Jamiyat | 18:08 / 02.01.2022
14830
2 daqiqa o‘qiladi

Bo‘stonliqning tog‘ yo‘llarida bir necha kilometrlik tirbandlik yuzaga keldi

Bo‘stonliq tumanining tog‘li hududlaridagi dam olish maskanlariga tashrif buyuruvchilar soni keskin ortdi.

YHXBB xabar berishicha, dam olish maskanlari atrofidagi avtoturargohlar transportlar bilan to‘lgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda Amirsoy, Chorvoq, Chimyonga boradigan yo‘lda uzun tirbandliklar yuzaga kelgani aks etgan videolar tarqaldi. Videolarda dam olish maskanlariga olib boruvchi yo‘l yopilib, bir necha kilometrlik tirbandliklar yuzaga kelgani aytilgan va haydovchilarga u yerga bormaslik maslahat berilgan.

Eslatib o‘tamiz, Yangi yil bayrami munosabati bilan e’lon qilingan dam olish kunlari Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumaniga ko‘plab fuqarolar tashrif buyurishi kutilayotgani sababli avtomobil yo‘llarida tirbandliklarning oldini olish va harakat xavfsizligini ta’minlash maqsadida 2022 yil 5 yanvarga qadar Bo‘stonliq tumanining dam olish zonalaridan o‘tgan avtomobil yo‘llarida harakatlanish uchun ayrim cheklovlar kiritilgandi.

Xususan, avtotransport vositalarining oqimini hisobga olgan holda 4R6 Toshkent–Chimyon avtomobil yo‘lining 57–92 kilometrlari va 4R10 Chorvoq suv ombori halqa yo‘li avtomobil yo‘lining 0–12 kilometrlari oralig‘ida bir tomonlama harakatlanish joriy qilingan.

Mavzuga oid