga import bojxona to‘lovlarining amaldagi stavkalari qo‘llanadi.

Ta’kidlash joizki, ushbu tartibni qabul qilish munosabati bilan import qilinadigan tovarlarga nisbatan cheklov choralari belgilanmagan”, deyiladi raddiyada.

“Yomon tajribani ko‘chirish shart emas”

Foto: Mirkomil Xolboyev / Facebook

Vazirlik munosabati yuzasidan kvotalashni tanqid qilgan iqtisodchilar fikrlariga qiziqdik. Mirkomil Xolboyev JSTga a’zo davlatlar tarif kvotalarini joriy qilgani tagida aslida qanday maqsadlar yotgani haqida so‘z yuritdi.

“Haqiqatan ham ko‘plab davlatlarda import kvotalari odatiy tarzda qo‘llanadigan savdoni cheklash instrumenti hisoblanadi. Lekin bu jihat uning yaxshi instrument ekanini belgilab bermaydi. Ya’ni agar nima uchun davlatlar hozir ko‘proq mana shu kabi usullar orqali savdoni cheklashga harakat qilishining asl sabablariga e’tibor qaratsak, unda kvotalash haqida yaxshiroq xulosaga ega bo‘lamiz.

Tarif kvotalari yoki boj bo‘lmagan yashirin usullarning ko‘payib borayotganiga asl sabab – savdoni boj bilan cheklash imkoniyatlari qiyinlashib borayotgani hisoblanadi. Ya’ni xalqaro tashkilotlarning o‘rni va ta’siri ortib borishi natijasida savdoni bojlar orqali cheklash qiyinlashib bormoqda. Shu sababli ko‘plab davlatlar, savdoni cheklashning turli boshqa usullaridan foydalanishga harakat qilib kelmoqda, bu usullarga import tovarlaridan sifat sertifikati, qandaydir litsenziyalar talab qilish, ichki ishlab chiqaruvchilarni subsidiyalash va shu kabi bir nechta boshqa yashirin usullar kabi importni tarif kvotasi orqali cheklash ham kiradi.

Importni tarif kvotasi orqali cheklashning o‘ziga xos jihatlaridan biri shundaki, belgilangan kvota uchun tarif stavkalari judayam past belgilanadi. Misol uchun, Janubiy Koreyada import qilinadigan guruch mahsulotlarining kvota miqdori (taxminan 400 ming tonna) uchun bojlar darajasi 5 foizni tashkil etadi (ajoyib, shunday emasmi?). Kvota miqdoridan oshgan har kg import qilingan guruch uchun import boji 500 foizdan yuqoriroq ko‘rsatkichni tashkil etadi. O‘rnatilgan kvota hajmi esa umumiy iste’molning taxminan 15-20 foizini tashkil etadi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi ijobiy xalqaro tajriba sifatida e’tirof etayotgan tarif kvotalar mavjudligi uchun koreyalik iste’molchilar jahon bozoriga nisbatan guruchni 3-4 barobar qimmatroq sotib olishga majbur. Bu kabi misollarni kvota o‘rnatgan istalgan davlat uchun topish mumkin. Xulosa esa tarif kvotalari – savdoni bojlar orqali himoyalash qiyinlashib borayotgan sharoitda samarasiz ichki ishlab chiqaruvchilarni himoya qilish uchun qo‘llanadigan bir vositadan boshqa narsa emas”, – deydi Xolboyev.

“Import monopollashadi, iste’molchilar qimmatroq to‘lashga majbur bo‘ladi”

Iqtisodchi Mirkomil Xolboyev fikrlarini davom ettirarkan, import kvotalari joriy etilishining ehtimoliy salbiy oqibatlariga yana bir bor to‘xtaldi.

“Kuchga kirishi kutilayotgan nizomga ko‘ra, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi kvotalarni qaysi importyorlarga bo‘lib berishni ham hal qiladi. Bu esa tabiiyki import ham yanada monopollashishiga olib keladi, ya’ni mavjud kvota biznes importyorlar uchun judayam foydali, shu sababli unga hamma egalik qilishga harakat qiladi, oxir-oqibat esa bu jarayon sohada korrupsiyaning yanada kuchayishi, ba’zi siyosiy jihatdan kuchli shaxslar yoki importyor firmalarning ta’siri yanada ortishiga olib keladi.

Oxir-oqibat hamma xarajatlarni iste’molchilar yuqoriroq narx bilan to‘lashga majbur bo‘ladi. Yoki milliy ishlab chiqaruvchilarning kvota o‘rnatish bo‘yicha takliflar bilan chiqishi mumkinligi ham xuddi shunday natijaga olib keladi”, – deydi u.

JSTga qo‘shilish katta ijobiy o‘zgarish yasamasligi mumkin

O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi bo‘yicha ishchi guruhning navbatdagi yig‘ilishi 2021 yil oxirigacha o‘tkazilishi aytilgan edi, yil tugashiga esa o‘n kun qoldi.
Foto: Jahon savdo tashkiloti

Iqtisodchi proteksionizm davom etishi sharoitida Jahon savdo tashkilotiga qo‘shilishdan iste’molchilarga katta naf bo‘lmasligidan xavotir bildirdi.

“Agar biz savdoni cheklashning yangi-yangi usullarini o‘ylab topaversak, unda xalqaro tashkilotlarga qo‘shilishimiz aslida iste’molchilar orziqib kutgan o‘zgarishlarni olib kelmaydi. Ya’ni xalqaro tashkilotga qo‘shilgan degan nomni olamiz, xolos. Amalda esa hech narsa o‘zgarmaydi.

Yana eng yomoni – davlat shu vaqtgacha import bojidan olib kelgan tushumlarini yo‘qotadi, lekin bu iste’molchilarga emas, balki o‘sha foydani qaysidir ma’noda import bilan shug‘ullanuvchilar hamda samarasiz ichki ishlab chiqaruvchilarga o‘tkazib bergan bo‘ladi, xolos.

Iste’molchilarni yanada kambag‘allashtiradigan tashqi savdoning bunday instrumentlari bizga umuman kerak emas, chunki shundoq ham tashqi savdo yopiqligi zararini iste’molchilar qariyb chorak asrdan buyon o‘z tanalarida his qilib kelmoqda. Bojlarni pasaytirib, uni kvota kabi boshqa to‘siqlar bilan almashtirish ularning hayotini yaxshilamaydi, balki yomonlashtirishi mumkin.

Xulosa shuki, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tarif kvotasini xalqaro tajriba deb ro‘kach qilsa-da, ochig‘i bizga bunaqa zararli xalqaro tajriba kerak emas. Ammo hechqisi yo‘q, xalqaro tajribaning ham faqat zararlilarini olishga o‘rganib qolganmiz. Iste’molchilar esa kambag‘allashishda davom etadi”, – dedi Mirkomil Xolboyev.

Iqtisodchi Behzod Hoshimov vazirlikning yuqoridagi raddiyasiga munosabat bildirish o‘rinsizligini, keltirilgan vajlar noto‘g‘ri ekanini ta’kidladi. Otabek Bakirov esa “bu yerda hech qanday raddiya ko‘rmagani”ni, ITSV “standart byurokratik gaplar bilan cheklangani”ni aytdi.

Mavzuga oid