Jamiyat | 00:26 / 17.01.2022
41157
5 daqiqa o‘qiladi

IT tanlovi g‘olibi bo‘lgan nurobodlik o‘quvchiga nega eski noutbuk berildi?

Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyatida o‘tkazilgan «1 million dasturchi» IT tanlovi viloyat bosqichida birinchi o‘rinni olgan o‘quvchiga avval ishlatilgan, eski noutbuk sovg‘a qilingani haqida lavha tarqaldi.

Videomurojaat qilib chiqqan o‘quvchi, Samarqand viloyati Nurobod tuman 41-maktabning 8-sinf o‘quvchisi Sardor Sattorov o‘zi tanlovning ham tuman, ham viloyat bosqichida «Full-Stack web dasturchisi» yo‘nalishi bo‘yicha 1-o‘rinni egallab g‘olib bo‘lgani, lekin unga avval ishlatilgan eski noutbuk sovg‘a qilinganini ta’kidlagan.

U namoyish etgan noutbukning orqa tomonidan «2-m. A.Abdumurodova» degan yozuvlar tushirilgan. O‘quvchi buni 2-maktabga tegishli noutbuk deya tushuntirgan. Noutbukka o‘rnatilgan dasturlar ham o‘chirilmagan. U yerdagi Telegram messenjerini ishga tushirgan o‘quvchi noutbukni avval Sherzod Jo‘raqulov degan inson (o‘qituvchi) ishlatganini aniqlagan.

Shuningdek, 1-o‘rinni egallaganini iddao qilgan o‘quvchiga 3-darajali diplom berilgan. (Qaysi bosqichda ekanligiga aniqlik kiritmagan).

Videomurojaatning davomida o‘quvchining bobosi deyilayotgan shaxs «Eski noutbuk o‘rniga kitob bersalaring bo‘lmasmidi?» deya o‘z e’tirozini bildirgan.

Kun.uz muxbiri mazkur masala yuzasidan kichik surishtiruv o‘tkazdi.

«1 million dasturchi» IT tanlovi viloyat bosqichi Samarqand viloyat hokimligi tashabbusi bilan o‘tkazilgan. Tanlovni o‘tkazishda viloyat xalq ta’limi boshqarmasi, TATU Samarqand filiali bosh-qosh bo‘lishgan. Viloyat bosqichi Samarqand shahridagi 9-maktabda 10 yanvar kuni tashkillashtirilgan.

Foto: Samarqand viloyat XTB

Murojaat qilib chiqqan o‘quvchi Sardor Sattorov tumanda sovrindor bo‘lib viloyat bosqichida ishtirok etgan, lekin o‘rin ololmagan. Samarqand viloyat XTB rasmiy saytida e’lon qilingan, viloyat bosqichi g‘oliblari ro‘yxatida uning ism-familiyasi yo‘q.

Viloyat XTB xabarida shahar va tumanlar kesimida 1-,  2- va  3-o‘rinlarni egallagan ishtirokchilar tanlovning ikkinchi bosqichiga yo‘llanma olishgani, har bir shahar va tumanlarda o‘tkazilgan tanlovning birinchi bosqichida g‘oliblari quyidagicha mukofotlangani haqida yozilgan:

1-o‘ringa — noutbuk; 2-o‘ringa — planshet, 3-o‘ringa — uyali telefon.

Tanlovning viloyat bosqichini o‘tkazgan mas’ullardan birining Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, tanlovning tumanlardagi bosqichlari 6–7 yanvar kunlari tashkillashtirilgan va unga tuman hokimliklari mas’ul bo‘lgan. Tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra, har bir tumanda mahalliy hokimliklar tomonidan tanlovning sovrin jamg‘armasi uchun 35–50 mln so‘m atrofida pul ajratilgan.

Foto: Samarqand viloyat XTB

Shunisi e’tiborliki, tanlovning tuman bosqichi g‘oliblariga ham sovg‘alari viloyat bosqichi o‘tkazish vaqtida, 10 yanvar kuni Samarqand shahridagi 9-maktabda topshirilgan. Shu sababli ular viloyatdagi mas’ullarni aybdor ko‘rishmoqda ekan. Aslida, tuman bosqichi g‘oliblari uchun sovg‘alar tuman hokimligi tomonidan taqdim etilgan.

Nurobod tuman hokimligi axborot xizmati ushbu voqea yuzasidan o‘z rasmiy munosabatini taqdim etdi.

Unda yozilishicha, tanlovning tuman bosqichi joriy yilning 6 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan.

«Mazkur musobaqada 41-umumta’lim maktabining 8-sinf o‘quvchisi Sardor Sattorov faxrli birinchi o‘rinni olib, tuman hokimligining faxriy yorlig‘i hamda «Readme C11» rusumli telefon apparati bilan taqdirlangan», deyilmoqda rasmiy munosabatda.

Foto: Nurobod tuman hokimligi
Foto: Nurobod tuman hokimligi

Tuman hokimligining ushbu munosabati ham barcha savollarga javob bera olmaydi, qaytaga yangi savollarni yuzaga chiqarmoqda: nega 1-o‘rinni olgan o‘quvchiga 3-darajali diplom berilgan. Lekin 1-o‘rin egasiga atalgan sovrin topshirilgan bo‘lsa-da, unga telefon topshirildi deb xabar berilmoqda. Eski noutbuk kimga tegishli va uni kim va qayerdan olgan?

Shuhrat Shokirjonov, Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid