Qo‘shfuqarolik uchun javobgarlik: Qonunchilik palatasi nega qonun loyihasini yashirmoqda?
Xalq vakillari qabul qilgan qonunda O‘zbekiston fuqarolari boshqa davlat fuqaroligini olgan taqdirda davlat organlarini xabardor qilmasa, javobgarlikka tortilishi mumkinligi aytilgandi.
Oliy majlis Qonunchilik palatasining 2021 yil 24 avgust kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi yalpi majlisida deputatlar qo‘shfuqarolik uchun javobgarlik nazarda tutilgan «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonuni loyihasini ikkinchi va uchinchi o‘qishda qabul qilgandi. Bu haqda quyi palata deputati Farhod Ashmatovga asoslanib Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar bergan, shuningdek ushbu o‘zgarish haqida IIVning «Postda» nashrida ham maqola chop etilgan.
Xalq vakillari qabul qilgan qonunda O‘zbekiston fuqarolari boshqa davlat fuqaroligini olgan taqdirda davlat organlarini xabardor qilmasa, javobgarlikka tortilishi mumkinligi aytilgandi.
«Ayrim davlatlarda qo‘shfuqarolik qonun bilan taqiqlanmagani sababli amaliyotda O‘zbekiston fuqarolari xorijda o‘zlari bo‘lib turgan mamlakat fuqaroligini qabul qilish holatlari uchramoqda. Shuningdek, vakolatli davlat organlariga O‘zbekiston fuqarolari tomonidan chet davlat fuqaroligini qabul qilish holatlarini aniqlash vazifasi yuklatilgan, lekin amaldagi qonunlarga asosan, fuqarolarda ushbu fakt yuzasidan davlat organlariga xabar berish majburiyati mavjud emas», - degan deputat Farhod Ashmatov.
Fuqarolarning mas’uliyatini oshirish uchun qabul qilinayotgani aytilgan qonun loyihasida quyidagilar nazarda tutilgan:
- O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligida bo‘lgan va chet davlat fuqaroligini olgan shaxslarni, chet davlat fuqaroligini qabul qilgan kundan boshlab o‘ttiz kalendar kuni ichida xabar berish tartibi joriy qilinadi;
- Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari tomonidan chet davlat fuqaroligini olgani haqida belgilangan muddatda xabar bermaganligi uchun javobgarlik kiritiladi;
- O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi tugatilgan shaxs tomonidan, O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi pasporti yoki identifikatsiya ID-kartalaridan foydalanganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanadi;
- davlat xizmatchilari yoki hokimiyat vakili vazifalarini bajaradigan yoki davlat organlarida tashkiliy-boshqaruv yoxud ma’muriy-xo‘jalik funksiyalarni bajaradigan O‘zbekiston fuqarolari tomonidan chet davlat fuqaroligini olgani haqida belgilangan muddatda xabar bermagani uchun javobgarlik belgilanadi.
Parlament quyi palatasi deyarli yarim yil avval qabul qilib bo‘lgan ushbu qonun loyihasi hozir qayerdaligi noma’lum bo‘lib qolmoqda. Xususan, Senat matbuot xizmati Kun.uz’ga «mazkur qonun loyihasi Senatga kelib tushmagani»ni ma’lum qildi.
Vaholanki, quyi palatada uchinchi o‘qishda qabul qilingan qonunlar – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi hamda Qonunchilik palatasining reglamentiga muvofiq, o‘n kun ichida Senatga yuborilishi kerak edi.
Shuningdek, ushbu o‘zgartirishlar bo‘yicha biror marta rasmiy xabar bermagan quyi palata matbuot xizmati Kun.uz saytining ushbu qonun loyihasini so‘rab qilgan murojaatiga ham 4 oydan buyon javob bermayapti.
Ushbu holatda qonun ishlab chiquvchilar tomonidan Konstitutsiyadan tashqari kamida yana ikkita qonun talablari bajarilmayapti.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 84-moddasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan qonun qabul qilingan kundan e’tiboran o‘n kundan kechiktirmay Senatga yuborilishi belgilangan.
Xuddi shu tartib «Oliy Majlis Qonunchilik palatasining reglamenti to‘g‘risida»gi qonunning 15-moddasida ham mustahkamlangan.
Bundan tashqari, «Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida»gi qonunning 35-1-moddasiga muvofiq, ommaviy axborot vositasi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati to‘g‘risida axborot olishga doir so‘rovi ko‘pi bilan yetti kun muddatda ko‘rib chiqilishi kerak.
So‘rov rad etilgan taqdirda, ommaviy axborot vositasiga asoslantirilgan javob yuboriladi, deyiladi qonunda.
Mavzuga oid
16:50 / 03.12.2024
Sudyalar Oliy kengashi tarkibi Senat tomonidan saylanishi mumkin
16:10 / 03.12.2024
Qaysi deputat qanday ovoz bergani ochiq bo‘lishi kerak - Bobur Bekmurodov
14:13 / 21.11.2024
Akmal Saidov Shavkat Mirziyoyevga: “Yangi O‘zbekiston parlamentining me’mori kim deyishsa, sizni aytardim”
17:59 / 20.11.2024