O‘zbekiston | 16:12 / 03.02.2022
10442
23 daqiqa o‘qiladi

Po‘lat Bobojonov ichki ishlar organlarining qonun ustuvorligini ta’minlash borasidagi sakkizta dolzarb vazifalarini ma’lum qildi

Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Po‘lat Bobojonovning “Yangi O‘zbekiston” gazetasida e’lon qilingan maqolasida mamlakat xavfsizligini kuchaytirish borasida ichki ishlar organlari oldiga qo‘yilgan bir qator dolzarb vazifalar haqida so‘z boradi.

Foto: IIV axborot xizmati

Joriy yilning 26 yanvar kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Yangi O‘zbekistonning 2022 – 2026 yillarga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasi hamda uni “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat Dasturi muhokama qilindi.

Muhokama chog‘ida davlatimiz rahbarining 2021 yil 3 fevraldagi Farmoni bilan tasdiqlangan Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yilida amalga oshirishga oid Davlat dasturi”ning ijrosiga alohida e’tibor qaratildi.

Foto: IIV axborot xizmati

O‘z navbatida, ichki ishlar organlari tizimida ham Harakatlar strategiyasi doirasida bir qator ishlar amalga oshirildi. Xususan, 2020 yili Prezidentimiz taklifi asosida “O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirish kiritildi. Natijada 1995 yilga qadar mamlakatimizda yashagan 50 mingga yaqin fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar O‘zbekiston fuqarosi deb tan olindi.

Mazkur ishlarning mantiqiy davomi sifatida, Prezidentimiz tashabbusi bilan, bundan buyon yurtimizda 15 yil davomida istiqomat qilgan, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni ham O‘zbekiston fuqarosi deb tan olish uchun imkoniyat yaratildi. Ya’ni “O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida”gi qonunning 6-moddasiga ko‘ra, o‘tgan yilning 14 iyunida kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra, 2005 yil 1 yanvarga qadar O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan hamda muqaddam chet davlat fuqaroligida bo‘lmagan shaxs xohish bildirgan taqdirda, O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi deb tan olinadi.

Bugungi kunda, mazkur imkoniyatdan foydalangan 13 mingga yaqin fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar hujjatlari qabul qilinib, shundan 4 mingdan ziyodi O‘zbekiston fuqarosi sifatida tan olindi. Bu boradagi amaliy ishlar davom etmoqda.

Shuningdek, hududdan qat’i nazar, transport vositalarini texnik ko‘rikdan o‘tkazish, davlat raqam belgilarini berish va milliy haydovchilik guvohnomasini rasmiylashtirish tartibi yo‘lga qo‘yildi. Bu orqali jismoniy shaxslarga tegishli bo‘lgan yengil transport vositalari faqat tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan texnik ko‘rikdan o‘tkazilishi belgilandi.

Foto: IIV axborot xizmati

Shuningdek, transport vositalarining texnik holati ustidan nazorat tizimiga ham alohida e’tibor qaratilib, Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 11 martdagi “Transport vositalarini majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazish tartibini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 125-son qarori qabul qilindi.

Qarorga asosan hozirgi kunda jismoniy shaxslarga tegishli M1 toifadagi (yengil) transport vositalari respublika bo‘yicha tadbirkorlik sub’yektlariga tegishli diagnostika stansiyalarida majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, mazkur qaror  bilan avtotransport vositalari egalari uchun bir qator qulayliklar yaratildi.

Jumladan, jismoniy shaxslarga tegishli bo‘lgan transport vositalari egalarining xohishiga ko‘ra eksterritoriallik tamoyili asosida xohlagan hududda texnik ko‘rikdan o‘tkazilishi belgilandi.

Transport vositalarini texnik ko‘rikdan o‘tkazish davri 1 yanvardan 31 dekabrga qadar etib belgilandi (avval aprel-sentabr oylarida edi).

Yangi transport vositalarini DYHXX organlarida ro‘yxatga olishda texnik ko‘rikdan o‘tkazish olib tashlandi. 2021 yil 1 sentyabrdan boshlab esa, barcha transport vositalariga texnik ko‘rikdan o‘tganligi to‘g‘risidagi talonlarni berish amaliyoti bekor qilindi.

2021 yil 1 avgustdan boshlab, tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan haydovchilik guvohnomasini olish uchun imtihon qabul qilish tartibi joriy etilib, mazkur jarayonni jamoatchilik tomonidan, shu jumladan Internet tarmog‘i orqali kuzatish imkoni yaratildi.

Aholi osoyishtaligini ta’minlash va mahallalarda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish bo‘yicha “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyiliga asoslangan tizim joriy qilish ishlari yanada jadallashtirildi. Bugungi kunda ichki ishlar organlari faoliyatini tashkil etishning mutlaqo yangi mexanizmlari joriy etilmoqda. Jumladan, har bir mahalla, oila va shaxs kesimida jinoyatchilik sabablarini aniqlash va ularni bartaraf etish orqali huquqbuzarliklar oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashishga oid muammolar bevosita joylarning o‘zida hal etilyapti.

Jinoyatchilik ahvolidan kelib chiqib, tuman, shahar va mahallalar toifalarga ajratilib, hokimliklar, sektorlar va jamoatchilik bilan hamkorlikda “jinoyat o‘choqlari”ni bartaraf etish uchun barcha zarur kuch va vositalar jalb qilinmoqda. “Respublika — viloyat — tuman — mahalla” tizimi asosida yaxlit boshqaruv va uzluksiz nazorat qilish mexanizmlari joriy etildi.

Sohani to‘liq raqamlashtirish yo‘nalishida ham muhim qadamlar qo‘yildi. Bosqichma-bosqich ichki ishlar organlarining tayanch punktlari negizida mahalla huquq-tartibot maskanlari tashkil etilmoqda. Profilaktika inspektoriga masofadan turib murojaat yuborish va uni ko‘rib chiqish jarayonini kuzatib borish, aholi bilan o‘zaro tezkor muloqotni yo‘lga qo‘yish, profilaktika inspektorlari va sektor rahbarlari faoliyatiga baho berish imkonini beruvchi “Smart mahalla” axborot dasturi ishga tushirildi.

Tuman va shahar ichki ishlar organlari faoliyatining samaradorligini oshirish maqsadida Toshkent shahridagi 24 ta ichki ishlar bo‘limi va ayrim tuzilmalarining rahbarlik lavozimlari maqbullashtirilib, bo‘shayotgan shtat birliklari poytaxt ichki ishlar organlarining profilaktika va tergov-tezkor tuzilmalarini kuchaytirishga yo‘naltirildi. Tuman va shahar probatsiya bo‘linmalari tegishincha tuman va shahar ichki ishlar organlarining bevosita bo‘ysunuviga o‘tkazilib, probatsiya hisobiga olingan shaxslarni kunlik nazorat qilishda profilaktika inspektorlari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi.

Ichki ishlar vazirligida Tezkor-qidiruv departamenti, Jamoat xavfsizligi departamenti, Transport va turizm obektlarida xavfsizlikni ta’minlash departamenti hamda Ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash departamenti tashkil etildi.

Shu bilan birga, Yangi O‘zbekistonning 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasi hamda “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi bilan adolat va qonun ustuvorligini ta’minlash hamda mamlakat xavfsizligini kuchaytirish borasida ichki ishlar organlari oldiga ham bir qator dolzarb vazifalar qo‘yildi.

Birinchidan, Davlat dasturida jinoyatga qo‘l urgan shaxslarni sog‘lom turmush tarziga qaytarish bo‘yicha yangi tizim joriy etish lozimligi belgilandi. Bunda insonparvarlik va bag‘rikenglik prinsiplaridan kelib chiqqan holda, barcha turdagi koloniyalarda mehnat qilayotgan mahkumlarning koloniyadagi ish staji umumiy mehnat stajiga qo‘shib hisoblash tartibi joriy etiladi.

Buning natijasida mahkumlarning pensiya ta’minotini yaxshilash orqali ular tomonidan moliyaviy muhtojlik ortidan takroran jinoyat sodir etilishining oldi olinadi. Mahkumlarda mehnat qilish ishtiyoqi ortadi, ishlash jarayonida kelgusida o‘zini ta’minlashga imkon beradigan kasb-hunar egallashga muvaffaq bo‘ladi. Qolaversa, bu xalqaro inson huquqlari va penitensiar huquq tizimlari reyting va indekslarida respublikamizning nufuzi oshishiga xizmat qiladi.

Foto: IIV axborot xizmati

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, jazo muddatini o‘tab ozodlikka chiqqan shaxslar jamiyatda o‘z o‘rnini topa olmayotganligi sababli yana jinoyat yo‘liga kirmoqda. Bunga barham berish maqsadida ozodlikka chiqayotgan fuqarolarni kelgusida jamiyatda o‘z o‘rnini topishiga amaliy ko‘maklashish uchun dastlabki ijtimoiy-moddiy yordam paketi tizimini joriy qilish maqsadga muvofiq.

Bunda jazoni o‘tab bo‘lgan va o‘zining aniq loyihasini (tadbirkorlik, ishlab chiqarish, me’morchilik va h.k.) taqdim etib, mustaqil faoliyatini boshlamoqchi bo‘lgan fuqarolarga probatsiya xizmatini rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan bir martalik moddiy yordam berish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi. Natijada yiliga o‘rtacha 1 300 dan oshiq sudlangan shaxslarning dastlabki ijtimoiy-moddiy yordam paketidan foydalanishi uchun imkoniyat yaratiladi. Sudlangan shaxslarning “dastlabki ijtimoiy-moddiy yordam paketi”dan maqsadli foydalanganligi, ijtimoiy aloqalarini to‘liq tiklaganligi, xulq-atvori va mehnat faoliyatini besh yil davomida monitoring qilib borish bo‘yicha idoralararo nazorat tizimi joriy etiladi.

Ikkinchidan, Davlat dasturidagi yana bir muhim masala,  harakatlanish erkinligini cheklash bilan bog‘liq choralarni qo‘llashda qonuniylikni so‘zsiz ta’minlash hamda raqamli texnologiyalarni joriy etish orqali jamoatchilik nazoratini kuchaytirishdir. Bu borada, harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanuvchi muassasalarni bog‘lab turuvchi yagona elektron tizim yaratiladi va muassasalarda saqlanayotgan kontingent haqida aniq va tezkor ma’lumotlarga ega bo‘lish imkoniyati yaratiladi. Yagona elektron reyestrning ishga tushirilishi natijasida harakatlanishi cheklangan shaxslar muassasaga joylashtirilgan vaqtdan boshlab vakolatli muassasaning ma’muriyati tomonidan mazkur reyestrga kiritib borish tartibi belgilanadi hamda muassasalarning ochiqligi va shaffofligi to‘liq ta’minlanadi.

Uchinchidan, Davlat dasturi doirasida huquqbuzarliklarning oldini olish tizimi sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqiladi. Hozirgi kunda huquqbuzarliklar bilan bog‘liq holatlar aniqlangan taqdirda, ta’lim, sog‘liqni saqlash muassasalari tomonidan zudlik bilan hududiy ichki ishlar organi navbatchilik qismiga telefon orqali xabar qilinishi shartligi belgilangan. Biroq ichki ishlar organlariga xabar berish va ularni ro‘yxatga olish borasida inson omili ishtiroki sababli, huquqbuzarlik faktlari hamda ular bilan bog‘liq boshqa holatlar haqida xabarlar zudlik bilan ichki ishlar organlariga berilmasdan yashirish holatlari kuzatilmoqda. Shu bois, mazkur muassasalar bilan ichki ishlar organlari o‘rtasida yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimini joriy etish orqali xabarlarning zudlik bilan ichki ishlar organlariga kelib tushishi va ularning ro‘yxatga olinishini ta’minlash, tergov-tezkor guruhlarining voqea joyiga tezkorlikda yetib borish imkoni yaratiladi.

Ichki ishlar organlarida “E-ma’muriy ish” elektron tizimi joriy etilgan bo‘lib, respublika bo‘yicha ma’muriy huquqbuzarliklarni aniqlash hamda qonuniy chora ko‘rish vakolatiga ega bo‘lgan vazirlik va idoralarning elektron tizimlari bilan integratsiya qilingan. Mazkur tizimga yangi avtomatlashtirilgan axborot tizimini integratsiya qilish yordamida bir yil davomida takroran sodir etilishi og‘irlashtiruvchi holat sifatida baholanadigan ma’muriy huquqbuzarliklarni sodir etgan shaxslar hisobini bir yil mobaynida yuritish va muddat o‘tishi bilan avtomatik ravishda hisobdan olib tashlash imkoniyati yaratiladi.

To‘rtinchidan, Davlat dasturi doirasida jamoat tartibini saqlash bo‘yicha patrullik xizmati faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish belgilangan. Bu borada tekshirish uchun fuqaroni ichki ishlar bo‘limiga olib borish amaliyotidan voz kechiladi va barcha ma’lumotlarni joyida tekshirish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Natijada xodimlar vaqti tejalib, patrullik yo‘nalishlari nazoratsiz qolishi, eng asosiysi fuqarolarning ovora bo‘lishi oldi olinadi.

Foto: IIV axborot xizmati

Mazkur vazifalarni amaliyotga tatbiq etish xodimlarni xizmatda foydalanish uchun 4 000 dan oshiq elektron planshetlar bilan ta’minlashni taqozo etadi. Ushbu planshetlar ichki ishlar organlarining elektron axborot tizimlariga integratsiya qilinib, shubha uyg‘otgan fuqaroni ichki ishlar organiga keltirishni istisno etgan holda uni tegishli axborot bazalari orqali joyida tekshirish yo‘lga qo‘yiladi.

Xodimlarning bodikameralar bilan xizmat olib borishi xizmatning shaffofligini ta’minlaydi. Bundan tashqari, fuqarolar tomonidan xodimlarga nisbatan sodir etilishi mumkin bo‘lgan salbiy holatlar oldi olinishiga xizmat qiladi. Masalan, Toshkent shahar ichki ishlar organlarining jamoat tartibini saqlash tizimi xodimlariga 2 mingga yaqin bodikamera tarqatilib, xizmat olib borishi yo‘lga qo‘yilishi o‘zining ijobiy samarasini berdi.

Bugungi kunda patrul-post xizmati bo‘linmalari xizmat o‘tashi belgilangan 48 ta yirik shaharda 2 751 ta mahalla mavjud bo‘lib, ularda kriminogen vaziyatdan kelib chiqqan holda 4 298 ta patrullik yo‘nalishlari tashkil etilgan. Patrul xizmatining bosqichma-bosqich avto va motopatrul shakliga o‘tkazilishi 5–6 ta piyoda patrul naryadi yo‘nalishlarini 1 ta avtoekipaj yo‘nalishi bilan qamrab olish imkonini beradi. Shuningdek,  patrullik naryadlarining yuqori mobilligi voqea sodir etilgan joyga qisqa muddatlarda yetib borishini ta’minlaydi.

Beshinchidan, Davlat dasturi doirasida yo‘l infratuzilmasini takomillashtirish va xavfsiz harakatlanish sharoitlarini yaratish belgilangan. Bugungi kunda yo‘llarning holati tobora soni o‘sib borayotgan transport vositalarining tirbandliklarsiz harakatlanishini ta’minlashga imkon bermaydi. Buning ustiga yo‘l harakati ishtirokchilari uchun harakatni tashkil etish to‘g‘ri va tizimli yo‘lga qo‘yilmagan. Shu sababli O‘zbekiston Respublikasining “Yo‘l harakatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qonunini qabul qilish maqsadga muvofiq.

Foto: IIV axborot xizmati

Shuningdek, yo‘l harakati qatnashchilariga qulaylik yaratish maqsadida, 4 246 kilometr aholi yashash punktlarida piyodalar uchun trotuarlar, 4 147 kilometr aholi yashash punktlarida va ularni bog‘lovchi yo‘llarida veloyo‘laklar barpo  etilishi, 4 448 kilometr aholi yashash punktlari sun’iy yoritilishi, 701 ta svetofor (325 ta svetofor transportlar uchun va 376 ta svetofor piyodalar uchun) o‘rnatilishi, 208 ta yerusti va yerosti piyodalar o‘tish joylarini qurish lozim. Yana 2 731 ta tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joylari sun’iy yoritilishi, 81 ta yo‘l o‘tkazgichlar qurish, 2 310 ta joyda shovqin chiziqlarini chizish, 2 904 ta joyda o‘rnatilgan talab asosida sun’iy notekisliklarni tashkil etish kerak.

Bundan tashqari, harakatni boshqarish tizimini to‘liq raqamlashtirish maqsadida quyidagi chora-tadbirlar amalga oshirilishi belgilangan. Respublikamizdagi 560 ta chorrahada aqlli (smart) svetoforlar o‘rnatiladi, 600 ta chorraha aqlli intellektual kameralar bilan hamda tezlik o‘lchovchi qurilmalar bilan jihozlanadi, 2 500 km uzunlikdagi yo‘llarda yo‘l chiziqlari zamonaviy texnologiyalar bilan chiziladi, 500 ta piyodalar o‘tish joylari aqlli intellektual kameralar hamda sensor qurilmalari bilan jihozlanadi.

Ta’kidlash joizki, mazkur tizim yagona boshqaruv asosida ishlashi, to‘liq avtomatlashtirilganligi bilan bir qatorda, elektr ta’minoti bilan bog‘liq muammoli vaziyatlarda to‘liq avtonom rejimda bir necha soat ishlay olish kabi bir qator afzalliklarga ega.

Foto: IIV axborot xizmati

Shu bilan birga, respublikadagi yo‘l-transport hodisalarining har to‘rtinchisi belgilangan tezlik me’yorlarini buzib harakatlanish oqibatida kelib chiqayotganligini inobatga olgan holda, yo‘llarda onlayn tizimda ishlovchi tezlikni o‘lchash moslamalari hamda uchuvchisiz apparatlar yordamida transport oqimini nazorat qilish va tezkor boshqarishning elektron tizimi yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, hozirgi kunda eng dolzarb masalalardan biri bo‘lib qolayotgan haydovchilikka nomzodlarni o‘qitish va ulardan imtihonlar qabul qilish tizimini isloh qilishga katta e’tibor qaratiladi. Bunda, o‘quv tashkilotlari faoliyatini to‘liq taftishdan o‘tkazish, ularga litsenziya berish tizimini komissiya tartibida tashkillashtirish, o‘quv metodikasini to‘liq qayta ko‘rib chiqish, tashkilotlarning moddiy texnika bazasini kuchaytirish orqali ta’lim berish sifatini yaxshilash, nomzodlarni o‘qitish uchun to‘lov stavkalarni qayta ko‘rib chiqish hamda respublika bo‘yicha yagona narx belgilash kabi masalalar to‘liq qayta ko‘rib chiqiladi.

Kelgusida imtihon olish tizimi ham butunlay o‘zgaradi. Tadbirkorlik sub’yektlarini jalb qilgan holda, respublikaning har bir hududida zamonaviy, to‘liq avtomatlashtirilgan hamda inson omili butunlay cheklangan imtihon olish markazlari tashkil etiladi va nomzodlardan haydovchilik guvohnomasini olish uchun imtihonlar maxsus o‘lchash uskunalari (datchik)lar bilan jihozlangan avtomobillarda olinadi.

Respublikadagi muntazam YPX maskanlarini raqamlashtirish orqali jamoat xavfsizligini ta’minlash samaradorligi oshiriladi. Bunda, hozirda mavjud 29 ta yo‘l-patrul xizmati maskanlariga zamonaviy axborot kommunikatsiyalari va texnologiyalarini joriy qilgan holda ushbu maskanlar inson omilisiz transport vositalarining to‘siqsiz harakatlanishini ta’minlash, “yashil” va “qizil” yo‘lak tamoyili asosida yagona tizim bosqichma-bosqich joriy etiladi.

Tizimning joriy etilishi xodimlar va fuqarolar o‘rtasidagi muloqotni cheklash, qog‘oz ko‘rinishidagi bayonnomalardan voz kechish, xodimlarning ish faoliyatini onlayn nazorat qilish, vaqtni tejash, qoidabuzarlik to‘g‘risida “SMS” xabar yuborish kabi qulayliklarni yaratdi.

Bugungi kunda mavjud tizimlarni Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining “Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi”ga joylashtirish bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda.

Kelgusida jamoat xavfsizligini ta’minlash tizimi joriy qilinishi natijasida respublikamizda, yo‘l harakati xavfsizligi, yo‘l-transport hodisalari, tirbandliklar va jinoyatlarning oldini olish, jamoat tartibini saqlash, qidiruvdagi shaxslarni aniqlash, jinoyatlarning “issiq izidan” ochilishi va yo‘l infratuzilmasi rivojlanishi ta’minlanadi.

Oltinchidan, Davlat dasturi doirasida ichki ishlar organlarini xalqning ishonchli himoyachisi sifatida xalqchil professional tuzilmaga aylantirish ko‘zda tutilgan. Bu borada tegishli normativ huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqilib, unda ichki ishlar organlarini xalqning ishonchli himoyachisi sifatida xalqchil professional tuzilmaga aylantirish hamda aholi bilan maqsadli ishlashga, inson qadr-qimmati, uning huquq va erkinliklarini samarali himoya qilishga yo‘naltirilgan tizim sifatida shakllantirish nazarda tutiladi. 

 

Foto: IIV axborot xizmati

Ushbu hujjatga ko‘ra, ichki ishlar organlari xodimlarining “Kasbiy madaniyat kodeksi” ishlab chiqilib, uni amaliyotga samarali tatbiq etish mexanizmlari belgilab beriladi. Ichki ishlar organlarini xalqparvar xodimlar bilan to‘ldirish, fuqarolar murojaatlari bilan ishlash natijadorligi hamda ijtimoiy fikr asosida baholash tizimi joriy etiladi.

“Inson qadri uchun” tamoyiliga asosan xizmat olib boruvchi yangi O‘zbekiston Ichki ishlar organlari tizimini yaratish maqsadida, sohani bilimli, zamonaviy fikrlaydigan, yuksak insoniy va professional salohiyatga ega yosh kadrlar bilan to‘ldirishga alohida urg‘u berilgan. Ichki ishlar organlarida Jamoatchilik kengashlarini tuzish orqali tizim faoliyati ustidan samarali jamoatchilik nazoratini o‘rnatish nazarda tutilmoqda.

Ichki ishlar organlari faoliyatini aholi bilan maqsadli ishlashga yo‘naltirish, uning xizmat faoliyatiga xos bo‘lmagan funksiya va tuzilmalarini maqbullashtirish maqsadida, amalga oshirilayotgan faoliyat to‘liq xatlovdan o‘tkaziladi. Barcha kuch va vositalar mahalla fuqarolar yig‘inlarida samarali faoliyat tashkil etishga yo‘naltirilib, tegishli mas’ul rahbarlar faoliyatiga mahalla miqyosida amalga oshirilgan ishlarning natijadorligi asosida baho beriladi.

Yettinchidan, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning yangi qiyofasi shakllantirilib, ular faoliyati xalq manfaatlari, qadr-qimmati, huquq va erkinliklarini samarali himoya qilishga yo‘naltiriladi.

2022 yilning 1 apreliga qadar respublikaning barcha mintaqalarida “Smart mahalla” elektron dasturini joriy qilish rejalashtirilgan.

“Smart mahalla” elektron dasturining afzalliklari shundaki, aholi mavjud muammolari bo‘yicha uyidan turib, tun-u kun to‘g‘ridan to‘g‘ri yashash joyi bo‘yicha sektor rahbarlariga murojaat etishi, muammolarini bartaraf etgan sektor rahbarining faoliyatiga xolisona baho berish imkoniyatini yaratadi. 

Shuningdek, aholi to‘g‘ridan to‘g‘ri sektor rahbari va hududiy profilaktika inspektoriga murojaat qilib, natijasi bo‘yicha axborot olish, yuqori turuvchi organlarga shikoyat qilishi mumkin bo‘ladi. Ayni kunlarda Samarqand viloyatida “Smart mahalla” elektron dasturi test rejimida sinovdan o‘tkazilmoqda. Bugungi kunda viloyatda yashovchi 688 mingdan ortiq fuqaro shu dasturga ulangan.

O‘tgan yildan boshlab respublikaning barcha hududlarida jinoyat va hodisalar haqidagi ariza va xabarlarni qayd etuvchi “102” tizimi yo‘lga qo‘yildi. Mazkur tizim orqali jinoyatlar haqidagi barcha ariza va xabarlar inson aralashuvisiz avtomatlashtirilgan tarzda qayd etiladi. Endilikda, ushbu tizim orqali avval turli mayda noxush holatlar (telefon, velosiped boshqa qimmat bo‘lmagan buyumlar yo‘qolishi, ko‘chadagi janjal kabi) bo‘yicha xabar bermaganlar ham ichki ishlar organlariga murojaat qilmoqda.

Sakkizinchidan, fuqarolarning axborot olish va tarqatish erkinligi borasidagi huquqlarini yanada mustahkamlashga erishiladi. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi va Jinoyat Kodeksining shaxsiy hayot daxlsizligini buzish bilan bog‘liq moddalari takomillashtiriladi.

Xususan, shaxsning shaxsiy yoki oilaviy sirini tashkil qiluvchi ma’lumotlarni uning roziligisiz tarqatganlik uchun nazarda tutilgan ma’muriy javobgarlik, bunday ma’lumotlarni internet tarmog‘i orqali tarqatganligi uchun jinoiy javobgarlik, ma’lumotlarni nooshkora ravishda yig‘ish uchun mo‘ljallangan maxsus texnik vositalar yordamida qonunga xilof ravishda yig‘ganlik uchun jinoiy javobgarlik choralari kuchaytiriladi.

Taraqqiyot strategiyasi va Davlat dasturida Ichki ishlar organlari oldiga qo‘yilgan dolzarb va mas’uliyatli vazifalarning bajarilishi Vazirlik rahbariyati tomonidan alohida nazoratga olinib, sifatli ijrosi ta’minlanadi. Buning uchun Ichki ishlar vazirligi va uning quyi tizimlarining imkoniyati ham, salohiyati ham yetarlidir.

Po‘lat BOBOJONOV,
O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri, general-leytenant

Mavzuga oid