Marhamatdagi uzrbozlik: tuman XTB mudiri va maktab direktori ham ishdan olindi
Marhamat tumani XTB mudiri Aliyaxon Abduvohidova hamda uzrbozlik holati ro‘y bergan 72-IDUM direktori Muqaddamxon Hasanova lavozimidan ozod etilgan.
Xalq ta’limi vazirligi Andijon viloyati Marhamat tumanidagi ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabida bo‘lib o‘tgan uzrbozlik bo‘yicha o‘rganish natijalarini ma’lum qildi.
«Marhamat tumanidagi o‘qituvchilarning ota-onalar oldida uzr so‘rashga majbur qilingani bo‘yicha holatni o‘rganish hamda o‘qituvchilar bilan uchrashish maqsadida Xalq ta’limi vaziri Andijon viloyatiga bordi.
O‘qituvchilar bilan o‘tkazilgan bevosita suhbat natijalariga ko‘ra, maktab direktori hamda Marhamat tumani xalq ta’limi bo‘limi mudirini vazifasidan ozod etish bo‘yicha xulosaga kelindi», deyiladi vazirlik xabarida.
Bundan oldinroq Andijon viloyati Marhamat tumanidagi maktabda o‘qituvchilar uzr so‘rashga majburlangani ortidan tuman hokimining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Muxtor Qurbonov ishdan bo‘shatilgani, tuman hokimi Bobur Yo‘ldoshevga esa hayfsan berilgani xabar qilingandi.
Ma’lumot uchun, 2021 yil aprelida Marhamat tumani xalq ta’limi bo‘limi mudiri A.A. va bir necha shaxslar til biriktirgan holda 216,8 mln so‘m budjet mablag‘ini talon-toroj qilganlikda gumonlanayotgani va holat bo‘yicha jinoiy ish ochilgani haqida xabar berilgandi. Lekin Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash departamenti bu ish taqdiri bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot bermagan.
Marhamatda nima bo‘lgandi?
Kun.uz saytiga kelgan murojaatga ko‘ra, 4 fevral kuni Andijon viloyati Marhamat tumani 72-IDUM o‘qituvchilari o‘quvchilarning oliygohlarga kirish ko‘rsatkichi pastligi uchun ota-onalar qarshisida kechirim so‘rashga majbur qilingan.
Manba so‘zlariga ko‘ra, direktor boshchiligida sahnaga chiqarib qo‘yilgan o‘qituvchilar hokimlik vakillari topshirig‘iga binoan bosh egib, «biz aybdormiz», deb ota-onalardan kechirim so‘rashgan.
Ro‘y bergan voqea ortidan Andijondagi mas’ul shaxslar birin-ketin munosabat bildirishib, pedagoglardan uzr so‘rashdi.
Xalq ta’limi vazirligi uzrbozlik yig‘ilishi bo‘yicha o‘tkazilgan tekshirish jarayonida to‘plangan materiallarni Bosh prokuraturaga yuborgan.
Kun.uz surishtiruvida maktab direktori tuman hokimi o‘rinbosariga asoslangan holda bu tashabbus muallifi tuman hokimi ekanini aytgan edi. Buyruqni hokim berganini viloyat XTB boshlig‘i ham tasdiqlagandi.
Yo‘ldoshevning o‘zi o‘qituvchilardan uzr so‘rab qilgan chiqishida garchi aybni bo‘yniga olmagan bo‘lsa ham, bunaqa vaziyatlarda aytiladigan “aybdorlarni topib, qat’iy chora ko‘ramiz” degan gapni gapirmagandi. U Kun.uz'ga bergan intervyusida maktab jamoasi va ota-onalar hamkorligini kuchaytirish uchun tadbirlar o‘tkazishga topshiriq berganini tan oldi, lekin aynan uzr so‘rattirish tashabbusi undan chiqqanini rad etdi.
Shu tariqa, hokim, bir tarafdan, bunaqa buyruq bermaganini aytgan bo‘lsa, boshqa tarafdan unda bu buyruqni kim bergan degan savolga javob bermagan edi.
Mavzuga oid
19:45 / 15.02.2024
Shavkat Mirziyoyev Marhamat tumaniga bordi
20:07 / 11.02.2024
Andijonda yong‘in sodir bo‘lgan uyning tom qismi yangidan qurib beriladi
19:00 / 08.02.2024
Andijonda Meksika orqali AQShga ishga yuborishni va’da qilganlar ushlandi
15:43 / 31.10.2023