O‘zbekiston | 16:38 / 25.12.2021
14209
4 daqiqa o‘qiladi

“Yuk tashish faoliyati uchun litsenziya olish talablarini kuchaytirish kerak”. YHXBB boshlig‘idan 7 ta taklif

Barcha yuk avtomobillarini “videoregistrator” moslamasi bilan jihozlash, ularning harakatlanishi ustidan jamoatchilik nazorati tizimini yo‘lga qo‘yish, yuk tashish faoliyati uchun litsenziya olish talablarini kuchaytirish taklif etildi.

Foto: Shutterstock

Toshkentda IIV YHXBB tomonidan yuk tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi, deya xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Yig‘ilishda so‘nggi vaqtda yuk tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchilarning yo‘l harakati qoidalarini mensimasligi va haydovchilik madaniyati yetarli emasligi sababli yo‘llarda yuk avtomobillari bilan bog‘liq YTH sodir etilayotgani aytildi.

YHXBB boshlig‘i Olim Saidov mazkur muammolarga barham berish va yuk tashish sohasini tartibga solish bo‘yicha 7 ta taklif bildirdi. 

“Birinchidan, yuk tashish faoliyatini amalga oshirish uchun ruxsatnoma (litsenziya) olishga bo‘lgan talablarni kuchaytirish kerak”, dedi polkovnik so‘zi avvalida.

Ikkinchi taklif – barcha avtokorxonalarning yuk transport vositalarini (ayniqsa, ishlab chiqarilganiga 10 yildan oshgan) navbatdan tashqari texnik ko‘rikdan o‘tkazish bilan bog‘liq.

Uchinchidan, yo‘llarda ma’muriy profilaktikani kuchaytirish maqsadida barcha yuk avtomobillarini “videoregistrator” moslamasi bilan jihozlash lozim.

“Avtokorxonalarda maxsus monitoring guruhlari tashkil etilib, videoregistratorlarga olingan qoidabuzarliklar Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining maxsus saytiga kunlik joylab boriladi. Mazkur videolarni yuborganlik uchun olingan mukofot pullari haydovchilarni rag‘batlantirishga yo‘naltiriladi”, dedi bosh boshqarma rahbari.

To‘rtinchidan, yuk avtomobillarining harakatlanishi ustidan jamoatchilik nazorati tizimini yo‘lga qo‘yish muhimligi aytildi.

“Bunda har bir avtomobilning yon va orqa qismiga maxsus yorliq o‘rnatilib, unda transport korxonasi rahbarining telefon raqami yoki telegram manzili ko‘rsatiladi va haydovchi tomonidan qoidabuzarlik sodir etilgan taqdirda fuqarolar bu holatni tasvirga olib, bu haqda rahbariyatiga xabar berishlari mumkin bo‘ladi”, dedi Olim Saidov.

Beshinchi taklif harakat xavfsizligini ta’minlashga mas’ul bo‘lgan idora vakillari ishtirokida “Telegram” guruhini tashkil etish va barcha muammoli masalalarning yechimini topishda hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va doimiy fikr almashib borish bo‘yicha bo‘ldi.

“Oltinchidan, haydovchilar tomonidan xizmati vaqtida mehnat kodeksiga rioya qilinishi, rulda uzluksiz bo‘lgan vaqti va masofasi belgilangan me’yorlardan oshmasligi ustidan doimiy nazorat olib borish. Bunda tashkilotlarning “harakat xavfsizligi” bo‘yicha nazorat qiluvchi xodimlarining (BD) mas’uliyatini kuchaytirish.

Yettinchidan, yuk avtomobillariga yo‘lning chetki chap bo‘lagida harakatlanishni taqiqlash, ushbu bo‘lakka faqatgina chapga burilish yoki ortga qayrilib olishda harakatlanishga ruxsat etishni Yo‘l harakati qoidalarida belgilash”, dedi YHXBB boshlig‘i.

Ma’lumot uchun, 2021 yilning o‘tgan 11 oyida respublikada sodir etilgan yo‘l-transport hodisalari soni 8 ming 731 tani tashkil etdi. Shundan 964 ta “avariya” (11 foiz) yuk avtomobillari ishtirokida yuz bergan. Joriy yil davomida yuk tashish bilan bog‘liq YTHlarda 396 kishi halok bo‘lgan, 804 nafar fuqaro jarohatlangan.

Mavzuga oid