O‘zbekiston | 18:55 / 31.12.2021
55420
6 daqiqa o‘qiladi

“2016 yil biznesdan chetlatildim, ishsiz qoldim, shofyor bo‘lishga ham tayyor edim...”

“Transformatsiya” ko‘rsatuvining galdagi mehmoni o‘z biznesini yerto‘lada boshlagan, 25 yilda biznesni 8 marta transformatsiya qilgan, muvaffaqiyatli tadbirkor Hasan Mamasaidov.

Decos, MFaktor, Impulse Business Hub asoschisi bundan 25 yil avval 10 ming dollar qarz evaziga boshlangan biznesi, qimmatga tushgan xatolari va muvaffaqiyatli biznesining sirlari haqida gapirib berdi.

Biznesda strategik xatolar

Biznesda kecha foyda bergan strategiya bugunga kelib natija bermasligi mumkin. Yirik oilaviy biznes egasining aytishicha, 25 yillik faoliyat davomida 8 marotaba transformatsiya amalga oshirilgan. Birgina MFactor loyihasining har bir sonida bunga alohida e’tibor beriladi: “Bizda tinimsiz transformatsiya olib boriladi. Kechagi qo‘llanmalarimizdan bugun qoniqmasligimiz kerak. Ishimizdan qoniqish hosil qilsak to‘xtab qolishimiz mumkin.

Biznesda strategiyani to‘g‘ri qo‘yish transformatsiya bilan bog‘liq. Shuncha yillik faoliyatimizda har 2-3 yilda ham botiniy (ichki), ham zohiriy (tashqi) transformatsiyani amalga oshirib kelamiz.

Transformatsiya aslida bu krizis degani. Inqirozga duch keldingmi, o‘zgarishing shart. Transformatsiya qilmasang sinasan! Dunyo o‘zgarishi uchun avvalo o‘zimiz o‘zgarishimiz zarur”.

Oilaviy biznesda ahillik va oqibat – konstitutsiyaning birinchi moddasi!

Oilaviy tarzda tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish oson emas, balki boshqalariga nisbatan mushkulroq ish. Ammo o‘zaro insoniylik qoidalariga amal qilinsa ortiqcha ko‘ngilsizliklarga yo‘l qo‘yilmaydi. Mamasaidovlar oilasining oilaviy kengashlari doim yozib olinadi va shu kunga qadar biror marta bu yozuvlarni qayta ko‘rishga sabab bo‘lmagan. Chunki o‘zaro qadriyatlar doim ustuvor hisoblanadi.

“Oilaviy kengashimizning videotasmalarga yozilishi esa bizdan keyingi avlodlarimiz uchun dastur bo‘lib xizmat qilsin deymiz. Ular ko‘rib kerakli ma’lumotlar olishi uchun yozuvlarni saqlab qo‘yamiz. Bu biz farzandlarning o‘rtamizda konfliktlar bo‘lmaydi degani emas. Ammo shunday vaziyatda boshqalar adolat nuqtayi nazaridan bahsga o‘rin qoldirishmaydi” deya izoh beradi Hasan Mamasaidov.

Biznesda olingan eng katta zarba – 400 000 dollarga tushgan 

Bugun yetakchi tadbirkorlardan biri bo‘lgan katta Mamasaidov oz emas, ko‘p emas naq 400 000 AQSh dollari miqdorida zarar ko‘rgani va bu paytda yaqinlarining qo‘llab-quvvatlashgani haqida eslab o‘tdi.

“O‘zbekiston bozorida xorijiy valutaning qimmatlashuvi oqibatida olingan mahsulotlarim narxida keskin o‘zgarish bo‘ldi va 400 ming dollar zarar ko‘rdim. “Qimmatga tushgan xatolar” nomli ko‘rsatuvimizda bu haqida batafsil to‘xtalganman. Shundan so‘ng 38 yoshimda biznesdan chetlashishga majbur bo‘ldim. 2016 yilda 2-marotaba biznesda shaxsiy krizisga uchradim. Moskvaga borib ish qidirdim, Korzinka, Artel,Ekopenda ishga olishmadi. Bir yil o‘tib - 2017 yilda yana biznesga qaytdim. Bu MFactor’ni yaratishga sabab bo‘ldi va bu loyiha menga omad olib keldi” deya xotirlaydi u.

O‘zbek mardikor emas, tadbirkor bo‘lsin – ish qidirib xorijga ketayotgan yoshlar haqida

Yoshlar ishlari agentligi bilan hamkorlikda respublika bo‘ylab o‘tkazilgan biznes marafonlarda taniqli va tajribali tadbirkorlar hamda yosh tadbirkorlar o‘rtasida uchrashuvlar tashkil qilindi. Ushbu spikerlardan biri – Mamasaidovlar oilasi vakillari bo‘ldi.

“O‘nlab tadbirkor-spikerlar respublikaning turli hududlarida o‘tkazilgan biznes marafonlarda tekinga borib yoshlarimizga ilm, qadriyat, ibrat tarqatib treninglar o‘tib berishdi. O‘zbekistonda limon bo‘lgan qatlam limonadga aylanishi kerak. Yoshlarimizning vaqti zoye ketmasin. Ularni to‘g‘ri yo‘naltirishimiz kerak.

Yurtimizda diskoteka- yu, narkotiklar ko‘paygandan ko‘ra tijoratchilarning, tadbirkorlarning, motivatorlarning ko‘paygani yaxshi. Chunki ular amalda yaxshi natijalarga erisha olishgani bilan o‘rnak bo‘la olishadi, yoshlarning munosabati o‘zgaradi.

O‘zbek deganda mardikorni emas, tadbirkorni tasavvur qilsin xorijdagilar. Bugun juda ko‘p yoshlarimiz kelajaklarini xorijda ishlash bilan bog‘layapti. Kecha uylanib, bugun oilasini, farzandlarini tashlab ishlash uchun ketishyapti yoshlarimiz. Qanchasi yo‘llarda, avtobuslarda halok bo‘lishyapti. Bilimi, tushunchasi, tajribasi, puli bo‘lsa hech kim istamaydi chet elda ishlashni.

Bugungi kuchimiz, shijoatimiz, tajribamiz g‘animat. Buni yoshlarga ulashishimiz kerak” dedi tadbirkor.

Shuningdek:

  • Somsa tarqatayotgan tadbirkorlar;
  • Olingan 10 ming dollar qarz qanday qaytarilgani haqida;

Transformatsiya ko‘rsatuvining jamiyatga berayotgan foydasi haqidagi izohlar uchun beriladigan o‘n millionlik vaucherlar kimga nasib qiladi?

Hasan Mamasaidovdan hayot kalendarini tuzish yuzasidan maslahatlarni ko‘rsatuvning to‘liq variantini ko‘rish orqali bilish mumkin.

Ko‘rsatuv homiysi: TezElon - tez toping, tez soting! 

Ko‘rsatuv muallifi va boshlovchi – Abbos Rizqiyev.

Tasvirchi – Mirvohid Mirrahimov.

Mavzuga oid