O‘zbekiston | 20:39 / 10.02.2022
8399
3 daqiqa o‘qiladi

Andijon viloyat sudining raisi va viloyat ma’muriy sudining raisi intizomiy javobgarlikka tortildi

Sudyalar oliy kengashi jamoatchilikdan sudyalarning intizomiy javobgarlikka tortilganini ular ko‘rgan muayyan ishga bog‘lamaslikni so‘radi.

Foto: Kun.uz

Sudyalar oliy kengashi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, mas’uliyatsizligi va faoliyatida yo‘l qo‘ygan kamchiliklari uchun:

Oliy sud Iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati sudyasi – Volida Sattorova;

Andijon viloyat sudining raisi – Tal’atjon Meliboyev;

Andijon viloyat ma’muriy sudining raisi – Mo‘ydinjon Salimov;

FIB Yuqorichirchiq tumanlararo sudining raisi S. Rahmatullayev;

FIB Karmana tumanlararo sudining sudyasi – Baxtiyor Qutliyev Kengash qarori bilan intizomiy javobgarlikka tortildi.

Shuningdek, sudyalik qasamyodini buzgani uchun Toshkent viloyati FIB Yuqorichirchiq tumanlararo sudining sudyasi Toshpo‘latov Oybek lavozimidan ozod etilib, vakolatlari muddatidan ilgari tugatilgan.

Sudyalar oliy kengashi matbuot xizmati bayonot bilan chiqib, jurnalist va blogerlardan sudyalarning intizomiy javobgarlikka tortilganini ular ko‘rgan muayyan ishga bog‘lamaslikni so‘radi.

Tizimda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, shuningdek sudyalar mas’uliyatini yanada oshirish maqsadida berilayotgan axborotlar qator ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritilmoqda, buning uchun minnatdormiz, albatta. Shu barobarida ayrim elektron-nashrlar, “Telegram” messenjeridagi kanallarda Kengash axboroti noto‘g‘ri yoki bir tomonlama talqin qilinib, falon ishni ko‘rgan falonchi sudya intizomiy javobgarlikka tortildi, mazmunida materiallar e’lon qilinish holatlari uchramoqda.

Bunday chiqishlar ommada Kengash axborotida nomi zikr etilgan sudyalar go‘yoki aniq (jinoyat, fuqarolik, iqtisodiy yoki ma’muriy) ishni ko‘rishdagi xato va kamchiliklari uchun intizomiy javobgarlikka tortilganday tasavvur uyg‘otishi ehtimolini yuzaga keltirayotir. Vaholanki, ijtimoiy tarmoqlardagi maqolalar o‘rganilganda, ularda tilga olingan aniq ishlar bo‘yicha chiqarilgan sud hujjatlari qonuniy kuchda ekani oydinlashmoqda.

Shundan kelib chiqib, Kengash axborotida ismi-sharifi keltirilgan sudyalarning aksariyati qabul qilgan sud hujjatlarining qonuniyligiga ta’sir ko‘rsatmaydigan boshqa sababga ko‘ra, masalan, Sudyalik odobi kodeksi talablarini buzgani yoki ishni tashkil etishda muayyan kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani bois intizomiy jazoga tortilganini ta’kid etamiz.

Sudyaning shaxsi daxlsiz bo‘lib, hurmatsizlik qilish huquqiy ta’sir choralari ko‘rilishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Bayon etilganlarga ko‘ra, Sudyalar oliy kengashi matbuot xizmati hurmatli jurnalist va blogerlardan ochiqlikni teran tushungan holda berilayotgan axborotlarni bir tomonlama yoki noto‘g‘ri talqin va suiiste’mol qilmaslikka chaqiradi” – deyiladi Kengash bayonotida.

Avvalroq, Yuqori Chirchiq tumanlararo sudi sudyasi T.O. sherigi bilan birga 3 ming dollar olgan vaqtida qo‘lga tushgani xabar berilgandi.

Mavzuga oid