O‘zbekiston | 11:51 / 14.02.2022
2194
2 daqiqa o‘qiladi

Navoiyda 3 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan avtohalokatni sodir etgan uquvsiz haydovchi uzoq muddatga qamaldi

U “Zarafshon-Navoiy” yo‘nalishida akasiga tegishli Lacetti mashinasini boshqarib kelayotib, quvib o‘tish qoidalarini qo‘pol ravishda buzgan. Oqibatda Lacetti qarama-qarshi yo‘nalishda kelayotgan Nexia bilan to‘qnashgan hamda 3 kishi vafot etgan.

Navbahor tumanida yashovchi 27 yoshli Ramza Hamdamov 2021 yilning 12 avgust kuni “Zarafshon-Navoiy” yo‘nalishida Lacetti mashinasini boshqarib kelayotib, Konimex tumani hududidan o‘tgan xalqaro ahamiyatdagi A-379 avtomobil yo‘lining 81-82 kilometri oralig‘ida qarama-qarshi yo‘nalishda kelayotgan Nexia mashinasi bilan to‘qnashib ketgan. Avtohalokat oqibatida Nexia mashinasi haydovchisi va 1 nafar yo‘lovchi shifoxonada, yana bir nafar yo‘lovchi esa voqea joyida vafot etgan.

2022 yil 9 fevral kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Konimex tuman sudida mazkur avtohalokatga doir ish ko‘rib chiqilgan hamda Lacetti haydovchisi Ramza Hamdamov Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismining “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topilgan. Sudda Lacetti mashinasida yo‘lovchi sifatida kelayotgan jabrlangan fuqarolarning barchasi Ramza Hamdamov mashinani uquvsiz boshqarganini ta’kidlashgan.   

Jinoyat ishlari bo‘yicha Konimex tuman sudi raisi Maqsud Rayimovning Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, sud hukmi bilan Ramza Hamdamov 3 yil muddatga transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilingan. Shuningdek, unga 7 yil 6 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, avtohalokat oqibatida Nexia mashinasiga yetkazilgan 42 mln 140 ming so‘m zarar undiriladigan bo‘ldi. 

Mavzuga oid