Bu yettinchisi bo‘ldi. O‘zbekistonda sport sohasidagi boshqaruv organi yana o‘zgardi
Mustaqil O‘zbekiston tarixida sport sohasini boshqaruvchi vakolatli davlat boshqaruvi organining tashkiliy tuzilmasi jami bo‘lib yetti marta o‘zgartirilgan. Eng so‘nggi o‘zgarish 10 oy ichida sodir bo‘ldi.
Turizm va sport yo‘nalishidagi davlat vakolatli organi mustaqil O‘zbekiston tarixidagi eng ko‘p o‘zgartirilgan tuzilmalardan biri hisoblanadi. Kun.uz muxbiri mazkur tuzilmalarning 30 yil ichida qanday o‘zgarishlarni “boshidan kechirgan”ini sanadi.
Turizm va sport vazirligi tuzilganiga hali 1 yil ham to‘lmagan edi. 10 oylik vazirlik yana ikkiga ajratiladigan bo‘ldi. Bu o‘zgarish bizni mazkur tuzilmalardagi davlat boshqaruvi organlari tarixiga nazar solishga undadi.
Madaniyat va sport
O‘zbekiston mustaqillikka erishgan ilk davrlarda madaniyat va sport sohalari boshqa-boshqa tashkilotlar – Madaniyat vazirligi va Fizkultura va sport davlat komiteti tomonidan boshqarilgan.
1992 yil 14 yanvardagi “Jismoniy tarbiya va sport to‘g‘risida”gi qonunda qo‘mita nomi o‘zbekchada – Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi deb ataldi.
1996 yil 21 may kuni Vazirlar Mahkamasining 185-sonli qarori bilan Davlat jismoniy tarbiya va sport qo‘mitasi to‘g‘risidagi Nizom tasdiqlandi.
Soha bunga qadar O‘zbekiston SSR Ministrlar Sovetining 1987 yil 2 martdagi 91-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston SSR Fizkultura va sport davlat komiteti to‘g‘risidagi Nizom asosida faoliyat yuritib kelardi.
Prezidentning 2004 yil 27 sentyabrdagi farmoni bilan Madaniyat ishlari vazirligi hamda Davlat jismoniy tarbiya va sport qo‘mitasi tugatilib, ularning negizida Madaniyat va sport ishlari vazirligi tashkil qilinadi.
Oradan qariyb 13 yil o‘tib, sohada yana o‘zgarish bo‘ldi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 15 fevraldagi PF-4956-sonli farmoni bilan Madaniyat va sport ishlari vazirligi tugatildi va uning negizida ikkita alohida tashkilot - Madaniyat vazirligi hamda Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi tashkil qilindi.
Shuning bilan Madaniyat vazirligi hozircha qaysidir soha bilan birlashtirilmasdan, alohida faoliyat yuritib kelmoqda.
2018 yil 5 martdagi farmon bilan Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligiga aylantirildi.
Turizm va sport
3 yildan ko‘proq vaqt sport sohasini turizm yo‘nalishi bilan birlashtirishga qaror qilindi.
Prezidentning 2021 yil 6 apreldagi farmoni bilan Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi birlashtirilib, Turizm va sport vazirligi tashkil etildi.
Va nihoyat, tashkil etilganiga endigina o‘n oy to‘lgan bu vazirlik yana ikkiga ajratildi.
Prezidentning tegishli farmoni bilan Sportni rivojlantirish vazirligi tashkil etildi va unga Savdo-sanoat palatasi raisi lavozimida ishlab kelayotgan, asl mutaxassisligi shifokor bo‘lgan Adham Ikromov vazir etib tayinlandi.
Ajralgan tashkilotning ikkinchi qismi Turizm va madaniy meros vazirligi deb ataldi. Bu vazirlikka bosh vazirning o‘rinbosari Aziz Abduhakimov rahbarlik qilishi ma’lum bo‘ldi.
Mavzuga oid
14:36 / 07.11.2024
Ta’lim muassasalari o‘quv dasturiga o‘qotar qurollar taktik-texnik tavsiflari amaliy mashg‘ulotlari kiritiladi
20:22 / 21.10.2024
Yengil kasalliklarni dori bilan davolashga o‘rganib qolishning oldi olinadi
20:31 / 20.09.2024
Olimpiya shaharchasi hududida xokkey majmuasi qurilishi mumkin
18:02 / 16.09.2024