O‘zbekiston | 14:26 / 05.01.2022
41117
2 daqiqa o‘qiladi

Xorijga chiqish pasportini endi DXMlarda ham olish mumkin

Fuqarolarga xorijga chiqish pasportini berish Davlat xizmatlari markazlarida ham yo‘lga qo‘yildi. Pasport olish uchun to‘lov miqdori 324 ming so‘mdan 270 ming so‘mga tushirildi.

2022 yil 1 yanvardan boshlab O‘zbekiston fuqarolariga xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish va berish muqobil ravishda (ichki ishlar bo‘limlari bilan bir vaqtda) Davlat xizmatlari markazlari orqali ham amalga oshiriladi.

Shuningdek, 1 yanvardan boshlab xorijga chiqish uchun biometrik pasport berish uchun to‘lov miqdori BHMning 1,2 baravari (324 ming so‘m)dan 1 baravari (270 ming so‘m)ga tushirildi.

Ayni vaqtda xorijga chiqish biometrik pasportini berish xizmati Toshkent shahrining qator tumanlaridagi va asosan viloyat markazlaridagi Davlat xizmatlari markazlarida yo‘lga qo‘yilgan.

Davlat xizmatlari agentligi ma’lum qilishicha, 2022 yil yakuniga qadar bosqichma-bosqich barcha Davlat xizmatlari markazlarida ushbu imkoniyatni yaratish rejalashtirilgan.

Xorijga chiqish biometrik pasportini berish xizmati joriy etilgan Davlat xizmatlari markazlari ro‘yxati:

  • Toshkent shahri Mirobod, Yashnobod, Uchtepa, Olmazor, Shayxontohur, Yangihayot, Chilonzor tumanlari Davlat xizmatlari markazlarida (6 yanvardan Yakkasaroy, Yunusobod, Sergeli, Mirzo Ulug‘bek tumanlari Davlat xizmatlari markazlarida);
  • Samarqand shahar Davlat xizmatlari markazida;
  • Andijon shahar Davlat xizmatlari markazida;
  • Farg‘ona shahar Davlat xizmatlari markazida;
  • Urganch shahar Davlat xizmatlari markazida;
  • Jizzax shahar Davlat xizmatlari markazida;
  • Qarshi shahar va Shahrisabz shahar Davlat xizmatlari markazlarida;
  • Termiz shahar va Denov tumani Davlat xizmatlari markazlarida;
  • Buxoro shahar Davlat xizmatlari markazida;
  • Guliston shahar Davlat xizmatlari markazida;
  • Nurafshon shahar Davlat xizmatlari markazida;
  • Navoiy shahar Davlat xizmatlari markazida.

Ma’lumot uchun, Markazlarda pasport berish xizmati eksterritoriallik tamoyili asosida, ya’ni fuqarolarning doimiy ro‘yxatdan o‘tgan joyidan qat’i nazar taqdim etiladi.

Mavzuga oid