Jahon | 19:44 / 04.02.2022
56991
14 daqiqa o‘qiladi

“Musulmon bataloni” qiyofasidagi desant: KGB afg‘on hukmdori Hafizulla Aminni qanday yo‘q qilgan?

1979 yilda Afg‘oniston rahbari Hafizulla Amin o‘zining juda qattiq qo‘riqlanadigan qarorgohida yo‘q qilinadi. KGB Aminni zaharlab o‘ldirish bo‘yicha maxfiy operatsiya amalga oshmaganidan so‘ng “Musulmon bataloni” qiyofasidagi desantni ochiq hujumga tashlaydi. Hafizulla Amin hammadan kutsa ham SSSRdan bunday harakatni kutmagandi. Soqchilari navbati bilan o‘ldirilib, o‘ziga yaqinlashib kelayotganlarida u yordamchisiga qarata “Ruslar bilan bog‘lan, ular albatta yordam berishadi” deydi. Ammo hujum qilayotganlarning aynan ruslar ekanligini eshitib, butunlay shokka tushadi.

Ibtido

SSSRning Afg‘onistonga bostirib kirishi yigirmanchi asrning eng katta xato va fojialaridan biri edi. O‘n yil davom etgan urush yirik imperiyaning parchalanishi sabablaridan biri sifatida ham ko‘rsatiladi. Amalda biror natijaga erishilmagan bo‘lsa-da, sobiq ittifoqning bunday yo‘l tutishiga qator sabablar bor edi.

Afg‘onistonda 1933 yildan 1973 yilga qadar hukmdorlik qilgan Muhammad Zohirshoh davrini mamlakatning o‘ziga xos oltin asri deyishadi. Nisbiy tinchlik va demokratiya hukm surgan bu davrda Afg‘oniston ko‘p jihatdan rivojlangan yoki hech bo‘lmaganda rivojlanayotgan davlatlar qatoriga kirib qolgandi. 1973 yilda u Italiyada safarda bo‘lgan chog‘ida amakivachchasi Muhammad Dovud tomonidan davlat to‘ntarishi uyushtiriladi va shu bilan faqat deyarli o‘ttiz yil o‘tib, keksalik chog‘idagina yurtiga qayta oladi.

Urushlargacha Afg‘oniston Foto: Dr Bill Podlich
Urushlargacha Afg‘oniston Foto: Dr Bill Podlich

Muhammad Dovudning 5 yillik boshqaruvi monarxiyaning tugatilishi, Afg‘onistonning respublikaga aylantirilishi singari bir qarashda demokratik islohotlar bilan boshlangan, amalda repressiyalar, diktatura, tartibsizlik va isyonlar bilan yodda qoladi.

Bu jarayonlarning mantiqiy yakuni sifatida “Savr inqilobi” yuz berdi - inqilob raisi sifatida Nur Muhammad Taroqiy davlatni boshqarishga kirishdi. Mamlakatni SSSRga mos sotsialistik respublikaga aylantirishga kirishgan Taroqiy juda ko‘pchilikning qarshiligiga uchradi va o‘tkazayotgan islohotlari samara bermay qoldi.

Bundan tashqari, ichki isyonlarni bostira olmay qolgan Nur Muhammad Taroqiy hokimiyatni saqlab qolish uchun 1978 yildayoq sovet hukumatidan qo‘shin kiritishni so‘ragandi. O‘sha paytda bu so‘rov rad qilingan bo‘lsa-da, unutilmaydi va kelajakda ustalik bilan foydalaniladi. Shu bilan birga SSSR Afg‘oniston hududida doimiy asosdagi harbiy bazaga ham ega bo‘lib oladi.

Bir yildan sal ko‘proq hukmdorlik qilgan Taroqiy bosh vazir Hafizulla Amin tomonidan taxtdan ag‘dariladi va keyinchalik maxfiy ravishda qatl qilinadi. Ne ajabki, davlat tepasiga kelgan Hafizulla Aminning o‘zi ham har qanday murosalarni chetga surib, “Kim men bilan bo‘lmasa, menga qarshi demak” tamoyilini tutdi va yo‘rig‘iga yurmaganlarni ayovsiz yo‘q qila boshladi.

Hafizulla Amin Foto: wikipedia.org

SSSR rahbariyatida Amindan umid katta edi. Ammo Hafizulla nafaqat vaziyatni butkul izdan chiqaradi, balki sovet tuzumining g‘oyaviy dushmanlari bilan yaqin aloqa o‘rnatib boradi. Bir so‘z bilan aytganda, SSSR o‘z chegaralari yaqinida jiddiy xavf seza boshlaydi va shoshilinch choralar ko‘rishga kirishadi. Dastlab Hafizulla Aminni davlat tepasidan chetlashtirish rejasi tuziladi, ammo keyinchalik buning chorasi jisman yo‘q qilish degan xulosaga kelinadi.  

“Bo‘ron-333” operatsiyasi

Hafizulla Amin real xavfni his qilardi, uning dushmanlari behad ko‘p edi. Shu bois uning o‘zi Taroqiy singari SSSRdan harbiy kuch kiritilishini 7 marta so‘ragan, shu orqali vaziyatni nazorat qilishni istagan edi. Mana shu asosda SSSR tomonidan Kobul yaqinidagi Bagram shahrida 154-batalon tashkil qilingan va u norasmiy tarzda “Musulmon bataloni” deya atalardi.

Aminni yo‘q qilish bo‘yicha qaror siyosiy byuro tomonidan o‘ta maxfiy tarzda qabul qilinadi va unga “Bo‘ron-333” deb nom beriladi. Hafizullani yo‘q qilish va uning o‘rniga SSSRga tobe Babrak Karmalni davlat boshqaruviga olib chiqish mo‘ljallanadi hamda Moskvada bo‘lgan Karmal sirli tarzda Bagramga olib kelinadi.

Real tahdidni hamisha his qilib yashagan Hafizulla Amin baland tepalik ustidagi mustahkam qal’a – “Tojbek” qarorgohini o‘ziga maskan qilgandi va hududni hamisha 1000-2000 nafar yaxshi qurollangan askarlar qo‘riqlab turishardi.

“Tojbek” qarorgohi Foto: wikipedia.org

Dastlab Hafizulla Aminni snayper yordamida o‘ldirish mo‘ljallanadi. Biroq uning yo‘lida qo‘riqlash kuchaytirilgani, avtomobillari katta tezlikda harakatlangani tufayli pozitsiyani egallab turgan ikki snayper ham qaytariladi. Keyin afg‘on hukmdorini zaharlash rejasi tuziladi. Buning uchun uning qarorgohiga KGB agentlari bo‘lgan ikki oshpaz kiritiladi va Amin bilan birga uning qo‘riqchisi bo‘lgan jiyani Asadullo zaharlanadi. Rejaga ko‘ra, zahar ta’sir qilib, to‘polon ko‘tarilganda qarorgoh egallanishi lozim edi. Ammo zahar Aminga mutlaqo bilinmaydi, Asadulloga esa keyingi kuni ta’sir qiladi va u taqdir hazili tufayli davolanish uchun Moskvaga yuboriladi. Moskvada u qamoqqa olinadi, keyinchalik Afg‘onistonga qaytariladi va otib tashlanadi.

Bu rejalar ish bermaganidan keyin zaharlash va bevosita shturm rejasi tuziladi. Qarorgohni egallash rejalashtirilgan kunda Amin ikkinchi marta zaharlanadi va hushidan ketadi. O‘z tibbiyot xodimlari yordam bera olmaganidan keyin SSSR elchixonasidan shifokorlar chaqirtiriladi. Taqdirning yana bir hazili tufayli hech narsadan bexabar shifokorlar Hafizulla Aminni murakkab vaziyatdan qutqarib qolishadi, zarur muolajalarni qilib joniga oro kirishadi. Keyinchalik bu shifokorlardan biri hujum paytida o‘qqa uchrab, vafot etadi.

Zahar operatsiyasining natijasidan qat’i nazar 154-“Musulmon bataloni” qiyofasidagi desantchilar hujumga tayyorlanib turar, ularga KGB maxsus kuchlaridan iborat ikki guruh qo‘shilgandi. Barcha desantchilar afg‘on askarlari formalarini kiyib olishgan, foydalanilayotgan avtomobillarga ham mahalliy raqamlar taqilgandi.

Operatsiya shu qadar maxfiy olib borilganki, dekabr oyining o‘rtalarida SSSR mudofaa vaziri Ustinov Afg‘onistondagi bosh harbiy maslahatchi, ya’ni amaldagi eng yuqori lavozimli zobit, general-polkovnik Magometovdan “Bo‘ron-333” operatsiyasiga tayyorgarlik qanday ketayotganini so‘raganida u bundan mutlaqo bexabarligini aytib hayron qoladi. Vazir vaziyatni to‘g‘ri tushunadi va KGB bilan maslahatlashishni tavsiya qiladi.

1979 yil 27 dekabrda KGBning “Alfa” va “Zenit” guruhlaridan iborat 700 nafarga yaqin askar Kobulning Dorulomon tumanidan Hafizulla Aminning Tojbek qarorgohiga hujumga o‘tadi. Hujumga signal sifatida aloqa tarmog‘ining portlatilishi xizmat qiladi va bu portlatish orqali butun Kobul, jumladan Aminning qarorgohi aloqasiz qoldiriladi.

Batalon har qancha shiddat bilan bormasin, qarorgohdagilar yuqori pozitsiyada bo‘lib, ayovsiz o‘q yog‘dirishadi va hujum bir muddat sekinlashib qoladi. Chunki o‘sha kuni Tojbek qarorgohini 2,5 mingdan ortiq kuchaytirilgan askarlar himoya qilayotgan, bundan tashqari, Kobulda joylashgan yana ikkita tank qismlari yordamga shay turishardi. Hafizulla Aminning zaharlanganini taxmin qilgan qo‘riqlash xizmati rahbari, mayor Sabri Jondod qo‘shimcha kuchlar keltirib joylashtirgan, himoyani kuchaytirishga buyruq bergandi. Ammo “Bo‘ron-333” operatsiyasi tashkilotchilari bundan bexabar qolishadi.

Operatsiyasi ishtirokchilari esa quyidagi tarkibda edilar: “Alfa” guruhi — 24 kishi, “Zenit” guruhi — 30 kishi, “Musulmon bataloni” — 520 kishi, 9-parashyut-desant rotasi — 100 kishi. Jami 674 kishilik askarlarning son jihatdan bir necha barobar ko‘p, yana mustahkam qarorgohdagi qo‘shinga hujum qilishi nazariy jihatdan operatsiyaning barbod bo‘lishini anglatardi. KGB bu holatning ham rejasini tuzib qo‘ygan, operatsiya barbod bo‘lgan taqdirda barchasi “Musulmon bataloni” komandiri Habibjon Xolboyevning mastlikda qilgan harakati deya e’lon qilinishi rejalashtirilgan va komandirni ko‘pchilik ko‘z o‘ngida jazolash mo‘ljallangandi.

Lekin yuqori tayyorgarlik va muvofiqlashtirilgan hujum o‘z natijasini berdi. Bronetransportyorlar yordamida qarorgohga yaqinlashayotgan birinchi guruh rahbari tashqi perimetrni qo‘riqlayotgan qismlarga qurol tarqatilayotganini ko‘rib to‘xtaydi va komandirni chaqiradi. O‘zi singari afg‘on zobitidan shubhalanmagan komandir kelishi bilan uni BTRga solib uzoqlashishadi va soqchilarga qarata o‘q yog‘dirishadi. Bu holat qo‘qqisdan hujum rejasini barbod qiladi. Shunda butun operatsiya rahbari keng qamrovli hujumga o‘tishni buyuradi. Qisqa muddatli tartibsizlikdan foydalangan ikkinchi guruh blokpostlarni yanchib o‘tib, kirish eshiklarini yakson qiladi. Qarorgoh ichiga kirib borgan desantchilar tez orada asosiy xavf bo‘lgan tanklar va pulemyotlarni zararsizlantiradilar.

Qarorgoh hovlisidan oshib, qasrning eshik va derazalaridan ichkariga kirib borgan desantchilarning bir qismi qurbon bo‘ladi. Lekin shunga qaramay, katta guruh Hafizulla Amin yashiringan ikkinchi qavatga chiqishga muvaffaq bo‘ladi va yo‘llarida kim uchrasa, bitta qo‘ymay qirib ketaverishadi.

Qarorgohdagi soqchilar son jihatdan ko‘p bo‘lsalar-da, aniq dushmanning yo‘qligi tartibsizlikni yuzaga keltiradi. Ichkarida hamma bir-biri bilan qorishib ketgan bir paytda hujumchilar “Yasha”, “Misha” deya shartli signal berganlaricha bir-birlarini tanib olishar va bosqichma-bosqich ilgarilab borishardi.

Tez orada aloqasiz, aniq muvofiqlashtirishsiz va ko‘p hollarda boshqaruvsiz qolgan soqchilarning jangovar ruhi pasayib ketadi. Kazarmadagi 700 nafar soqchi qurollanib chiqishga ham ulgurmay asirga tushadi. Qarorgohdagi tanklarning birortasi o‘q otishga ulgurmaydi.

Bu paytda arang o‘ziga kelgan Hafizulla Amin tashqi dunyo bilan aloqa o‘rnatishga va yordam so‘rashga urinardi. O‘q ovozlari bevosita uning yo‘lagidan kelayotganidan Amin o‘z ad’yutantiga “Ruslar bilan bog‘lan, ular albatta yordam berishadi” deydi. Ammo ad’yutant unga aynan ruslar hujum qilayotganini aytganida “Yolg‘on! Bunday bo‘lishi mumkin emas!” deya qichqiradi va qo‘l ostidagi kuldonni uloqtiradi.

Ammo vaziyat izdan chiqib bo‘lgan, hukmdorning bir necha daqiqalik umri qolgandi. Hafizulla Amin aynan qanday o‘ldirilgani bo‘yicha ko‘rsatmalar bir-biridan farqlanadi. Ayrim desantchilar uning qo‘lga tushishni istamay o‘z joniga qasd qilganini aytishsa, ayrimlari u yarador holda yugurib chiqqanda o‘qqa tutilganini bildirishgan. Shuningdek, Hafizulla tiriklay qo‘lga olinib, “Limuzin”da olib ketilgani, elchixona yoki harbiy qismdagi so‘roqdan keyin qatl qilingani haqida ham taxminlar bor.

Bor-yo‘g‘i 43 daqiqa davom etgan operatsiya natijasida SSSR tarafdan 15 kishi, jumladan KGBning bir polkovnik va ikki kapitani halok bo‘ladi. Afg‘on tomonidan Hafizulla Amin va uning voyaga yetmagan ikki o‘g‘li, 200 nafardan ortiq askarlar o‘ldiriladi. Ikki mingdan ortiq askarlar asirga tushadi. Hafizulla Amin qarorgohning o‘zida tezkorlik bilan ko‘mib yuboriladi. Askarlar ham hammasi birgalikda “Birodarlik qabristoni”ga dafn etiladi.

Natija

Kobul radiosidagi qisqagina xabarda Hafizulla Amin sud va qatl qilingani e’lon qilinadi. SSSRning markaziy nashri bo‘lgan “Pravda” gazetasida “Zulmlardan to‘ygan afg‘on xalqi adolat ilinjida inqilob qilgani va qonxo‘r hukmdor taxtdan ag‘darilib, oliy jazoga tortilgani” yoziladi.

Hafizulla Aminning yo‘q qilinishi va Babrak Karmalning kelishi SSSR kutgan “tinchlik”ni olib kelmaydi. Qator mamlakatlar mustaqil davlatning rahbari o‘ldirilishini qoralashadi. Buning ortidan keng qamrovli qo‘shinlar kiritilishi va o‘n yil davom etgan urush Afg‘onistonda nihoyatda murakkab vaziyatni yuzaga keltiradi.

Abror Zohidov

Mavzuga oid