«Maslahatchi»larga o‘z ishlari bilan shug‘ullanishni tavsiya qilamiz - O‘zbekiston tomoni Lukashenkoga javob qaytardi
O‘zbekiston rasmiy doiralaridagi manba belaruslik Aleksandr Lukashenkoning O‘zbekiston haqida oxirgi bayonoti yuzasidan munosabat bildirdi. Unda bugungi kunda Belarusdagi muammolar «yashirib» qo‘yilgani bilan, butkul bartaraf etilmagani qayd etilib, Lukashenkoga o‘z mamlakati ishlari bilan shug‘ullanish tavsiya etilgan.
«Bu kabi qator tuturiqsiz bayonotlar birgalikdagi sa’y-harakatlar bilan erishilgan davlatlararo munosabatlarning ruhi va darajasiga mutlaqo mos kelmaydi.
Hurmatli Aleksandr Grigorevich, avvalo, o‘z mamlakatining ichki va tashqi masalalari bilan shug‘ullansa oqilona yo‘l tutgan bo‘lar edi. Zotan, bugungi kunda Belarusdagi muammolar «yashirib» qo‘yilgani bilan, butkul bartaraf etilmagan.
Bunday holatda o‘zini «rangli inqiloblar»ni bartaraf etish bo‘yicha yetuk «ekspert» sifatida ko‘rsatish, boshqa mamlakatlardagi vaziyatga baho berish va ularning tashqi siyosatini sharhlashga urinishning hojati yo‘q.
O‘zbekiston mustaqil suveren davlat sifatida o‘z kelajagiga nisbatan aniq qarashga ega hamda faqatgina xalq va davlat manfaatlaridan kelib chiqqan holda milliy taraqqiyot strategiyasi yo‘lida olg‘a intilishda davom etadi.
Yana bir bor barcha «maslahatchi»larga o‘z ishlari bilan shug‘ullanishlarini tavsiya qilamiz», deyiladi Kun.uz tahririyatiga kelib tushgan munosabatda.
Lukashenko nima degandi?
Aleksandr Lukashenko Rossiya hukumati propagandachisi bo‘lgan jurnalist Vladimir Solovyovga bergan intervyusida 1999 yilda Rossiya va Belarus ishtirokida tuzilgan Ittifoq davlati sobiq sovet respublikalari hisobiga kengayishi mumkinligini aytgan.
«Belarus allaqachon shu yerda [Ittifoq davlati tarkibida]. Menimcha, Qozog‘iston uchun yaxshi dars bo‘ldi. Agar kelgusi 15 yilda deb oladigan bo‘lsak, ishonchim komil, agar biz xatoga yo‘l qo‘ymasak, Ukraina ham shu yerda [Ittifoq davlati tarkibida] bo‘ladi.
Armaniston ham hech kimga kerak emasligini tushundi, aniq bizga qo‘shiladi. Ular kimgadir kerak deb o‘ylaysizmi? Ozarboyjon sal so‘roq ostida, chunki uni Turkiya juda qattiq qo‘llab-quvvatlayapti. Biz bu [Ozarboyjon] bo‘yicha ham ko‘p xatolarga yo‘l qo‘ydik, bu – alohida mavzu.
Turkmaniston, O‘zbekiston va Tojikistonga kelsak, menimcha, avvalo iqtisodiy zarurat tufayli ular ham qo‘shilishadi», – degan u.
Bu birinchisi emas
Lukashenko Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotining 10 yanvar kuni Qozog‘istondagi tartibsizliklar yuzasidan o‘tkazilgan sammitida bu voqealardan «eng avvalo O‘zbekiston saboq chiqarishi kerak» degani shov-shuv keltirib chiqargandi.
Lukashenkoning bu bayonoti O‘zbekiston jamoatchiligida keskin e’tirozlarni uyg‘otgan, faollar Belarusni qariyb 28 yildan beri uzluksiz boshqarib kelayotgan va oxirgi saylovdagi g‘alabasi ko‘plab davlatlar tomonidan tan olinmagan «Belarus fuqarosi»ning O‘zbekistonni ogohlantirishini bevosita tahdid sifatida qabul qilgandi. Siyosiy tahlilchi Anvar Eminov Belarus prezidentining chiqishi O‘zbekistonni KXShTga qaytarish harakati deb baholagandi.
O‘zbekiston yetakchisi Shavkat Mirziyoyev 13 yanvar kuni mamlakat Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida bu ogohlantirish asossiz ekanini aytgandi. «Har qanday tahdidga nisbatan munosib javob qaytarish va zarba berish uchun biz yetarli kuch va salohiyatga egamiz», – degandi Shavkat Mirziyoyev.
- Ittifoq davlati — bu Rossiya va Belarusning integratsiya loyihasi bo‘lib, Moskva va Minsk 1990 yillarning oxirida uni takomillashtirishni boshlagan. Loyiha parlament, valuta va qonunchilikni umumlashtirishni nazarda tutadi. 20 yildan ortiq davom etgan hamkorlik tarixida tomonlar shu paytgacha faqat soliq va bojxona qonunchiligini sinxronlashtirishga yaqinlashgan. Belarus rahbari Aleksandr Lukashenkoning aytishicha, ittifoq integratsiya bosqichlari uchun muddat belgilamaydi.
Mavzuga oid
13:10 / 24.10.2024
Lukashenko Mariya Kolesnikovani afv etish haqida o‘ylab ko‘rishga tayyor
19:19 / 23.10.2024
Belarusda prezidentlik saylovi sanasi belgilandi
20:39 / 08.10.2024
Belarusda «davlat hokimiyatini egallashga uringan» 22 nafar muxolifatchiga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
21:50 / 04.10.2024