O‘zbekiston | 17:01 / 29.01.2022
9741
3 daqiqa o‘qiladi

Ijtimoiy so‘rov: 81 foiz qatnashchilar korrupsiya haqida xabar berishga tayyor

Foto: Kun.uz

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi yoshlarning korrupsiyaga qarshi kurashdagi ishtiroki borasida U-Report bilan hamkorlikda o‘tkazilgan so‘rov natijalarini e’lon qildi.

Unga ko‘ra, respondentlarning:

  • 51 foizi korrupsiyaning mohiyatini to‘g‘ri tushunadi;
  • 81 foizi korrupsion holatlar haqida xabar berishga tayyor;
  • 46 foizi atrofdagilarning pora olish/pora berishiga salbiy munosabatda.

Shuningdek, qatnashchilarning 81 foizi O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashishga yoshlarni jalb etish – korrupsiya darajasini pasaytirishga yordam beradi, deb hisoblaydi.

So‘rovnoma qatnashchilari ularni pora berishdan to‘xtatadigan eng katta sabab diniy e’tiqodga zid kelishi va poraning noqonuniy ekanligi, deb topishgan.

  • E’tiqodga zid kelishi – 26 foiz;
  • Noqonuniylik – 25 foiz;
  • Qadriyatlarga/tarbiyaga zid ekanligi – 16 foiz;
  • Jinoiy jazodan qo‘rqishi - 9 foiz.

Qatnashchilarning 9 foizi esa agar boshqa iloji bo‘lmasa, pora berishdan hech narsa to‘xtatmasligini bildirgan.

Shuningdek, ko‘pchilik yoshlar korrupsiyaga qarshi kurashish uchun mas’ul deb Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligini, o‘zlari va huquqni muhofaza qiluvchi organlarni hisoblashlarini bildirgan.

Qiziq ma’lumot: qatnashchilarning 39 foizi esa pora berishni korrupsiya deb hisoblamaydi

So‘rov natijalari shuni ko‘rsatdiki, respondentlarning 56 foizi korrupsiyaga qarshi kurashda ishtirok etayotganini his qilayotgan bo‘lsa, 36 foizi salbiy javob bergan.

So‘rov ishtirokchilarining 53 foizi korrupsiya holatlari haqida xabar berishga tayyor, 29 foizi esa agar anonimlik saqlansagina, korrupsiya haqida xabar berishi mumkinligini bildirgan. 6 foiz qatnashchi korrupsiya jinoyatlari haqida xabar berishdan qo‘rqishini aytgan.

Respondentlar yoshlarni korrupsiyaga qarshi kurashga samarali jalb etishning asosiy usullari deya yoshlar bilan korrupsiya oqibatlarini muhokama qilish (18 foiz), korrupsiyaga qarshi kurashish aksiyalarini o‘tkazish (17 foiz), korrupsiyaga qarshi kurashish loyihalari uchun grantlar e’lon qilish (15 foiz) va bu ishga ko‘ngillilarni jalb qilish (11 foiz) deya hisoblashadi.

Shuningdek, qatnashchilar korrupsiyaga qarshi kurashda bolalikdan korrupsiyaning oqibatlarini tushuntirish, korrupsionerlarga nisbatan qonunlarni kuchaytirish, diniy e’tiqodlardan foydalanish yoki maktablarda islomiy fanlarni joriy etish kabi takliflarni ham bergan.

Yoshlarning korrupsiyaga qarshi kurashdagi ishtiroki borasidagi so‘rovnomada O‘zbekistonning barcha hududlaridan 7 yoshdan dan 35 yoshgacha bo‘lgan 16 ming 189 nafar yoshlar qatnashgan.  

Mavzuga oid