«80-100 tonna oltin sotamiz» - Mamarizo Nurmurodov Markaziy bankning oltin sotish vakolati haqida gapirdi
Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurodov oltin sotish bo‘yicha O‘zbekiston dunyoda birinchi o‘rindaligi hamda oltin sotish to‘g‘risidagi qarorlar qanday qabul qilinishi haqida gapirdi.
«Jahon bozorida O‘zbekiston eng ko‘p oltin sotadi degan gapda jon bor. Dunyoda aksariyat markaziy banklar oltinning asosiy sotib oluvchisi hisoblanadi.
O‘zbekistonda ustuvor ravishda oltinni ishlab chiqaruvchilardan sotib olish vakolati Markaziy bankka berilgan. Biz o‘z-o‘zidan respublikada ishlab chiqarilgan oltinni to‘liq sotib olamiz. Biz muomalaga qo‘shimcha pul chiqaramiz, buning inflatsiyaga monetar ta’siri bo‘ladi. Shu sababli biz oltin sotib olishda qancha milliy valutada likvidlik taqdim etsak, unga mos ravishda valuta intervensiyalarini amalga oshirib boramiz.
Bu borada asosiy narsa shuki, oltinni jahon bozorida qachon sotish, qanday sotishda tahlillarimiz va prognozlarimizdan kelib chiqiladi va bunda oltinning narxi sotib olganimizdan yuqori bo‘lganda sotishga harakat qilamiz. Bu o‘z-o‘zidan ma’lum bir daromad manbayi hisoblanadi. 2020 yil hisobotlarimizni kuzatgan bo‘lsangiz, Markaziy bank tomonidan qariyb 3 trillion so‘mlik oltin bilan bog‘liq daromadlar davlat budjetiga o‘tkazib berildi.
Haqiqatan ham, siz aytgan axborotda jon bor, biz qariyb 80-100 tonna oltin sotamiz», deya MB raisining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Avvalroq, O‘zbekistonning oltin-valuta zaxiralari ko‘payib, 35,13 mlrd dollarni tashkil qilgani haqida xabar berilgandi. Raqamlar o‘tgan bir oyda O‘zbekistonning rasmiy zaxiralari qariyb 400 mln dollarga ko‘payganini ko‘rsatdi.
Mavzuga oid
14:05 / 12.09.2024
Markaziy bank asosiy stavkani yillik 13,5 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirdi
15:30 / 09.09.2024
O‘zbekistonning oltin-valuta zaxiralari 39 mlrd dollarga yetdi. Bu – rekord ko‘rsatkich
17:04 / 05.09.2024
O‘zbekiston ketma-ket ikkinchi oy eng ko‘p oltin xarid qilgan davlatlardan biri bo‘ldi
16:07 / 22.08.2024