Sport | 20:01 / 10.01.2022
11923
2 daqiqa o‘qiladi

«Paxtakor» Piter Hyuistra bilan xayrlashdi

«Paxtakor» klubi jamoa bosh murabbiyi Piter Hyuistra bilan xayrlashganini rasman tasdiqladi.

Foto: Tribuna.uz

«Jamoamizni o‘tgan mavsumda boshqargan gollandiyalik mutaxassis bilan shartnoma uzaytirilmadi.

«Paxtakor» klubi tizimida 4,5 yil ishlagan va 2021 yil bosh murabbiy sifatida faoliyat olib borgan Piter Hyuistra bilan shartnoma uzaytirmasligi to‘g‘risida klub rahbariyati qaror qildi. «Paxtakor» futbol klubi Piter Hyuistra va u bilan birga mehnat qilgan Gocha Tkebuchava va Laslo Yamborga jamoamizda amalga oshirgan ishlari uchun minnatdorchilik bildirib, ularning keyingi faoliyatiga omad tilaydi. Tez orada jamoamizning yangi bosh murabbiyi nomi e’lon qilinadi», - deyiladi klub xabarida.

Avvalroq, Tribuna.uz toshkentliklar rahbariyati Hyuistra bilan yangi shartnoma borasida kelishuvga erishmagani va uning o‘rnini 47 yoshli shimoliy makedoniyalik Slavche Voyneski egallashi mumkinligi haqida xabar bergan edi.

Ma’lumot uchun, 54 yoshli niderlandiyalik mutaxassis 2017 yildan buyon «Paxtakor» murabbiylar shtabida faoliyat yuritib, 2020 yil yakunida Shota Arveladze jamoani tark etgach 2021 yildan buyon klubni boshqarmoqda. Murabbiyning yillik maoshi 350 ming yevroni tashkil etishi e’lon qilingandi.

Hyuistra bir oy avval, dekabrda Samarqandda o‘tgan O‘zbekiston kubogi finali doirasidagi «Paxtakor» - «Nasaf» (1:2) o‘yinidan keyingi matbuot anjumanida Tribuna.uz muxbirining final uning O‘zbekistondagi so‘nggi o‘yini bo‘lgani va klubda qolishi haqidagi savolga javoban xorijlik murabbiy Toshkent klubida qolmoqchi ekani va muzokaralarda aniq bo‘lishi haqida gapirgandi.

Mavzuga oid