Sport | 23:05 / 28.02.2022
24439
2 daqiqa o‘qiladi

FIFA va UYeFA Rossiya milliy jamoasi hamda klublarini barcha xalqaro turnirlardan chetlatdi

FIFA va UYeFA o‘zaro muzokaralardan keyin Ukrainadagi harbiy vaziyat sababli Rossiya futboliga jiddiy sanksiyalar e’lon qildi.

Foto: Getty Images

Unga ko‘ra, FIFA futbol bo‘yicha Rossiya milliy jamoalarini barcha xalqaro turnirlardan chetlatdi. Xususan, JCh-2022 pley-off o‘tish o‘yinida Polshaga qarshi maydonga tushishi belgilangan Rossiya milliy jamoasi muddatdan avval Qatar-2022 mundialiga bora olmaydigan bo‘ldi. 

FIFA bayonotidan tashqari, UYeFA ham rus klublarini o‘z bayrog‘i ostida o‘tadigan barcha xalqaro turnirlardan chetlatganini e’lon qildi. Jumladan, Yevropa ligasi 1/8 finalida 10 va17 mart kunlari «Leypsig»ga qarshi maydonga tushishi lozim bo‘lgan Moskvaning «Spartak» klubi turnir bilan xayrlashdi.

«Futbol – Ukrainadagi voqealardan jabrlanayotgan barchaning dardini his qilayotganini bildirdi. FIFA va UYeFA prezidentlari Ukrainadagi vaziyat tez orada yumshashiga, futbol tinchlik va odamlar orasida yana birdamlikni targ‘ib qilishiga umid qilishmoqda», - deyiladi bayonotda.

Avvalroq, Polsha, Shvetsiya, Chexiya, Albaniya, Irlandiya, Shveytsariya va Angliya milliy jamoalari Rossiyaga qarshi o‘ynashdan bosh tortishlarini ma’lum qilgan edi. 

Eslatib o‘tamiz, kuni kecha FIFA xalqaro turnirlarda Rossiya milliy jamoasining RFI (Rossiya futbol ittifoqi) nomi ostida ishtirok etishi, qolaversa bayrog‘i va madhiyasidan foydalana olmasligi haqida qaror qabul qilgan edi.

Mavzuga oid