Jamiyat | 19:26 / 07.03.2022
37924
9 daqiqa o‘qiladi

“O‘zbek ayoli chiroyli sharoitlarda yashashga loyiq” - vodiyning yagona ayol hokimi bilan suhbat

Bo‘ston tumani hokimi Sanobar Nosirova biz bilan suhbatda dehqon oilasidan chiqqani, rahbarlik karerasi, hokim sifatidagi faoliyati va turli mavzularga shaxsiy qarashlari haqida so‘zlab berdi.

Davlat va jamiyat boshqaruvi, xususan, hokimlikda ayol rahbarlarni ko‘pda ko‘ravermaymiz. Bu borada O‘zbekistonda faqat 2020 yildan hokimlikka ayollarni tayinlash amaliyoti joriy qilina boshlandi. Ayni vaqtda esa O‘zbekistonning 200ga yaqin tuman va shaharlarning 4tasiga ayollar rahbarlik qilmoqda.

Biz ana shunday kam sonli ayol hokimlardan biri, 2021 yil avgustidan buyon Andijon viloyati Bo‘ston tumaniga rahbarlik qilib kelayotgan Sanobar Nosirova bilan suhbatlashdik.

— Hokim bo‘lib tayinlanganingizga, mana, 6 oy bo‘ldi. Hokim bo‘lib ishlash fe’l-atvoringizga ta’sir o‘tkazdimi, bu oilada bilinyaptimi?

— Tuman hokimligiga tayinlanishimdan oldin ham uzoq yillar davlat tashkilotlarida, qolaversa xususiy sektorda o‘zimning korxonalarimda rahbarlik lavozimida faoliyat yuritganman. Shuning uchun bu vazifa meni xarakterimda katta o‘zgarish ro‘y berishiga sabab bo‘lmadi, faqat menda endi jiddiylik va fuqarolarni tinglash xususiyatlari paydo bo‘ldi.

Oilaga ta’sir ko‘rsatishiga keladigan bo‘lsak, mening ikkita qiz farzandim bor, ularni turmushga berganman, o‘g‘lim chet elda o‘qishda. Qaynonam bilan turaman, u kishi ham uzoq yillar rahbar bo‘lib ishlagani uchun meni juda yaxshi tushunadi, ustozlik qiladi. Ishdan kayfiyatim yomon bo‘lib qaytganimda menga dalda bo‘ladi. Qolaversa, hokim sifatida fuqarolarni tinglashni o‘rgandim.

— Hokimlikkacha bo‘lgan hayot yo‘lingiz haqida gapirib bering.

— Men Qo‘rg‘ontepa tumanining Dehqonobod qishlog‘ida hunarmand oilasida tug‘ilganman. Yoshligimdan maktabda faol va lider edim. Maktabni “Oltin medal”ga bitirganim uchun oliy o‘quv yurtiga imtihonsiz, bitta suhbat bilan qabul qilinganman. Andijon paxtachilik institutida komsomol yetakchisi edim; u paytlarda ham a’lo o‘qiganlar uchun xuddi hozirgi Prezident stipendiyasi singari Lenin stipendiyasi berilar edi, o‘sha imtiyoz sohibasi bo‘lganman. O‘sha paytlarda Paxtachilik institutiga kirgan qiz-yigit albatta jamoa xo‘jaligiga (kolxoz) rais, tumanga hokim bo‘lishni orzu qilar edi. Bizni qarindosh-urug‘lar ichida davlat tashkilotlarida ishlagan ko‘p edi. Xolam jamoa xo‘jaligi raisi, ammam tuman XTB rahbari edi. Menda ham rahbar bo‘lishga intilish shundan bo‘lsa kerak. Onam oliy ta’limda ukalarini o‘qitaman deb o‘zi o‘qiy olmagan, oddiy muslima ayol edi. Mening muvaffaqiyatlarimdan quvonar edi.

Men o‘qishni bitirib, “Savay” sovxoz-texnikumida agronomiyadan dars berdim. Ilmiy izlanishlarim bor edi. Texnikumda qattiqqo‘l ustozlar qo‘lida shakllandim. O‘sha paytda O‘zbekistonda juda ko‘plab tijorat banklari ochilgan edi. Iqtisodiyotga qiziqish uyg‘ondi. “G‘allabank” ATBga kassir bo‘lib ishga kirdim. Ikkinchi mutaxassislikka Andijon iqtisodiyot institutida o‘qib shu soha egasi bo‘ldim. Shundan so‘ng bank filiali rahbari lavozimida faoliyat yuritdim.

Men doim bir ishga urinsam, shuni oxirigacha borishni o‘ylaganman, qat’iyatlilik menga otamdan yuqqan. O‘sha paytlarda kredit uyushmalariga imkoniyatlar berildi, natijada “Buyuk Turon” kredit uyushmasiga rahbar bo‘ldim. Bir nechta xo‘jalik sub’yektlarini ochib, o‘sha yerda faoliyat yuritdim. Xalq deputatlari viloyat kengashiga “Savay” okrugidan ikki marta saylanganman. Ko‘rib turganingizdek, xalq ichida, uning muammolarini sezib yashash menga begona emasdi. Shuning uchun hokimlikka men tayyor edim.

— Hokim uchun eng qiyin vaziyat nimada ekan?

— Bu lavozimga tayinlanganimga yarim yil bo‘ldi, shu vaqt ichida qaysidir xodimni ishdan olish yoki ishdan bo‘shatish sizning birgina xulosangizga bog‘liqligi juda qiyin holat ekanini tushundim. Hokimlik ma’suliyati shundaki, birgina o‘ylaymay qilgan harakatingiz orqali qaysidir tashkilot ishini to‘xtatishi, ishchilar ishsiz qolishi mumkin. Hokim vazminlik bilan ish ko‘rishi, yetti o‘lchab bir kesishi kerak ekan.

— Yoqtirgan mashg‘ulotingiz qaysi?

— Dehqonchilikka qiziqishim katta. Bundan hecham uyalmayman, iloji bo‘lsa gektarlab piyoz, sabzi yetishtirgan bo‘lardim. O‘z tomorqamda bodring, pomidor, gullar va boshqa ekinlar yetishtirishni yaxshi ko‘raman. Qo‘y, qoramol, tovuq boqish, sigir sog‘ish ham men uchun maroqli.

Men dehqon oilasida tug‘ilganman. Hozir menga bir gektar yer berishsa, uni dehqon ayollardan ko‘ra tezroq va yaxshiroq chopib berishim mumkin.

Onalarimizdan meros – rayhon o‘stiraman. Kitob o‘qish, ayniqsa Zahiriddin Muhammad Bobur asarlari mutolaasiga juda ham qiziqaman. Oxirgi paytlarda shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining asarlarini ko‘proq o‘qiyapman.

— Rahbar ayollarni o‘z qo‘l ostidagilarni beposhna so‘zlar bilan haqorat qilganini eshitib qolamiz. Sizning lug‘atingizdagi eng yomon so‘kish qaysi?

— Har qanday vaziyatda insoniylik va o‘zbekona madaniyatni unutmasligimiz kerak. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, jamiyatda inson qadri, sha’ni birinchi o‘rinda turishi lozim. Men odamlar bilan gaplashganda doim o‘zimni bosiq tutishga harakat qilaman. Rosa jahlim chiqsa, eng qattiq ishlatadigan so‘zim “ahmoq” bo‘lishi mumkin. O‘zimga yaqin olgan insonga aka-ukam, opa-singlimdek “sen”lab gapiraman. Agar kimdandir norozi bo‘lsam, “siz”lab gapiraman.

— Erkaklar va ayollardagi qaysi xususiyatlarni qadrlaysiz va qaysi kamchiliklarini yoqtirmaysiz?

— Erkak oilada doim bosh bo‘lishi kerak. Erkaklar rahbar bo‘lgan oila farzandlari, ayniqsa yigitlar kelajakda qiynalmaydi. Qat’iatli va bir so‘zli bo‘ladi. Aksincha, ayollar o‘z so‘zini o‘tkazgan oila vakillari har bir ishni boshlashdan oldin “So‘rab ko‘ray-chi” qabilida ish tutadi. Erkaklarimiz erkakligicha, ayollarimiz o‘zbekona ibo-hayoli bo‘lishi tarafdoriman.

— Hayotingizdagi eng qayg‘uli va eng shodon kunlaringiz?

— Inson umri davomida o‘zi uchun yaqin bo‘lgan insonlarni yo‘qotishi eng qayg‘uli kunlar bo‘lsa kerak. Otamning yoshligimda olamdan o‘tgan, keyinchalik qaynotam vafot etdi, buning ortidan avtohalokat oqibatida turmush o‘rtog‘imni yo‘qotganman. Undan tashqari, ikki yil bo‘ldi, uch farzandim bilan qolgangimda, dadam va turmush o‘rtog‘imning yo‘qligini bildirmay yonimda turgan yaqin kishimni ham yo‘qotdim.

Eng quvonchli kunlarim, albatta, farzandli bo‘lganim, qizlarimni uzatganim, nabiralarimning dunyoga kelgani.

— O‘zbek ayoli qanday sharoitda yashashi kerak?

— Ayollarimizning oilada yaxshi sharoitda yashashini xohlayman. Ularni xonadonida chiroyli tandiri, tartibli o‘chog‘i, qulay hojatxonasi bo‘lsa qanday yaxshi. Qani edi barcha ayollarimizning uylarida zamon talabiga mos chiroyli sanuzeli bo‘lsa. Yashash sharoiti yaxshi bo‘lsa, ayollarimiz chet elga ham ketmaydi.

— Hayotdagi shioringiz?

— O‘zimga yuklangan vazifalarni qat’iyat bilan bajarish. Bugungi kundan, zamondan orta qolmaslik. Asosiysi, menga prezidentimiz 75 ming nafar aholi yashaydigan tumanni ishonib topshirgan. Mana shu ishonchni oqlash va azm-u shijoat bilan mehnat qilish meni shiorimdir.

Elmurod Ermatov,
Kun.uz muxbiri

Tasvirchi va montaj ustasi –
Azizbek Ismoilov

Mavzuga oid