O‘zbekiston | 16:04 / 06.03.2022
39406
12 daqiqa o‘qiladi

«Qora bolta» – internetdagi firibgarliklardan global mafiya imperiyasiga aylangan guruh haqida

«Qora bolta» – Nigeriyada paydo bo‘lgan va hozir global tarmoqqa aylanib ketgan jinoiy to‘da nomi. BBC o‘tkazgan 2 yillik surishtiruvlar davomida guruhning butun dunyo bo‘ylab tarqalgan firibgarlik va qotillik operatsiyalariga oid yangi dalillar topildi.

Foto: BBC

«La’nat butun hayotingga tatiydi»

Doktor Jon Stoun Janubiy Nigeriyadagi Benin universitetida siyosatshunoslikdan dars beradi. U o‘n yillar davomida odam savdosi, internetdagi firibgarlik va qotilliklarni amalga oshirgan «Qora bolta»ning yuqori martabali a’zosi bo‘lgan.

Doktor Jon Stoun «Qora bolta» a’zosi bo‘lganidagi xotiralarini ko‘p eslaydi. Uni qon, qurol yoki otishmalar emas, odamlarning yolvorishlarini xotirlash ko‘p qiynaydi.

«Bu – juda og‘riqli. Marhumlarning oilalari seni la’natlaydi va bu la’nat butun hayotingga tatiydi», - deya afsus qiladi u.

«Qora bolta» mahalliy tilda cult – kalt deb yuritiladi. Guruh a’zosi esa «Bolta odam» – Axeman deb ataladi. Bu guruh o‘zining ashaddiy zo‘ravonliklari bilan ham mashhur. Hatto guruh a’zolarining yo‘lini kesib o‘tish xavfli bo‘lgan. Chunki bundaylar duch kelishi mumkin bo‘lgan qiynoqlar ijtimoiy tarmoqlarda allaqachon tarqalgan. 

Doktor Stoun guruh a’zosi bo‘lgan yillari zo‘ravonliklarda qatnashganini tan oladi. O‘shanda uni «qassob» laqabi bilan chaqirishardi.

Doktor Jon Stoun, «Qora bolta»ning sobiq a’zosi
Foto: BBC

Stoun «Qora bolta» a’zolaridan xalqaro OAVga to‘da haqida ma’lumot bergan birinchi odam bo‘ldi. BBC 2 yillik surishtiruvi davomida ko‘pchilik bilan aloqa o‘rnatib, to‘daning o‘zaro aloqalariga oid minglab maxfiy hujjatlarni topdi. Natijalar «Qora bolta»ning o‘tgan o‘n yillikdagi eng keng qamrovli va juda xavfli jinoiy guruhlarga aylanganini ko‘rsatgan.

Ular qurbonlar sonini futbol hisobidek yuritadi

Bolta odamlar Afrika, Yevropa, Osiyo va Shimoliy Amerikadagi oddiy odamlar orasida ham yuribdi. Hatto elektron pochtangizga ulardan xat kelgan bo‘lishi ham mumkin.

BBC «Qora bolta»ning o‘n minglab sirli hujjatlarini qo‘lga kiritgan odamni topishga muvaffaq bo‘lgan. Ma’lumot beruvchi asl ismini oshkor qilmay, Uche Tobiac taxallusidan foydalanishni afzal ko‘rdi. U taqdim qilgan hujjatlar guruh a’zolari deb taxmin qilingan yuzlab odamlarning shaxsiy aloqalariga oid. 2009-2019-yillardagi xabar almashinuvlarida qotillik, dori kontrabandasi va internetdagi firibgarliklar haqida gap boradi. Bu materiallarning ko‘pi vahshiyliklar haqida va ularni nashr etishning imkoni yo‘q.

Uche Tobiac – BBC’ga ma’lumot yetkazgan odam
Foto: BBC

Bolta odam yaqinda qurbonlarning rasmlarini xalqaro guruhlar bilan ulashish uchun kodlar bilan himoyalangan vebsaytlardan foydalangan.

«Qora bolta» guruhi o‘ziga o‘xshagan dushman kaltlar bilan kim kuchliligini isbotlash uchun doimo urush olib boradi. Ular qurbonlar sonini 15-2, 4-3 kabi futbol hisobidagidek yozib boradi.

«Mugu» yoki «maye» jargonlari ifodalaydigan ma’no

Guruhlar asosiy daromadini internetdagi qallobliklardan topadi. Hujjatlar, bank o‘tkazmalari va minglab elektron pochtalar «Qora bolta» a’zolari dunyo bo‘ylab onlayn firibgarliklarni amalga oshirayotganini ko‘rsatadi. Qallobliklarni amalga oshirish rejalarini a’zolar bir-biri bilan almashadi. Ular merosni o‘marish, ko‘chmas mulkni tortib olish, biznes elektron pochtalari orqali pul yechib olish kabi firibgarlik turlaridan foydalanadi. Vazifalar keng miqyosda amalga oshirilib, puxta operatsiyalar tuziladi, bunda qit’alararo o‘nlab odamlar birga ishlaydi. Taqdim qilingan elektron pochtalar ichida, 2010 yilda «Qora bolta» a’zosi bir odamning 3 million dollar pulini firibgarlik bilan o‘zlashtirib olgani ham aniqlangan.

Elektron pochta xabarlarida «Qora bolta» a’zolari deb gumon qilinayotgan odamlar firibgarlik qilayotganda, soxta yoki o‘g‘irlangan pasportlarlardan foydalangan. Va ular o‘zlariga odamlarni jalb qiluvchi nomlar berishadi. Qurbonlarni «ahmoq» ma’nosini beruvchi «mugu» yoki «maye» jargon so‘zlari bilan atashadi.

«Qora bolta» – fantastik darajadagi yirik tashkilot»

«Qora bolta»ning xalqaro kiberjinoyat tarmog‘i o‘z a’zolari uchun milliardlab dollar o‘maradi. 2017 yilda Kanada rasmiylari jinoiy guruh bilan bog‘liq 5 milliard dollardan ortiq pul yuvish sxemasini yo‘q qilgan. Bunday sxemalar qanchaligini hech kim bilmaydi. Hujjatlarda guruh a’zolari Nigeriya, Buyuk Britaniya, Malayziya, Fors ko‘rfazi davlatlari va boshqa o‘nlab davlatlar o‘rtasida muloqot qilgani ko‘rsatilgan.

Tobiasning so‘zlariga ko‘ra, u firibgarlik bo‘yicha tergovchi bo‘lib ishlagan va qurbonlar bilan uchrashganidan so‘ng «Qora bolta» iziga tushgan.

«Men 30 mingdan ortiq a’zolar borligini taxmin qilgan bo‘lardim. Ular butun Yevropa, Amerika, Janubiy Amerika va Osiyo bo‘ylab tarqalgan. Bu – shunchaki kichik klub emas, bu fantastik darajadagi katta tashkilot», deydi Tobias.

Uning gapini xalqaro huquqni muhofaza qilish organlarining xulosalari ham tasdiqlaydi. 2021 yilgi Uyushgan jinoyatchilik indeksiga ko‘ra, Nigeriya qit’ada uyushgan jinoyatchilikning eng yuqori darajasiga egaligi ko‘rsatilgan. Va bu tarmoqlar xorijda kengaymoqda.

Italiya «Qora bolta» tarmoqlari kengayishiga qarshi choralar ko‘ryapti. 2021 yil aprelida guruh a’zosi deb taxmin qilingan 30 kishi odam savdosi, internet firibgarligi uchun hibsga olingan.

AQShda 2019 yil noyabridan 2021 yil sentyabrigacha ko‘p million dollarlik internet firibgarligida gumonlanib 35 kishi hibsga olingan. Va yana «Qora bolta»ning Janubiy Afrikadagi 9 a’zosini qo‘lga tushirish uchun xalqaro operatsiya boshlangan.

«Kiberjinoyat bu – ko‘p trillion dollarlik sanoat, uni nazorat qilishning iloji yo‘q. Shu tufayli odamlarning xonavayron bo‘lganini, kompaniyalar kasodga uchraganini ko‘rganman», deydi Federal tergov byurosining 30 yil kiberjinoyat departamentida ishlagan sobiq maxsus agenti Skott Augenbaum.

«Qora bolta»ga a’zo qilish marosimi

«Qora Bolta» jinoiy imperiyasining ildizlari Nigeriyaga borib taqaladi. Bu guruh 40 yil oldin Edo shtatidagi Benin shahridan topilgan. Bolta odamlarning ko‘pi shu joydan va bu guruhning xalqaro kengayishida muhim rol o‘ynaydi. BMTning qochoqlar bo‘yicha komissari ma’lumotiga ko‘ra, Nigeriyadan xorijga ketayotganlarning 70 foizi Edodan.

Guruh asosan Nigeriyada universitetning 26-23 yoshli talaba yigitlarini yollaydi. A’zo bo‘lish «bamming» deb ataladigan marosim bilan boshlanadi va juda shafqatsiz o‘tadi.

Benin shtati, «Qora bolta» qarorgohi
Foto: BBC

«Bamming» a’zo tanlash kuni bo‘lib, guruhga qo‘shishdan oldin, bo‘lajak a’zoni o‘rmonga olib borishadi, noinsoniy qiynoqlarni unda sinab, oxirida guruhga a’zo qilishadi. «Qora bolta»ga qo‘shilishning sabablari turli xil. Ba’zilar majburan, ba’zilar ko‘ngilli, bo‘lib qo‘shiladi. Ammo bundan yaxshi foyda olishlariga shubha yo‘q.

Doktor Stounning aytishicha, Nigeriya ishsizlik bo‘yicha dunyoda 2-o‘rinda turadi. Shunday qiyin sharoitda «Qora bolta»ga a’zo bo‘lish sizni va biznesingizni himoya qilishni kafolatlaydi. Guruh a’zolari Nigeriya armiyasi, havo, dengiz kuchlarida ham bor.

NBM va «Qora bolta» bitta tashkilotmi?

Guruh Afrikaning Neo Qora Harakati (Neo Black Movement of Africa – NBM) deb nomlangan talabalar birodarligidan kelib chiqqan. U 1970-yillarda Benin universitetida tashkil topgan. NBMning ramzi zanjirlarni sindiruvchi qora bolta edi va uning asoschilari zulmga qarshi kurashishni o‘z maqsadi deb elon qilgan.

NBM bugungi kunda ham mavjud va Nigeriya korporativ xizmatlar komissiyasida qonuniy ro‘yxatdan o‘tgan kompaniya hisoblanadi. U butun dunyo bo‘ylab 3 million a’zosi borligini da’vo qiladi va muntazam ravishda Nigeriya va xorijda mehribonlik uylari, maktablar va politsiyaga xayr-ehsonlar qilib boradi. U har yili yirik konferensiyalar o‘tkazadi, ularning ayrimlarida taniqli siyosatchilar va mashhur shaxslar ishtirok etadi.

 NBM rahbarlarining ta’kidlashicha, «Qora bolta» degan guruh yo‘q, bo‘lsa ham, NBMning unga aloqasi yo‘q.

«NBM «Qora bolta» emas. Uning jinoyatchilik bilan hech qanday aloqasi yo‘q. NBM dunyodagi buyuklikni targ‘ib qilishga intiladigan tashkilotdir», degan tashkilotning amaldagi prezidenti Olorogun Ese Kakor 2021 yil iyul oyida BBC’ga bergan intervyusida.

Xalqaro huquqni muhofaza qilish organlari esa buni rad etadi. AQSh Adliya vazirligining 2018 yildan buyon «Qora bolta» a’zolarini ta’qib qilish davomida bergan bayonotlarida NBM «jinoiy tashkilot» va «Qora bolta»ning bir qismi ekani aytiladi. Shunga o‘xshash bayonotlar Kanada rasmiylari tomonidan ham berilgan.

BBC o‘rganayotgan hujjatlarda ham «Qora bolta» a’zolari va NBM korporatsiyasi o‘rtasidagi aloqa aniqlangan.

Yosh «Bolta odam»
Foto: BBC

Hujjatlarning aksariyati 2012 va 2016 yillar oralig‘ida NBM prezidenti bo‘lgan Augustus Bemigho-Eyeoyiboga tegishli elektron pochta hisobidan olingan. Bu fayllar janob Bemigho keng ko‘lamli internet firibgarligi bilan shug‘ullanganini ko‘rsatadi.

Bemigho yozishmalarida millionlab pul yig‘ish uchun NNTlar tashkil qilish haqidagi xatlar topilgan.

«Qora bolta»ga qarshi kurash

NBM nomi ostida faoliyat ko‘rsatayotgan tashkilotlar butun dunyo bo‘ylab tarqalgan, jumladan Buyuk Britaniya va Kanadada ham. Shu nom ostida YouTube, Instagram va Facebook’da kamida 50ta akkaunt topiladi. Shuningdek, korporatsiyaning rasmiy ijtimoiy media kanallari ham bor. Ba’zi akkauntlarda 100 mingdan ziyod obunachilar bor. Bularning ayrimlarida «Qora bolta»ni eslatuvchi emoji, qurol yoki bolta ko‘targan odamlarning rasmi va ba’zan shiorlar ham yozilgan.

Doktor Stounning aytishicha, Nigeriya parlamentida hatto ijrochi organda ham «Qora bolta» a’zolari bor. Ular nigeriyalik bo‘lajak siyosatchilar, raqiblarni qo‘rqitish, saylov qutilarini qo‘riqlash va odamlarni ovoz berishga majburlash uchun «Qora bolta» a’zolarini yollaydi.

Doktor Stoun hozir sobiq kaltchilar, Nigeriya fuqarolari va professorlardan iborat «Kamalak koalitsiyasi» tashkilotini tuzgan. Bu – «Qora bolta»ni biroz tiyib turish, jinoyatchilikni kamaytirish vazifasini bajaradi. Stoun uni izlab kelishlarini biladi, shuning uchun ham o‘zi bilan litsenziyalangan qurol olib yuradi.

«Shaxsiy xavfsizlik uchun bundan boshqa iloj yo‘q. Ular meni poylab yurishganda, nega men bunday qilolmayman?» degan u nimtabassum bilan.

Zuhra Abduhalimova tayyorladi.

Mavzuga oid