O‘zbekiston | 11:02 / 06.01.2022
17798
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev va Qosim-Jomart To‘qayev telefon orqali muloqot qildi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev o‘rtasida telefon orqali muloqot bo‘lib o‘tdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabariga ko‘ra, suhbatda davlat rahbarlari Qozog‘istondagi vaziyatning rivojlanishi, respublikadagi holatni barqarorlashtirish, tez fursatda tinchlik va osoyishtalikni qayta tiklash borasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan fikr almashdi.

O‘zbekiston yetakchisi Qozog‘istonning birodar xalqi va rahbariyatini ularning mamlakat barqarorligi va farovonligini ta’minlash yo‘lidagi sa’y-harakatlarida doimo qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor tasdiqladi, deyiladi ma’lumotda.

Avvalroq, Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotining Kollektiv xavfsizlik kengashi tashkilotga a’zo bo‘lgan davlatda tartib o‘rnatish uchun Qozog‘istonga tinchlikparvar kontingent yuborishga qaror qilgandi.

5 yanvar kuni Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Qozog‘istondagi tartibsizliklarga sababchi bo‘lgan terrorchi to‘dalar «mohiyatan xalqaro bo‘lib, ular xorijda jiddiy tayyorgarlikdan o‘tgani, ularning Qozog‘istonga hujumini esa tajovuzkorlik harakati sifatida ko‘rish mumkin va kerak»ligini aytgandi.

Mang‘istau oblastida 2 yanvardan beri aholi suyultirilgan gaz narxi oshirilganiga qarshi norozilik mitinglari o‘tkazmoqda. Norozilik namoyishlariga Qozog‘istonning boshqa shaharlari aholisi ham qo‘shilgan.

Mavzuga oid