Jahon | 21:06 / 14.01.2022
59241
18 daqiqa o‘qiladi

«Soxta pullarni boyish uchun yasamaganman» - SSSRning birinchi raqamli qalbaki pul tayyorlovchisi

Insoniyat pul ishlata boshlagandan buyon mug‘ombirlar soxta pul yasashga urinib keladi. Albatta, bu ishning oxiri voy. SSSRda 70-yillarda soxta pul tayyorlash bilan shug‘ullangan Viktor Baranov ham fosh etilgach, 12 yilga qamalgan.

SSSR shunday mamlakat bo‘lganki, bu yerda shov-shuvli voqealar ommadan yashirilgan. O‘tgan asrning 70-yillarida mamlakatni ulug‘lovchi «targ‘ibot mashinasi» faol ishlagani uchun SSSRda soxta pul tayyorlanganiga odamlarni ishontirib bo‘lmasdi. Ammo bu ishni qilganlar va o‘z vaqtida u yaxshigina shov-shuvlarni keltirib chiqargandi.

Soxta pullarning aniqlanishi

1974 yilda SSSRning bir qancha hududlarida bank xodimlari pullar orasidan 25 va 50 rubllik soxta banknotlar chiqayotgani haqida organ xodimlariga xabar berishadi. O‘sha paytda bu xabar ularni ham hayron qoldiradi. «Ulug‘ sovet mamlakati»da bu ishga kim jur’at qilgan bo‘lsa?!

Bu ish muhim bo‘lgani uchun uni KGB xodimlari o‘z nazoratiga oladi va ichki ishlar xodimlari bilan hamkorlikda soxta pullarni chiqarayotgan shaxsni izlay boshlashadi.

Foto: stock.adobe.com
Foto: stock.adobe.com

Mamlakatdagi barcha bank bo‘limlarida saqlanayotgan pullar tekshirib chiqiladi. Qabul qilinayotgan pullarni sinchkovlik bilan ko‘zdan kechirish joriy qilinadi. Shu tariqa, uch yilda Vilnyusdan tortib Toshkentgacha, mamlakatning jami 70 ta shahrida 46 dona 50 rubllik, 415 dona 25 rubllik soxta pullar muomalada yurgani aniqlanadi.

Soxta pullar mutaxassislar tomonidan tekshirib ko‘rilganda ular aslidan qariyb farq qilmasligi ma’lum bo‘ladi. Avvaliga organ xodimlari bu pullarni «Davlat belgisi» (Gosznak) korxonasida ishlovchilardan biri tayyorlagan yoki xodimlar korxona uskunalarini yashirincha o‘g‘irlab sotgan, degan gumonga ham borishadi.

«Davlat belgisi» korxonasining barcha xodimlari tekshirib chiqiladi, ammo soxta pullarga ularning aloqadorligi o‘z isbotini topmaydi. Shundan so‘ng soxta pullar amerikaliklar yordamida tayyorlangan, degan taxminlar ham bildiriladi. Ammo bu taxmin ham asossiz bo‘lib chiqadi.

KGB va militsiya ming urinmasin, uch yilda ham hech qanday natijaga erisha olmaydi. Soxta pullar muomalaga kiritilishda davom etadi va ular qayerda, kimlar tomonidan tayyorlanayapti, mavhum qolaveradi. Oxir-oqibat soxta pul yasovchi shaxs kichik bir xatoga yo‘l qo‘yadi va uni tezda topib, qo‘lga olishadi.

Soxta pul yasovchining ushlanishi

1977 yilda Stavropol o‘lkasi va Kavkazning boshqa hududlarida uch oy ichida 86 dona 25 rubllik soxta pul muomalada yurgani aniqlanadi va asosiy e’tibor shu hududlarga qaratiladi.

Hududdagi barcha magazinlar hamda boshqa savdo nuqtalari, bozorlarda savdo qiluvchilarga xaridorlar berayotgan pullarni tekshirib olish va shubhali ko‘ringan pullar haqida darhol militsiya xodimlariga xabar berish tayinlanadi.

Foto: stock.adobe.com
Foto: stock.adobe.com

1977 yil 12 aprel kuni Shimoliy Kavkazda joylashgan Qorachoy-Cherkessk avtonom respublikasi markazi Cherkessk shahridagi bozorda go‘sht sotib turgan qassob xaridorlardan biri berib ketgan 25 rubllik puldan shubhalanadi. U darhol shu atrofda yurgan militsiya xodimlariga xabar beradi.

Qassobdan xaridorning ko‘rinishi haqida ma’lumot olgan militsiya xodimlari hali bozordan chiqib ketishga ulgurmagan gumonlanuvchini ushlashadi. Yigitni bo‘limga olib borib tintib ko‘rishganda uning yonidan 77 dona 25 so‘mlik banknotlar chiqadi va ular tekshirib ko‘rilganda soxta ekanligi ma’lum bo‘ladi.

Avvaliga yigitni soxta pul ishlab chiqaruvchilar yollagan, u pullarni muomalaga kirituvchi yordamchi bo‘lsa kerak, deb o‘ylashadi. Undan olingan pullar ekspertizadan o‘tkazilguncha yigitni qamoqda saqlashga qaror qilishadi. Shunda u soxta pullarni o‘zi yasaganini aytadi. Tabiiyki, militsiya asliga yaqin qilib ishlangan pullarni tayyorlash bir kishining qo‘lidan kelmaydi, deb unga ishonmaydi.

Dastlabki surishtiruvlarda hech qayerda ishlamaydigan bu yigit Stavropol o‘lkasida yashovchi 36 yoshli Viktor Baranov ekani ma’lum bo‘ladi. Uning uyini tintib ko‘rishganda 23 525 rubl miqdordagi 25 va 50 rubllik soxta pullar borligi aniqlanadi.

Foto: kopipast.ru

Yoshligidan pul yasashga qiziqqan Viktor

Viktor Baranov yoshligida rassomchilikka va turli eski pullarni yig‘ishga qiziqadi. Uning eng sevimli mashg‘uloti pullarning suratini asliga o‘xshatib chizish edi. Yettinchi sinfdan keyin qurilish texnikumida o‘qigan Viktor qanday qilib bo‘lsa ham pul tayyorlash haqida o‘ylay boshlaydi. Lekin bu borada umuman bilimi yo‘q edi. Shu sababli eng avval matbaa va sinkografiya haqida yozilgan kitoblarni o‘qiydi va o‘z bilimlarini oshiradi. Bu orada slesarlikni o‘rganadi va bu unga pul chiqarish uskunalarini yasashda asqotadi.

Oradan biroz vaqt o‘tgach, u ma’lum muddat Stavropol o‘lka qo‘mitasida haydovchi bo‘lib ishlaydi va o‘sha paytda o‘lka partiya qo‘mitasi rahbari bo‘lgan Mixail Gorbachyovni ham olib yuradi.

U haydovchilik bilan birga uyi yaqinidagi tashlandiq saroyda o‘zining ta’biri bilan aytganda «ilmiy-tadqiqot laboratoriya»sini tashkil etadi va ishlarni boshlab yuboradi.

Foto: FLB.ru

U pul tayyorlash sirlarini yetarlicha o‘rganishi va uskunalarni tayyorlashi uchun 4 yil kerak bo‘ladi. Viktor pul chop etadigan uskunaning chizmasini tayyorlab, so‘ng Stavropoldagi turli zavodlarga borib ehtiyot qismlar yasatadi. Ularni laboratoriyasida yig‘ib chiqadi. Uskunaning chop etuvchi klishelariga pul bezaklarini o‘zi tushiradi.

«Stavropol o‘lka qo‘mitasida haydovchilik qilib yurganimda laboratoriyada ishlash uchun ko‘p vaqtim bo‘lmasdi. Pul chop etadigan uskunani tayyorlash shunchalik qiziqtirib qo‘ydi va men haydovchilikdan bo‘shab, o‘t o‘chiruvchi bo‘lib ishga kirdim. Shundan so‘ng bir sutka ishda bo‘lsam, ikki sutka laboratoriyada ishlash imkoniyatiga ega bo‘ldim», degandi u.

Viktorning laboratoriyadan chiqmasdan ishlashi, tabiiyki, qo‘shnilarni, do‘stlarini shubhalantirishi mumkin edi. Shu sababli u haftaning ma’lum kunlarini «ochiq eshiklar kuni» deb e’lon qiladi va o‘sha kunlarda oldiga kelgan tanishlarga u o‘z slesarlik mahoratini ko‘rsatadi. Boshqa paytlarda esa pul chop etadigan uskuna klishelariga (temir muhr) pullarning bezaklarini o‘yish bilan shug‘ullanadi.

Foto: FLB.ru

Faqat 25 va 50 rubllik pullar

U 1961 yilda muomalaga kiritilgan 10, 25, 50 va 100 rubllik banknotlarni yaxshilab o‘rganadi. Viktorga 100 rubllik banknotni yasash qiyin tuyuladi. Bundan tashqari bu pulga hamma joyda ham qaytim topilavermasdi. 10 rubllik puldan qiymati ozligi uchun voz kechadi va 25 hamda 50 rubllik banknotlarni yasashni rejalashtiradi. Viktor pullarda ishlatilgan ranglarni asliga o‘xshatib tayyorlash va klishega bezaklarni tushirish uchun sutkalab laboratoriyasidan chiqmasdan ishlaydi.

Foto: FLB.ru

Uskuna va buyoqlar tayyor bo‘lgach, Viktor aql bilan ish tutadi va pullarni ko‘p chop etmaydi. Avvaliga kundalik ehtiyojlari uchun, keyinchalik esa ro‘zg‘orini butlash uchun kerak bo‘ladigan miqdorda pul tayyorlaydi.

«Men cho‘ntaklarimni pullarga to‘ldirib restoranlarga bormadim, chekmadim, ichmadim, qizlar bilan yurmadim. Uyda televizor yo‘q, kichik bir muzlatkichimiz bor edi, xolos. Men avvalo uyga kerakli jihozlar oldim. Xotinim bir gal pullarni qayerdan olayotganimni so‘radi. Men unga o‘zimni kichik ixtirolarimni zavodlarga yaxshigina pullarga sotayotganimni aytdim, u ishondi. Xotinimga ko‘p pul bermasdim, 25, 30 rubl, gohida 50 rubl berardim», deb eslaydi u.

Viktor yaqinlariga soxta pullarni ko‘rsatmagan, ularga har doim qaytimga berilgan haqiqiy pullardan bergan. U o‘zi chop etgan pullarni turli narsalarni xarid qilish uchun ishlatar ekan, sotuvchilar u berayotgan taxi buzilmagan banknotlarni xursand bo‘lib olishgan.

Foto: FLB.ru

Viktor pullarni faqat Stavropol o‘lkasida ishlatsa osongina qo‘lga tushishi mumkinligini o‘ylab, tez-tez boshqa shaharlarga sayohat qilib turgan.

«Bir gal Simferopolga sayohat qilib borganimda u yerda 5 ming rubl soxta pulni o‘g‘irlatganman. Ko‘chada pomidor sotib o‘tirgan kampirdan pomidor oldim. So‘ng biroz yurib avtomat budkadan uyga telefon qildim. Gaplashib bo‘lgach, ichida 5 ming rubl bo‘lgan sumkam kampirning oldida qolib ketganini esladim. Telefon budkasidan chiqib, u o‘tirgan tomonga qarab yugurdim. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, kampir ham, sumkam ham yo‘q edi. Shundan keyin uyga qaytdim va xarajatlar uchun yana pul tayyorladim», degandi Viktor.

Kichik xato va sirtmoq

U navbatdagi pullarni tayyorlashda o‘zi bilmagan holda xatoga yo‘l qo‘yadi. 25 rubllik pulning himoya qatlamini yasayotganida klisher teskari o‘rnatiladi va Viktor buni sezmaydi. Oqibatda pul chop etilgandan keyin himoya qatlami yuzasidagi to‘lqinsimon belgi ko‘tarilish o‘rniga pastga tushib qoladi. Viktor buni pulni chop etib bo‘lgandan keyin biladi. Ammo o‘rniga boshqa pul tayyorlashga erinib, ularni ishlatib yuboradi.

Foto: FLB.ru

Bank kassiri pullarni taxlab sanayotganda aynan shu pullardan birini sezib qoladi va darhol militsiyaga xabar beradi. Bu safar militsiya soxta pulda qanday kamchilik borligini aniq biladi va bu haqda yashirincha hammaga xabar jo‘natadi. O‘zini sinchkovlik bilan izlashayotganidan bexabar Viktor esa o‘sha 25 rubllik pullarni ishlatib yuraveradi. Oradan ikki oy o‘tib, u qo‘lga olinadi.

Cherkessk shahridagi bozorda go‘sht sotib turgan qassob ham Viktor bergan pulning aynan o‘sha kamchiligidan tanib qoladi va uni militsiyaga ushlab beradi.

Tergov va qamoq

Tergov davomida tergovchilar Viktordan soxta banknotlarni qachon tayyorlay boshlagani va qancha miqdorda chiqargani haqida so‘rashganida u o‘zi tayyorlagan soxta pullarni miqdorini hisoblab yurmaganini aytadi. Mutaxassislar esa u taxminan 35-40 ming rubl atrofida soxta pul chiqargan, degan xulosaga keladi. O‘sha paytda bu juda katta pul hisoblanardi.

«Meni Cherkesskdan Stavropolga xuddi ministrlarday olib ketishdi: oldinda ikkita militsiya mashinasi, ularning ortidan biz borardik. Stavropolga yetganda militsiya xodimlarini darhol «ilmiy-tadqiqot laboratoriyam»ga joylashgan eski binoga boshlab bordim. U yerda militsiyaga pullarni qanday tayyorlaganimni ko‘rsatdim va bir necha dona banknot tayyorlab ko‘rsatdim. Ana shunda ular pullarni bir o‘zim chiqarganimga ishonishdi», deb eslagandi Viktor, keyinchalik.

Foto: FLB.ru

Militsiya Viktorning laboratoriyasini tintuv qilib, bir necha yillik tadqiqotlar yozilgan beshta daftar, muomalaga chiqarish uchun tayyorlab qo‘yilgan pullarni topadi. Bundan tashqari u yerda pullarni chop etish uchun ishlatilgan tipografiya uskunasi va qog‘ozlar hamda turli rangdagi bo‘yoqlar solingan idishlar xatlab olinadi.

Foto: FLB.ru

Dastlabki tergov tugagandan so‘ng Viktorni Moskvaga olib ketishadi va ashaddiy jinoyatchilar saqlanadigan Butirka qamoqxonasiga tiqib qo‘yishadi. Uni har kuni soxta pullar bo‘yicha mutaxassislar so‘roq qilishadi va klishelar, pul chop etadigan uskunalarni, mos bo‘yoqlarni qanday qilib tayyorlagani haqida ko‘rsatmalar olishadi.

«Butirkada menga soxta pullar kolleksiyasini ko‘rsatishdi. Birorta kupyurada men haqiqiy ustaning qo‘lini ko‘rmadim, shunchaki «akula»lar yasagan. Agar men boyish istagida bu ishga qo‘l urganimda, bir hafta ichida milliarder bo‘lib, «suvga tushgan toshdek» jimib ketardim. Lekin men aslida ko‘p narsaga qodir ekanligimni o‘z-o‘zimga isbotlashni istadim. Shuning uchun shoshilmadim. Suvli belgilarni uch yarim yilda ixtiro qildim, bo‘yoq yasashga ikki yarim yil sarfladim, chop etish esa ish emas edi. Pulni yasashni nimadan boshlaganimni aytib beraymi? Men ularni sevib qoldim! Umuman, qog‘oz pul inson o‘ylab topgan eng oliy narsa deb bilaman. Tsivilizatsiyasining cho‘qqisi, «Monblan»i! Insoniyat ming yildan buyon uni tish-tirnog‘igacha qurollantirib, atrofiga himoya handaqlari qazib, uni egallab bo‘lmas qal’aga aylantirish ustida bosh qotirib keladi. Men shunchaki o‘z qo‘llarim bilan bu qal’ani vayron qilmoqchi bo‘ldim... Siz kupyurani tayyor shaklda ko‘rasiz va hech qachon uning naqadar chiroyli ekanligini tushunmaysiz. Agar butun tayyorlash jarayoni bo‘laklarga bo‘linsa va har bir naqsh alohida ajratilsa bormi... Tasavvur qilish qiyin — ularning har biri o‘ziga xos jonivordek. Har bir kupyura fantastik jonivorlar jamlangan qo‘riqxonaga o‘xshaydi. Birgina suvli belgining tayyorlanishi — sehrli, aytish mumkinki, shoirona jarayon. Polkovnik Lukashov tergov tajribasi jarayonida oq qog‘ozda yulduzchalar tasviri paydo bo‘lganini o‘z ko‘zi bilan ko‘rganida hayratdan taxta bo‘lib qolgan edi, belgi bekorga «suvli» deb atalmaydi-da. Go‘zallik shundaki, u yo‘q joydan paydo bo‘ladi. Biroq faqat haqiqiy ustaning qo‘lida paydo bo‘ladi», — degan edi Baranov.

Viktordan olingan soxta pullar ekspertizadan o‘tkazilganda mutaxassislar ularning haqiqiy pullarga juda yaqin qilib tayyorlanganini ko‘rib hayratda qolishadi.

Foto: FLB.ru

O‘shanda «Davlat belgisi» korxonasi texnologi «Baranov tomonidan 25 va 50 rubllik pullar haqiqiysiga juda o‘xshash qilib tayyorlangan. Ularni tanib olish qiyin. Odamlar bu pullarni deb haqiqiy pullarga ham ishonchni yo‘qotmasligi uchun ularning hammasini topib yo‘q qilish kerak», deb rasmiy xulosa beradi.

Bundan tashqari, «Davlat belgisi» korxonasi texnologlari Viktordan u tayyorlagan bo‘yoqlarning retseptlarini olishadi. Shundan so‘ng, 1978 yildan 1991 yil, SSSR tarqab ketguncha «Davlat belgisi» korxonasi aynan pullarga Viktorning retsepti bo‘yicha tayyorlangan bo‘yoq bilan rang beradi. U tarixda «Baranov bo‘yog‘i» nomi bilan ataladi.

Foto: FLB.ru

Tergov tugagandan so‘ng Viktorni sud qilib RSFSR Jinoyat kodeksining 87-moddasi bilan aybdor deb topishadi. Bu moddaga ko‘ra, 3 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi ko‘zda tutilgan edi. Davlat ayblovchisi unga maksimal jazo — 15 yil so‘raydi. Ammo Stavropol o‘lka sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sud hay’ati Baranovning chin ko‘ngildan pushaymonligi, tergovga bergan yordami va Goznak bilan hamkorligini hisobga oladi, ammo qilmishning jamiyat uchun xavfliligini inobatga olib, 12 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlaydi.

Uning soxta pul tayyorlovchi uskunalari Moskvadagi IIV muzeyidan o‘rin oladi.

Qamoqdan keyingi tinch hayot

1990 yil Viktor qamoqda o‘tirganiga 10 yildan oshganda muddatidan avval ozod qilinadi. Ungacha esa qamoqda o‘tirganida uning oldiga «Davlat belgisi» korxonasi texnologlari kelishadi va Viktor ularga o‘zi tayyorlagan bo‘yoq retseptini yanada takomillashtirib beradi.

Hatto bir gal o‘sha paytda SSSR Ichki ishlar vaziri bo‘lib ishlagan Nikolay Shchyolokovning shaxsan o‘zi undan pullarning himoya qatlamini takomillashtirib berishda yordam so‘raydi. Viktor u aytgan ishni bajarib bergani uchun qamoq muddatidan 2 yilni qisqartirishadi.

1990 yilda qamoqdan qaytgach, Viktor uyiga qaytib boradi va shahardagi korxonalardan biriga ishga kiradi. Bu paytga kelib xotini u bilan ajrashgan edi.

Tez orada Viktor korxonada o‘zini ko‘rsatadi va batareykalar uchun nikeldan yangi yasalgan  to‘r ixtiro qiladi. Shunda korxona rahbari uning ixtirosiga qoyil qoladi va biroz avval Germaniyadan kelgan mutaxassislar bu ishni uddalay olmaganini aytadi.

SSSR tarqab ketgandan so‘ng u o‘zining xususiy firmasini ochadi va bir necha yil avtomobillar uchun bo‘yoq ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. Keyinchalik undan yasash qiyin bo‘lgan pul haqida so‘rashganda:

«Dollar men bilgan pullar ichida eng himoyasi mustahkam hisoblanadi. Ammo uni ham bemalol asliga yaqin qilib tayyorlasa bo‘ladi, lekin men bunday qilmayman», deb javob beradi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid