O‘zbekiston | 15:11 / 07.03.2022
5529
2 daqiqa o‘qiladi

YPX xodimining qonuniy talabiga bo‘ysunmay, o‘ziga lezviya orqali jarohat yetkazgan haydovchi jazoga tortildi

Foto: Toshkent viloyati YHXB axborot xizmati

Haydovchi jarimadan qochish maqsadida baland ovozda baqir-chaqir qiladi va yonidagi o‘tkir tig‘li jism (lezviya) bilan o‘zining qorin qismiga tan jarohati yetkazadi. Bu haqda Toshkent viloyati YHXB axborot xizmati xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, 16 fevral kuni Ohangaron shahri A.Temur ko‘chasida xizmat olib borayotgan YPX inspektori X.Qambaraliyev Nexia rusumli transport vositasiga to‘xtash ishorasini beradi. Haydovchi 1991 yilda (Farg‘ona viloyati) tug‘ilgan T.Sh. YPX inspektorining qonuniy talablarini bajarmasdan, harakatlanishda davom etadi.

Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida haydovchi ushlanadi va transport vositasini boshqarish uchun tegishli hujjatlari yo‘qligi aniqlanadi.

Shundan so‘ng, haydovchi mayda bezorilik harakatlarini amalga oshirib, jamoat joyida jarimadan qochish maqsadida baland ovozda baqir-chaqir qiladi va yonidagi o‘tkir tig‘li jism (lezviya) bilan o‘zining qorin qismiga tan jarohati yetkazadi.

YPX inspektori haydovchining ushbu xatti-harakatlariga qonuniy chora ko‘rilishi uchun uni shahar IIBga topshiradi va uning xatti-harakatlari yuzasidan kerakli hujjatlar to‘planib, Ohangaron shahar sudiga jo‘natilgan.

O‘tkazilgan sud jarayonida haydovchi T.Sh. MJtKning 183-moddasiga ko‘ra aybdor deb topilib, 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi belgilangan.

Mavzuga oid