Jamiyat | 13:37 / 28.12.2021
11127
3 daqiqa o‘qiladi

DXX Qoraqalpog‘iston, Sirdaryo va Namanganda giyohvand moddalarni musodara qildi

Davlat xavfsizlik xizmatining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Samarqand-Beruniy yo‘nalishida harakatlangan “Kobalt” rusumli avtomashina Xorazm viloyatidagi “Sarimoy” yo‘l-patrul xizmati maskanida to‘xtatilib, ko‘zdan kechirildi. 

Natijada, unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan, To‘rtko‘l tumanida yashovchi, 1981 yilda tug‘ilgan, muqaddam ikki marotaba sudlangan fuqaro yonida 1 kg “geroin” giyohvand moddasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Ma’lum bo‘lishicha, mazkur giyohvand modda tojikistonlik narkokurerlar tomonidan Samarqand viloyatining Urgut tumani hududiga kontrabanda yo‘li bilan o‘tkazilgan. 

Davlat xavfsizlik xizmatining Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda viloyat bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Xovos tumanida yashovchi, 2000 va 2002 yillarda tug‘ilgan 2 nafar fuqaro o‘zbek-tojik davlat chegarasi hududida to‘xtatilib tekshirilganda, ularning yonida 1 kg 815 gr “gashish” giyohvand moddasi borligi aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi. 

Aniqlanishicha, ular qo‘shni davlat hududiga noqonuniy o‘tib, tojikistonlik tanishlaridan narkotik moddani olib, O‘zbekistonga qaytishgan.

Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, ushbu narkotikning buyurtmachisi, 1985 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan shaxs ham qo‘lga olindi. 

Davlat xavfsizlik xizmatining Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlarining viloyat bojxona boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbirida esa Andijon-Namangan yo‘nalishida harakatlanib kelayotgan, Uychi tumanida yashovchi, 1979 yilda tug‘ilgan fuqaro boshqaruvidagi “Neksiya” rusumli avtomashina “Norin” yo‘l-patrul xizmati maskanida to‘xtatildi. 

Avtomashina ko‘zdan kechirilganda, uning salonida 942 gr “gashish” giyohvand moddasi borligi aniqlanib, o‘rnatilgan tartibda olib qo‘yildi. 

Aniqlanishicha, ushbu “gashish” moddasi qirg‘izistonlik narkokurerlar tomonidan Andijon viloyatiga olib o‘tilgan. 

Hozirda mazkur holatlar bo‘yicha Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid