Jahon | 12:44 / 10.01.2022
30675
6 daqiqa o‘qiladi

Janao‘zen – norozilik ramziga aylangan shahar. Qozog‘istondagi avvalgi namoyishlar ham shu yerdan boshlangan

2 yanvar kuni tongda Qozog‘istonning 100 ming odam yashaydigan Janao‘zen shahrida suyultirilgan gaz narxi birdaniga ikki baravar ko‘tarilganidan norozi bo‘lgan odamlar namoyishga chiqdi. Ertasiga esa namoyish butun mamlakatga tarqaldi. Mang‘istau viloyati markazi bo‘lgan Janao‘zen birinchi marta xalqaro xabarlar markaziga tushayotgani yo‘q. Janao‘zenni Qozog‘istonda odamlar hukumatdan noroziligining ramzi deb atashadi.

Neftchilar shahri

Janao‘zen yangi shahar deyish mumkin. Shahar 1964 yilda barpo etilgan. 1968 yildan 1993 yilgacha shaharni «Yangi O‘zan» deb atashgan. Kaspiy dengizi bo‘yidagi Mang‘istau viloyati markazi bo‘lgan Janao‘zen neftchilar shahri hisoblanadi. Shahar gerbida ham neft minorasi, yonib turgan gaz va kimyoviy qayta ishlash hududi ekanini anglatuvchi probirka tasvirlangan.

Janao‘zen shahri va unga tutash shaharchalarda 150 ming odam yashaydi. Hududda uchta yirik neft qazib oluvchi zavod bor, lekin aholisining aksar qismi kambag‘allikda yashaydi. Oziq-ovqat narxi qimmat, chunki deyarli hamma narsani boshqa hududlardan olib kelishadi. Shaharda ishsizlik darajasi yuqori, uy-joy masalasi ham muammoli.

Shahar aholisining 98 foizini qozoqlar tashkil etadi. Iqlimi keskin o‘zgaruvchan: yozda 50 daraja issiq bo‘ladi, qish ham ayozli keladi. Mahalliy aholi o‘z hududida joylashgan neftni qazib oluvchi zavodlarda ishlash uchun bir necha yildan buyon xitoyliklar bilan raqobatlashishiga to‘g‘ri kelmoqda.

Shahardagi ijtimoiy-siyosiy holat Qozog‘istonning boshqa tinch hududlaridan keskin farq qiladi. Bu hudud ko‘pchilik qozog‘istonliklarning fikricha, hukumat fuqarolarga nisbatan adolat qilmayotganining ramziga aylangan. Sobiq ittifoq vaqtida ham, Nazarboyev boshqaruvidagi Qozog‘istonda ham shunday bo‘lib kelgan. Ko‘rinib turibdiki, bunday munosabat To‘qayev kelgach ham o‘zgarmagan.

Ijtimoiy talablar ortidan etnik to‘qnashuvlar

1989 yil Janao‘zenda qozoqlar va kavkazliklar o‘rtasida to‘qnashuv sodir bo‘ladi. O‘sha yili hududda qozoqlar ilk marta aholining 50 foizini tashkil etgandi. Ungacha qozoqlar ozchilik bo‘lgan. Keyinroq ijtimoiy hayotni, shahar infratuzilmasini yaxshilashni talab qilgan odamlar norozilik namoyishlari tashkil etadi. Ularda 25-30 ming atrofida odam qatnashadi. Bu o‘sha vaqtda hududda yashagan yoshi katta aholining deyarli yarmi edi.

Janao‘zendagi namoyishlarni bostirish uchun SSSR rahbariyati «Vityaz» maxsus harbiy guruhini jalb qiladi. Militsiya hamda harbiylar zirhli texnikalar, tank va harbiy vertolyotlarda harakatlana boshlaydi. To‘qnashuvlar oqibatida rasman 16 kishi halok bo‘lgani, 100dan ortiq odam yaralangani aytilgan. Shaharda bir oy davomida komendantlik soati joriy etilgandi.

Janao‘zen nomini eshitgan Nursulton Nazarboyev doim bir seskanib tushsa kerak. Axir isyonkor hududdagi namoyishlarning ayovsiz bostirilishi Nazarboyev prezidentligining ilk kunlariga to‘g‘ri keladi. Nazarboyevning marhum kuyovi Rohat Aliyev intervyularidan birida qaynotasi Janao‘zen namoyishlarini bostirish bo‘yicha barcha arxiv hujjatlarini yo‘q qildirganini aytgandi.

Maosh sabab otishma

2011 yil zamonaviy Qozog‘iston tarixidagi (2022 yil 2 yanvarga qadar) eng yirik namoyishlar o‘tkaziladi. Yana Janao‘zenda. Birinchi yarim yillikda neftchilar ish tashlash o‘tkazadi. Keyinroq ularga yana 15 ming ishchi qo‘shiladi.

2011 yil 16 dekabrda kuchishlatar tuzilmalar Janao‘zen bosh maydonida yig‘ilgan neftchilarga o‘t ochgandi / TASS

Gap shundaki, davlatga qarashli «KazMunayGaz» neft qazib oluvchi kompaniya ishchilari ularga buxgalteriya hisobotlarida oyiga 400 ming tenge maosh yozilayotganini bilib qoladi. Aslida esa ularga 150 ming tenge miqdorida maosh to‘langan.

7 oy davom etgan namoyishlarga qaramay, ishchilarning dardi eshitilmaydi. Namoyishchilarning yonini olgan huquqshunos Natalya Sokolova 6 yilga qamaladi. Ish tashlash yetakchilaridan bo‘lgan Jakshilik Tubayevni ishchilar vagonida noma’lum shaxslar urib o‘ldiradi.

Tergovdan keyin 5 nafar politsiya xodimi mansab vakolati chegarasidan chiqqani uchun qamaladi. Namoyishchilardan 37 nafari 3 yildan 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinadi.

2011 yilgi namoyishlarda Janao‘zen hokimligi binosiga o‘t qo‘yilgandi / TASS 

2012 yilda odamlar yana namoyishga chiqib, ishchilar orasida qisqartirishlarni bas qilib, qo‘lga olinganlarni qo‘yib yuborishni talab qilishadi. Ammo harbiylar bu gal namoyishlarni tezda tinchitadi. 2016 yil butun mamlakatda bo‘lgani kabi Janao‘zenda ham xalq yangi Yer kodeksiga qarshi namoyishga chiqadi. Unga ko‘ra, xalq endilikda yerni davlatdan faqat sotib olishi, ijaraga ololmasligi belgilangan edi. Shuningdek, yangi kodeks yerni xorijliklarga sotish huquqini berardi. Hukumat odamlar pul uchun namoyishga chiqdi degan iddao bilan namoyishlarni bostiradi.

2021 yilda ham Mang‘istaudagilar tinch turishmaydi. Huquq faollarining hisoblashicha, viloyatda odamlar kamida 10 marta ish sharoiti va hayot tarzini yaxshilashni talab qilib mitingga chiqqan.

2022 yil 2 yanvarda Janao‘zenda suyultirilgan gaz narxi oshishi sabab boshlangan namoyishlar esa mamlakat tarixidagi ko‘z ko‘rib quloq eshitmagan voqealarga sabab bo‘ldi. Butun mamlakatga tarqalgan namoyishlar ortidan Nazarboyev Xavfsizlik kengashi raisligidan ketdi, butun boshli hukumat iste’foga chiqarildi, Nazarboyevning ishongan odamlaridan bo‘lgan Karim Masimov avvaliga Xavfsizlik qo‘mitasi rahbarligidan ketdi, ko‘p o‘tmay davlatga xiyonat bo‘yicha ayblov bilan qo‘lga olindi, Rossiya boshchiligidagi Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti harbiylari Qozog‘istonga kirdi.

Mavzuga oid