Jilovlanmagan Afrika. Millatlar kubogida kuzatilgan eng g‘alati va mojaroli 7 voqea
Afrika Millatlar kubogi start olganiga 10 kun bo‘ldi, ammo bu safargi turnir shiddatli o‘yinlar va tomoshabopligi bilan emas, ko‘proq mojaroli va kulgili voqealari bilan yodda qolmoqda. Dastlabki haftaning o‘zida nimalar kuzatilmadi deysiz – koronavirus mojarosi, g‘alati hakamlik, tashkilotchilarning kulgili xatolari va hokazo. Tribuna.uz qora qit’ada davom etayotgan musobaqaning guruh bosqichidagi eng g‘aroyib voqealarini saraladi.
Burkina-Faso tashkilotchilarni mezbonlarga yordam berishda aybladi
Afrika millatlar kubogidagi ilk mojaro turnir startidan avval ro‘y berdi. Burkina-Faso milliy jamoasi bosh murabbiyi va sardori Afrika futbol konfederatsiyasini (CAF) mezbon Kamerunga yordam berishda aybladi. Gap shundaki, turnirning ochilish bahsi Kamerun – Burkina-Faso o‘yinidan avval tashkilotchilar mehmon jamoa tarkibidagi 5 futbolchi va 4 nafar xodimning koronavirusga topshirgan testi musbat natijani berganini ma’lum qilib, ularni karantinga olishga buyurdi. Bu esa Burkina-Faso milliy jamoasi vakillarining noroziligiga sabab bo‘ldi. Ular futbolchilar o‘zini yaxshi his qilgani, ammo tashkilotchilar jamoani sun’iy kuchsizlantirishda ayblashdi. Ustiga-ustak, CAF tibbiy bo‘lim xodimlarini test olish uchun kechga yaqin yuborgani Burkina-Fasoning muhim o‘yin oldidan mashg‘uloti qoldirilishiga sabab bo‘ldi. Bu bilan tashkilotchilarning o‘zi turnir reglamentini buzishdi – futbolchilardan test olish eng kechi o‘yindan 48 soat avval amalga oshirilishi belgilab qo‘yilgandi.
O‘yindan avvalgi mojarolar maydonga ham ko‘chdi. Turnirning ilk o‘yinida Burkina-Faso tarkibdagi muammolarga qaramay, hisobni ochgan bo‘lsa-da, endi hakamlar yordamga oshiqishdi – mezbonlar bo‘lim yakunida bir emas, ikkita penalti kiritib, Kamerun o‘z uyidagi turnirni «tantanali» ochib berdi – 2:1.
Rojye Milla Shimoliy Afrika milliy jamoalariga Osiyo yoki Yevropaga ko‘chib ketishni maslahat berdi
Aslida 2021 yilning yozida o‘tishi rejalashtirilgan Afrika millatlar kubogi dastlab Kamerundagi yozgi yomg‘irlar mavsumi sababli qoldirilgan bo‘lsa, keyin koronavirus tufayli 2022 yilda o‘tkazilishi ma’lum qilingandi. Bundan norozi bo‘lgan Shimoliy Afrikaning Misr, Jazoir, Tunis va Marokash singari mamlakat futbol assotsiatsiyalari mezbonlikni Kamerundan tortib olish masalasini muhokama qildilar. Bu esa Kamerun milliy jamoasi afsonaviy sobiq futbolchisi Rojye Millaning keskin tanqidlariga sabab bo‘ldi.
«Bu mamlakatlar avvaldan hamma narsani buzib kelgan. Ular har doim tartibsizliklar qilishadi. Bu to‘g‘ri emas. Agar ular o‘zlarini afrikalik deb hisoblashmasa, marhamat, Yevropa yoki Osiyoda borib o‘ynashsin. Afrikada taloto‘p qilishmasin! Ularning boshqa mamlakatlar haqida doim yomon fikrlar bildirishini tushunmayman», - deya Rojye Millaning so‘zlarini keltirgan Le Parisien nashri.
Otishma sababli mashg‘ulotlar bekor qilindi
Turnir startidan avval Afrikadagi jangari guruhlardan biri turnir davomida terakt va qo‘poruvchilik amaliyotlari bilan tahdid qilgan, Kamerun hukumati esa turnir davomida xavfsizlik masalada hech qanday muammo bo‘lmasligiga kafolat bergandi.
Ammo 12 yanvar kuni stadion yaqinidagi otishmalar sababli Mali milliy jamoasining mashg‘ulotlari ikki marta ham bekor qilindi. O‘sha kuni hukumat qo‘shinlari va Sharqiy Kamerundagi isyonchilar o‘rtasida otishmalar ro‘y bergan. Buea markaziy bozoridagi xunrezlik oqibatida 2 kishi halok bo‘lgan, 5 kishi tan jarohati olgan.
G‘alati hakamlik. Referi o‘yinni ikki marta ham erta yakunladi
Mali milliy jamoasi Tunisga qarshi o‘yindan avval otishmalar sababli mashg‘ulotlarini to‘xtatishga majbur bo‘lgan bo‘lsa-da, o‘yindagi g‘alati hakamlik uchun g‘alabasidan mosuvo bo‘lishi mumkin edi. Uchrashuv bosh hakami zambiyalik Janni Sikazve dastlab 85-daqiqada o‘yin yakunlagani haqida hushtagini chalib, kulgiga sabab bo‘ldi. Unga xatosini tushuntirishgach, zambiyalik referi o‘yinni qaytadan davom ettirdi va 89-daqiqaning 42-soniyasida yana hushtak chalib, o‘yinni tugatdi. Bu esa 0:1 hisobida mag‘lubiyatga uchrayotgan tunisliklarning noroziligiga sabab bo‘ldi. Shu kuni ikki marta penalti, chetlatish va 8ta o‘zgarish kuzatilgan bahsda kamida yana 6-7-daqiqa qo‘shib berilishi lozim edi. Stadionda uchrashuvdagi vaqtni ko‘rsatadigan tablo ham bo‘lmagan.
Tortishuvlardan so‘ng Afrika futbol konfederatsiyasi o‘yin yakunidan 40 daqiqa o‘tgach, uchrashuvni qayta davom ettirishga qaror qilgan. Bunga Mali ham rozi edi. Ammo Tunis jamoasi delegatsiyasi o‘yin hisobini bekor qilish va uchrashuvni qaytadan o‘tkazish ilinjida, jamoa futbolchilari 35 daqiqa davomida muzli vannada bo‘lganini aytib, maydonga qaytishni istamagan. Yakunda o‘yin natijasi qoldirildi.
«Shuncha yillardan buyon murabbiy sifatida ishlab, bunaqasini hech qachon ko‘rmagandim. Zaxiradagi hakam o‘yinga vaqt qo‘shib bermoqchi bo‘layotganida bosh hakam asosiy vaqt yakunlanmay turib, o‘yinni tugatib qo‘ya qoldi. Hakamning qarorlarini hech qanaqasiga tushunib bo‘lmaydi», - dedi o‘yindan keyin Tunis bosh murabbiyi Monder Kobayyer.
Uch marta ham boshqa mamlakat madhiyasi yangradi
Mavritaniya – Gambiya o‘rtasidagi uchrashuv zerikarli o‘tgan bo‘lsa-da, o‘yindan avvalgi voqea internet tarmoqlarida kulgiga sabab bo‘ldi. O‘yindan avval turnir tashkilotchilari Mavritaniya madhiyasini qo‘yishda uch marta ham xatoga yo‘l qo‘yib, stadionda boshqa mamlakat madhiyasi yangradi.
Afrika futbol konfederatsiyasi vakillari xatolikdan keyin futbolchilarning o‘zidan madhiyani jo‘r bo‘lib aytishni so‘rashdi, ular esa rad etishdi. Oxir-oqibat Mavritaniya o‘yinda mag‘lubiyatga uchradi – 0:1.
Ayyu – himoyachi, Mahrez – tayanch yarimhimoyachisi va 5-5-0 taktik sxemasi
Afrika millatlar kubogining rasmiy translyatori o‘yinlardan avval futbolchilarni ekranda joylashtirishda qo‘pol xatolarga yo‘l qo‘ymoqda. Bungacha Gana milliy jamoasi vingeri Ayyu himoya markaziga qo‘yilgan bo‘lsa, Jazoir milliy jamoasining hujumkor yetakchisi Riyod Mahrez tayanch yarimhimoyachisi sifatida belgilangandi. «Lester» qanot himoyachisi Amarti hujumga qo‘yilgan bo‘lsa, Misrning Nigeriyaga qarshi uchrashuvida Saloh yetakchiligidagi jamoaning taktik sxemasini 5-5-0 qilib joylashtirishdi. Bu esa Yevropada kulgiga sabab bo‘lmoqda.
Gabon – «to‘polonchilar jamoasi»
Gabon milliy jamoasi Afrika millatlar kubogining eng muammoli va to‘polonchilar jamoasi bo‘lib turibdi. Turnir startigacha milliy jamoa futbolchilari saralash bosqichidagi bonuslar to‘lanmagani uchun Gabon futbol assotsiatsiyasiga ish tashlash bilan tahdid qilgan bo‘lishsa, musobaqa boshlangach jamoa yulduzlari Mario Lemina va Per-Emerik Obameyang «tomosha ko‘rsatib», milliy jamoadan quvildi.
Gap shundaki, ushbu o‘yinchilar Yevropadan milliy jamoa ixtiyoriga borishda Dubaydagi tungi barlarda ko‘ngilxushlik qilishgan. Gabon milliy jamoasi safiga qo‘shilgach esa, ko‘p o‘tmay ularda koronavirus aniqlandi. Milliy jamoasining birinchi o‘yinini o‘tkazib yuborgan gabonlik yulduzlar, oxir-oqibat tanqidlar ostida milliy jamoa ixtiyorini ham tark etib, Yevropaga qaytishdi. Gabonlik muxlislarning tanqidlaridan keyin «Nitssa» a’zosi Mario Lemina milliy jamoadagi faoliyatini yakunlaganini e’lon qildi. Gabondan quvilgan, «Arsenal»dan sardorlik bog‘ichidan mahrum etilgan Obameyang esa qishki transfer oynasida London jamoasini ham tark etsa, ajab emas.