O‘zbekiston | 22:21 / 24.12.2021
55616
2 daqiqa o‘qiladi

5 ming dollarga yollangan qotil ishi. Buyurtmachi qanday tuzoqqa tushirilgan edi?

Sirdaryoda tadbirkor o‘ziga raqobatchi bo‘lgan boshqa bir tadbirkorni killer yollab o‘ldirmoqchi bo‘ldi. Bu bo‘yicha ishni ko‘rgan sudya voqea tafsilotlarini Kun.uz'ga so‘zlab berdi.

2020 yil 7 dekabr kuni “X” ismli fuqaro ichki ishlar organiga ariza bilan murojaat qilib, tanishi tadbirkor J.Z. o‘ziga raqobatchi deb bilgan tadbirkor M.D.ni o‘ldirishga buyurtma qilib, evaziga 5000 AQSh dollari berishni va’da qilgani, taklifini rad qilgan taqdirda boshqa shaxslarni yollab bo‘lsa ham uni o‘ldirishini aytgani va oldindan 1000 AQSh dollari bermoqchi bo‘lganini ma’lum qilib, uni jinoyat sodir qilishga undayotgan J.Z.ga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

2020 yil 10 dekabr kuni Sirdaryo viloyati prokuraturasi, viloyat IIB va DXX boshqarmalari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Mutaxassislar yordamida tadbirkor M.D.ning roziligi bilan go‘yoki yuzi va boshiga tan jarohati yetkazilgani, bo‘ynidan bo‘g‘ib o‘ldirganlik holatiga keltirilgan.

Shundan so‘ng, “X” ismli shaxs Guliston shahrida joylashgan qabriston yaqinida tadbirkor M.D.ning qotillik alomatlari bilan yotgan, yuz va bosh qismi grim qilingan tanasi va uni vafot etgani sun’iy ravishda yaratilgan fotosuratini ko‘rsatgach, buyurtmachi tadbirkor J.Z. Mirzaobod tumani Bog‘iston mahallasi hududida unga 4000 AQSh dollarini bergan vaqtida ushlangan.

Ishni ko‘rib chiqqan jinoyat ishlari bo‘yicha Guliston shahar sudi sudyasi Ibrohim Qoraboyevning Kun.uz'ga ma’lum qilishicha J.Z. Jinoyat kodeksining 25, 28, 97-moddasi 1-qismida ko‘zda tutilgan jinoyatni sodir etgan deb topilib, 11 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilingan.

Mavzuga oid