O‘zbekiston | 13:26 / 17.02.2022
4115
2 daqiqa o‘qiladi

Navoiyda “Markaziy Qizilqum” milliy tabiat bog‘i va “Oqtog‘-Tomdi” davlat qo‘riqxonasi tashkil etildi

Uchquduq tumanida tashkil etilgan “Markaziy Qizilqum” milliy tabiat bog‘i 1,2 mln gektar, Tomdi tumanida tashkil etilgan “Oqtog‘-Tomdi” davlat qo‘riqxonasi esa 40 ming gektar maydonni egallagan. Bu hududlarda O‘zbekiston Respublikasi Qizil Kitobiga kiritilgan 30dan ortiq turdagi noyob hayvonlar uchraydi.

Davlat Ekologiya qo‘mitasiga ko‘ra, ushbu tabiat bog‘i va davlat qo‘riqxonasi prezidentning 2022 yil 16 fevralda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tizimida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida davlat tabiatni muhofaza qilish muassasasi shaklida tashkil qilingan. Natijada, mamlakat hududiga nisbatan muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning umumiy maydoni ulushi 11,2 foizga yetgan. 

Ta’kidlanishicha, milliy tabiat bog‘i va davlat qo‘riqxonasi faoliyati yo‘lga qo‘yilishi natijasida Qizilqum cho‘lining markaziy qismidagi tabiiy majmua va obektlar, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan 30dan ortiq turdagi noyob hayvonlar, 10dan ortiq o‘simlik turlari muhofaza ostiga olinadi. Natijada yaqin o‘n yillik davrda hududda hayvonlarning bosh soni kamida 15 foizga ortishi, o‘simlik populyatsiyalarining tarqalish areallari 20 foizga kengayishiga erishiladi.

Shuningdek, ushbu muhofaza etiladigan tabiiy hududlar tashkil etilishi mintaqadagi tabiiy majmualarning qayta tiklanishiga hamda ekologik xavfsizlikka bo‘lgan tahdidlar, ya’ni cho‘llanishning ortib borishi, havoning qum va chang zarralari bilan ifloslanishi, iqlimning keskin o‘zgarishiga ta’sir ko‘rsatuvchi salbiy omillarning oldi olinishiga sharoit yaratadi.

Mavzuga oid