Jamiyat | 19:53 / 07.02.2022
2329
2 daqiqa o‘qiladi

Navoiyda bog‘cha mudirasi va mahalla raisi pora bilan qo‘lga tushdi

Karmana tumanidagi 25-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti mudiri 300 dollar hamda Nurota tumanidagi Amir Temur mahallasi raisi 400 dollar bilan ushlangan. Ular fuqarolarni o‘zlari rahbarlik qilayotgan tashkilotga pora evaziga ishga olmoqchi bo‘lishgan. Bu haqda Kun.uz’ga Navoiy viloyat prokuraturasi xabar berdi.

Illyustrativ foto

Ma’lum qilinishicha, Karmana tumanidagi 25-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti mudiri Sh.K. fuqaro I.H.dan uni o‘zi rahbarlik qilib kelayotgan bog‘chaga ishga qabul qilish evaziga 300 AQSh dollari hamda Karmana tumani Aholi bandligiga ko‘maklashish markazi mansabdor shaxslari orqali kvota olib berish uchun 200 ming so‘m talab qilgan. U kelishuvga binoan 4 fevral kuni o‘zining xizmat xonasida kimyoviy ishlov berilgan 3,2 mln so‘m pulni olayotganda Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Navoiy shahar bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda ushlangan.

Shuningdek, Nurota tumanidagi Amir Temur mahallasi raisi S.N. fuqaro G.M.dan uni o‘ziga oila, xotin-qizlar va ijtimoiy ma’naviy masalalar bo‘yicha o‘rinbosar lavozimiga ishga qabul qilish uchun 400 AQSh dollari so‘ragan. U talab qilingan pulning 200 dollarini 15 yanvar kuni olgan. Qolgan 200 dollarini 28 yanvar kuni mahalla binosida olayotganda departamentning Nurota tuman bo‘limi xodimlari tomonidan qo‘lga olingan.   

Sh.K. hamda S.N.ga Jinoyat kodeksining 210-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda har ikki holat bo‘yicha prokuratura organlari tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Oldinroq Navoiy viloyat Xalq ta’limi boshqarmasi haydovchisi 600 dollar olayotganda ushlangandi.

Mavzuga oid