Iqtisodiyot | 13:53 / 10.02.2022
20192
3 daqiqa o‘qiladi

Yanvarda so‘mning kursi 0,8 foizga mustahkamlandi. Markaziy bank sabablarni sanadi

2022 yilning ilk oyida so‘mning real samarali almashuv kursi indeksi mustahkamlanishiga savdo-hamkor davlatlar valuta kurslarining qadrsizlanishi asosiy omil bo‘ldi. So‘m 0,8 foizga mustahkamlandi.

2022 yilning ilk oyida so‘mning samarali almashinuv kursi indeksi dekabrga nisbatan 0,8 foizga mustahkamlandi, deya xabar bermoqda Markaziy bank.

MB sharhida so‘m 2021 yil mos davriga nisbatan 5,4 foizga, bazaviy oy – 2018 yilning iyuniga nisbatan 6,3 foizga mustahkamlangani keltirilgan.

Yanvarda so‘mning mustahkamlanishiga savdo-hamkor davlatlar valuta kurslarining qadrsizlanishi, shuningdek, ichki inflatsiya darajasining savdo-hamkorlarga nisbatan yuqoriligi hissa qo‘shgan.

Joriy yilning yanvar oyidagi real samarali almashuv kursi indeksi dinamikasida:

-  oshiruvchi omillar: savdo-hamkor davlatlar valuta kurslari o‘zgarishi – 3,1 foiz band, ichki inflatsiya – 0,9 foiz band, so‘m almashuv kursi – 0,3 foiz band;

- pasaytiruvchi omil: savdo-hamkor davlatlar inflatsiyasi – 3,5 foiz bandni tashkil etdi.

Hamkor davlatlar valutasiing AQSh dollariga nisbatan dinamikasi qanday bo‘ldi?

-  Rossiya rubli 3,4 foizga (74,8 dan 77,3 ga) qadrsizlandi. Bu Rossiya va G‘arb davlatlari o‘rtasida geosiyosiy masalalarda konsensusga erishilmayotgani va yuqori noaniqliklar bilan izohlanadi;

-  Qozog‘iston tengesi neft narxining o‘sishi fonida biroz (0,07 foizga) mustahkamlandi;

- Turk lirasi 2022 yil yanvar oyi davomida tebranish bilan shakllanib, biroz mustahkamlandi. Bunga o‘tgan yil dekabr oyida amalga oshirilgan katta hajmdagi intervensiyalar va Turkiya xukumati tomonidan milliy valutani qo‘llab-quvvatlovchi chora-tadbirlar asosiy hissa qo‘shdi;

- Xitoy yuani yanvar oyi davomida kichik tebranishlar bilan shakllanib, o‘tgan oyga nisbatan deyarli o‘zgarmadi.

Shuningdek, Markaziy bank sharhida hamkor davlatlar – Rossiya, Turkiya va Qozog‘istonda inflatsiya o‘sishda davom etgani keltirilgan.

Avvalroq, Markaziy bank yanvar oyida asosiy iste’mol tovar va xizmatlari narxlari o‘sishi 0,9 foizni (2021 yilda 1 foiz), yillik inflatsiya darajasi esa 9,8 foizni tashkil etganini ma’lum qilgandi. Shundan keyin e’lon qilingan MB so‘rovi natijalariga ko‘ra, aholi sezgan inflatsiya 0,8 foizga pasayib, 15,4 foizni tashkil etgan.

Mavzuga oid