«Tomchilatib sug‘orish texnologiyalarini keng joriy qilish uchun fermerda avvalo yer egaligiga ishonch bo‘lishi kerak» - Jon Rayt
Suv xo‘jaligi vaziri maslahatchisi Jon Rayt fermerlar o‘z yerida tomchilatib sug‘orish texnologiyalarini keng joriy qilishi uchun ularda avvalo o‘z yeridan kelajakda ham foydalana olishi borasida ishonch bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.
7 fevral kuni Toshkentdagi Milliy matbuot markazida Suv xo‘jaligi vazirining davlat-xususiy sheriklik va raqamli texnologiyalarni rivojlantirish bo‘yicha maslahatchisi Jon Aleksandr Rayt ishtirokida matbuot anjumani tashkil qilindi.
Kun.uz muxbiri xabariga ko‘ra, Jon Rayt tadbir davomida jurnalistlar tomonidan berilgan qator savollarga ham javob qaytargan.
Maslahatchi – suv xo‘jaligi sohasida ilmiy bashoratlashning yetarli emasligi haqida
— Kuzatishlarimga ko‘ra, O‘zbekistonda nafaqat davlat tashkilotlari, balki xalqaro moliyaviy tashkilotlar bilan ham bu kabi masalalar ustida ishlanmoqda. Bunda eng muhimi, qilinayotgan ishlarni o‘zaro muvofiqlashtirish. Masalan, Qishloq xo‘jaligi vazirligi bu borada yaxshi loyihalar boshladi va Suv xo‘jaligi vazirligi ham bu loyihalarni qo‘llab-quvvatlaydi.
O‘zbekistonda ekin maydonlarining 60-70 foizi kuchli va o‘rta darajada sho‘rlangan. Unga qarshi kurashda qanday usullar samarali?
— Yerlarning sho‘rlanishini faqat tomchilatib sug‘orish orqali bartaraf etish mumkin. Bu eng ommabop va samarali uslubdir. Tomchilatib sug‘orishning keng joriy qilinishi natijasida ortiqcha suv tuproqqa singmaydi va yer osti grunt suvlari sathini yuzaga ko‘tarmaydi. Tabiiyki, tuz ham tuproq yuzasiga ko‘tarilmaydi.
Tomchilatib sug‘orish texnologiyalarini joriy qilish sohasida nega ko‘rinarli o‘zgarishlar sezilmayapti?
— Men o‘zim ham o‘tmishda fermer bo‘lganman va bilamanki, ularni rag‘batlantirish orqali bunga erishish mumkin. Fermerda buning uchun o‘z yeridan kelajakda ham foydalana olishiga ishonch bo‘lishi kerak. Shuningdek, u suv ta’minoti bo‘yicha ham ishonchga ega bo‘lishi kerak.
Ma’lumot uchun, Jon Rayt 2021 yil aprel oyidan buyon Suv xo‘jaligi vaziriga maslahatchilik qilib kelmoqda.
Mavzuga oid
21:07 / 10.05.2024
Issiqxonalarga ko‘mir qozoni sotib olish xarajatlarining 20 foizgacha qismi qoplab beriladi
11:41 / 12.02.2024
O‘zbekistonda 75 ta yirik kanalni betonlashga budjetdan 680 mlrd so‘m ajratilgan
18:30 / 04.01.2024
Suv hisoblagich o‘rnatgan va tejamkor texnologiyalarni qo‘llaydigan fermerlarga imtiyozlar beriladi
19:30 / 12.12.2023