O‘zbekiston | 10:08 / 20.02.2022
33760
7 daqiqa o‘qiladi

«Menimcha»ning navbatdagi sonida: tashqi qarzga izoh, «Andijonga o‘xshab borayotgan» Toshkent, tashabbussiz hokimlar

«O’zbekiston 24» telekanalida Shavkat Mirziyoyev haftalik faoliyatiga bag‘ishlangan «Menimcha» ko‘rsatuvining navbatdagi soni efirga uzatildi. Unda prezident hafta davomida ishtirok etgan yig‘ilishlardan kadrlar ko‘rsatildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Odamlarning puli «avtoprom»da aylanib yotmasligi kerak

Ko‘rsatuv boshida o‘tgan haftada keng muhokama qilingan yig‘ilishdan videolar ko‘rsatildi. Prezident oxirgi vaqtlarda O‘zbekistonda avtomobil sanoatidan odamlar rozi emasligi haqida ko‘p gapirmoqda. Avtosanoat minglab o‘zbekistonliklarning pulini yillab «bosib yotishi», mashinani esa istagan vaqtida berishi bir tomon, bu haqda gapirilmasligi boshqa tomon bo‘lib xalqni qiynardi. Nihoyat «avtoprom» odamlarning pulini olib, mashinani istagan vaqtda berishi eng yuqori minbarda tanqid qilindi: «Oddiy shifokor, oddiy mehnatkash, oddiy fuqaro mehnat qilib topgan pulini, kechirasiz-u «avtoprom»ga aylanishi uchun berib qo‘yishi adolatdan emas», dedi O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev.

Prezident oldindan to‘lov miqdorini ham 85 foizdan 50 foizga kamaytirib, 1 mayga qadar barcha navbatni bartaraf etishga ko‘rsatma bergan.

Hokimlarda tashabbus yo‘q

Hafta davomida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish bo‘yicha yig‘ilish ham bo‘lib o‘tdi. Ko‘rsatuv davomida prezident o‘sha yig‘ilishda viloyat va tuman hokimlarini tanqid qilgani aks etgan video ko‘rsatildi. Prezident viloyat va tuman hokimlaridan aytarli tashabbus bildirilmaganini tanqid qildi: «Trafaret qilib yozmasin, deb aytgandim, baribir shunday qilib yozgan. Birorta viloyat hokimi talab qancha bo‘ladi, nima qilish kerak deb aytmagan», dedi prezident.

Suv tejaganlarga imtiyoz

Yig‘ilishda suv tejash tajribasini amalda qo‘llaydiganlarga subsidiya berilishi aytildi. «2022 yil fevraldan boshlab suv tejash texnologiyasini joriy qilgan xo‘jaliklar har bir gektar uchun 8 million so‘mdan subsidiya oladi. Xorijiy kreditlar 10 yil muddatga 3 yil imtiyozli davr bilan ajratiladi. Kredit foizining 14 foizdan oshadigan qismiga kompensatsiya va kredit summasining 50 foiziga kafillik beriladi», dedi prezident.

«Nabiralaringizni o‘ylang»

Ko‘rsatuv davomida prezidentning bojxona bo‘yicha o‘tkazgan yig‘ilishidan ham kadrlar ko‘rsatildi. Unda prezident qo‘mitaning yangi rahbari Akbarxo‘ja Mavlonovga ko‘rsatmalar berar ekan, sohada korrupsiya bo‘lmasa, bojxonachilarni o‘zi qo‘llab-quvvatlashini aytdi: «Sening ustuvor vazifang tizimni korrupsiyadan xoli qilish, odamlarni, tadbirkorlarni eshitishing kerak. O‘zing, muovinlaring har oyda ikki marta tadbirkorlar bilan uchrash. Agar chegaramiz raqamlashgan bo‘lib, qulf-kaliti qo‘limizda bo‘lsa, bu iqtisodiyotimiz barqarorligiga katta hissa qo‘shadi».

Prezident halol ishlagan bojxonachilar rag‘batlantirilishi, olis chegara postlarida ishlayotganlar xizmat uyi olishi, qo‘shimcha ustamalar bilan ta’minlanishi, tizimda korrupsiya bo‘lmasligi kerakligini aytdi. Bu so‘zlarni aytar ekan bojxonachilarga murojaat qildi: «Siz bugun o‘zingizni emas, nabirangizni o‘ylang. Hamma narsa inson omiliga – sizlarga bog‘liq. Davlatimizning iqtisodiy xavfsizligiga bevosita ta’sir qilasizlar. Tadbirkor ishini bojxonaga ishonib boshlasa, ikki hissa samarali bo‘ladi».

«Siz halol ishlasangiz, xohlagan uyimga kira olaman»

Toshkent shahrini aylangan prezidentning mahalla ahli bilan suhbatidan ham parchalar ko‘rsatildi. «Mening vakilimsiz, agar siz adolatli ishlasangiz, hamma uyga kira olaman. Adolat bo‘lmasa, ishsizlik bo‘ladi, men olib bergan dorilarni tanishlariga berishadi, men aytgan kasalxonaga odamlarni yotqizishmaydi», dedi prezident Do‘stlik mahallasi raisi Ma’mura opaga.

Hokim yordamchisiga yuzlangan prezident davlat bozor iqtisodiyotiga o‘tib borayotgani, buni odamlarga tushuntirish kerakligini aytdi: «Sening vazifang bozor iqtisodiyoti bilan sotsializmning farqini odamlarga ko‘rsatish. Oldingi tizimda odamlar oylikka ishlayvergan, lekin bu yetmayapti-ku. Biz asta-sekin bozorga o‘tyapmiz».

«Jinoyat juma, shanba kuni bo‘lardi»

Prezident Do‘stlik mahallasidagi uchastka noziri bilan suhbatda ularga bejizga uy berilmaganini aytdi: «Avval sizlar juma, shanba uyga ketardinglar, jinoyat juma, shanba kuni bo‘lardi. Men ham mahallada yashaganman, uchastkavoyni ko‘rmasdim. Sizga uy berishimizdan maqsad shuki, sen bu yerda yashashing kerak, chirog‘ing yoniq bo‘lsin, bayroq osig‘liq tursin, odamlar o‘zini xavfsiz his qilsin».

«Yer ajratishda tanish-bilishchilik bo‘lmaydimi?»

Prezident Yangihayot industrial texnoparkida ham bo‘ldi. Yerlar qanday ajratilishi borasida investitsiyalar va tashqi savdo vaziri o‘rinbosari Aziz Voitovga ilmoqli savol berdi: «Yer ajratishda tanish-bilishchilik bo‘lmaydimi? Hammasini Voitov ajratibdi deyishmaydimi?» Ortiqxo‘jayev va Voitov esa yerlar auksion orqali berilishini jo‘r bo‘lib aytishdi.

«Toshkent ham Andijonga o‘xshab boryapti»

Prezident ishlab chiqarishga oid qurilishlarni ham ko‘p qavatli qilish vaqti kelganini gapirar ekan, Toshkentda yer kam qolayotganini eslatdi: «Toshkent ham Andijonga o‘xshab boryapti, yer qolmayapti. Endi uskunalarni 2-3 qavatga chiqarish kerak. Yaponiyada 40-qavatda stanok turibdi, Xitoyda 51-qavatda yonimizda stanok ishlayotgandi. Biz esa bir paqir suvni tepaga olib chiqolmayapmiz».

«Davlat qarzi bo‘lmasa...»

Prezident yangihayotlik va sergelilik faollar bilan uchrashuvda O‘zbekiston tashqi qarz moliyaviy instrumentidan nega ko‘p foydalanayotganiga ham izoh berdi: «Tashqi qarz to‘g‘ri yo‘naltirilyapti. Agar shu bo‘lmasa, oyliklar ham bo‘lmasdi, metro ham bo‘lmasdi, oyliklar ham oshmasdi. O‘tiraverardik qarsak chalib, balandparvoz gapirib».

«Vaqtli turish kerak, insof bergani rost bo‘lsin»

Prezident tuman hokimlariga vaqtliroq turish kerakligini ham eslatdi. «Hokimlarga necha marta aytaman soat 06:00da tur deb, 06:00 emas, 05:30da yorishib ketyapti hozir. Yorishdimi? Turyapsanmi? Yaxshi, senga insof bergani rost bo‘lsin», dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mavzuga oid