Sport | 13:01 / 03.01.2022
24448
2 daqiqa o‘qiladi

Davlat mukofoti, 2 xonali uy va 250 million so‘m – Nodirbek Abdusattorov munosib taqdirlandi

Tezkor shaxmat (rapid) bo‘yicha eng yosh jahon chempioni, o‘zbekistonlik Nodirbek Abdusattorovga «Mard o‘g‘lon» davlat mukofoti hamda Toshkent shahrida 2 xonali uy kaliti topshirildi.

3 yanvar kuni Milliy Olimpiya qo‘mitasida shaxmatning rapid yo‘nalishi bo‘yicha jahon chempioni Nodirbek Abdusattorovni tabriklash marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov, prezidentning yoshlar, fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash va sport masalalari bo‘yicha maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov, bosh vazir o‘rinbosari, O‘zbekiston Shaxmat federatsiyasi raisi Aziz Abduhakimov, MOQ bosh kotibi Oybek Qosimov ishtirok etdi.

Prezidentning farmoniga muvofiq, Nodirbek Abdusattorov «Mard o‘g‘lon» davlat mukofoti bilan taqdirlangandi. Prezident masalahatchisi Abdujabbor Abduvohidov ushbu mukofotni tantanali ravishda topshirdi.

Shuningdek, unga sovg‘a qilingan 2 xonali xonadon kaliti topshirildi.

Shuningdek, chempionga 250 million so‘m, murabbiylarga 100 million so‘mdan, Varshavadagi jahon chempionatida blits yo‘nalishida ishtirok etib, sovrin uchun kurashgan Javohir Sindorovga 50 million so‘m, turnirda ishtirok etgan boshqa shaxmatchilar - Jahongir Vohidov va Shamsiddin Vohidovga ham pul mukofotlari berildi.

  • Dekabr oyi oxirida Varshavada bo‘lib o‘tgan tezkor shaxmat (rapid) bo‘yicha jahon chempionatida 17 yoshli Nodirbek Abdusattorov g‘alaba qozonib, musobaqa tarixidagi eng yosh chempion bo‘lgan edi.
  • 30 dekabr kuni shaxmatning rapid va blits yo‘nalishi bo‘yicha jahon chempionati g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda Abdusattorov shohsupa tepasiga ko‘tarildi va kubok hamda medalni qabul qilib oldi. Uning sharafiga O‘zbekiston madhiyasi yangradi.

Mavzuga oid