Go‘sht va kartoshka narxlari qimmatlashishiga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan omillar ma’lum qilindi
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 2022 yilning yakuniga qadar yillik inflatsiya prognozi 8-9 foiz darajada shakllanishi mumkin.
Markaziy bank e’lon qilgan «2021 yilning IV choragi uchun pul-kredit siyosati sharhi»da bir qancha asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari narxining o‘zgarishi bo‘yicha ma’lumotlar keltirilgan.
Ozuqa-yem zaxiralarining kamayishi sharoitida arpa, bug‘doy va boshqa chorva ozuqasi taklifining qisqarishi, bundan tashqari Qozog‘iston tomonidan yirik va mayda shoxli qoramollar va kartoshka eksportiga taqiqlar joriy qilinishi ichki bozorda go‘sht va kartoshka narxlarining qimmatlashishiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Shuningdek, 2021 yilda asosiy savdo-hamkor davlatlarda qurg‘oqchilik tufayli g‘alla hosilining prognozga nisbatan kamayganligi, shuningdek, ushbu davlatlardan don mahsulotlari eksportiga kiritilgan cheklovlar bug‘doy narxini oshirishga xizmat qilgan.
IV chorakda Belarusdan import hajmi sezilarli ko‘payishi hisobiga go‘sht narxining avvalgi davrlarga nisbatan barqaror shakllanganligi iste’mol narxlari oshishining sekinlashishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatgan.
Sabzavot narxining o‘sishi, asosan, ularni tashqi bozorlarga ko‘p hajmda eksport qilinishi va ichki taklifning cheklanganligi bilan izohlangan. Kelgusida ushbu mahsulotlar narxi ichki bozorlardagi iste’molchilar talabi va tadbirkorlar taklifi hamda qo‘shni davlatlardagi narx kon’yunkturasidan kelib chiqqan holda shakllanib boradi.
Kutilmalarga ko‘ra, jahon iqtisodiyotining tiklanib borishi iste’mol o‘sishini rag‘batlantiradi. Bunda shakar va o‘simlik yog‘lari narxi jahon bozoridagi neft narxi kon’yunkturasidan kelib chiqib shakllanadi. Agar energiya narxlari ko‘tarilishda davom etsa, etanolga talab oshib, Braziliyada shakar ishlab chiqarishning kamayishiga, soyadan esa biodizel olinishi boshqa turdagi o‘simlik yog‘lari (soya, palma, kungaboqar, rapsa) narxlarining oshishiga olib kelishi mumkin.
BMTning oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO)ning ma’lumotiga ko‘ra, 2021 yilda oziq-ovqat narxlari umumiy hisobda 23,1 foizga oshgan. Yil davomida o‘simlik yog‘lari 36 foizga, shakar 33,6 foizga, don mahsulotlari 20,8 foizga, go‘sht va sut mahsulotlari esa mos ravishda 17,4 foizga qimmatlashgan. Bu O‘zbekiston ichki bozoriga ham ta’sir o‘tkazgan.
Kelgusida narxlar oshishiga asosiy omil sifatida import tovarlari hamda asosiy oziq-ovqat mahsulotlarining qimmatlashishi (35 foiz) va milliy valuta kursining qadrsizlanishini (28 foiz) keltirishgan.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 2022 yilning yakuniga qadar yillik inflatsiya prognozi 8-9 foiz darajada shakllanishi kutilmoqda.
«2021 yilda bozorlarni tartibga solish choralari, eksport kvotalari va bojlari, sotish narxlarining oldindan belgilanishi, shuningdek Xitoyda ta’minot zanjirining uzilishi narxlar shakllanishida muhim ahamiyat kasb etganini inobatga olib, ishlab chiqaruvchilar va xomashyo narxlarining oshishi va yuk tashishning yuqori stavkalari 2022 yilda ham inflatsiyani oshiruvchi ta’sirlaridan bo‘lishi mumkin», deyiladi bayonotda.
Mavzuga oid
11:56 / 11.11.2024
Turkiy davlatlar tashkiloti Markaziy banklari kengashi tashkil etiladi
15:10 / 09.11.2024
Rossiyada kartoshka va sariyog‘ narxi ko‘tarilishda davom etmoqda
18:34 / 08.11.2024
Markaziy bank 7 ta bank va 2 ta mikromoliya tashkilotini jarimaga tortdi
23:10 / 07.11.2024