O‘zbekiston | 10:11 / 10.03.2022
25554
2 daqiqa o‘qiladi

Hokim yordamchisi pora olayotganida ushlandi

Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumani hokimining yordamchisi B.X.ni firibgarlik yo‘li bilan 5,5 mln so‘m olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.

Foto: Kun.uz

Ma’lum qilinishicha, Jarqo‘rg‘on tumani Yangiobod mahallasida yashovchi fuqaro huquqni himoya qilish organlariga ariza bilan murojaat qilgan. Arizada u Jarqo‘rg‘on tumani hokim yordamchisi B.X. unga Yangiobod mahallasi hududidan stadion va sport majmuasi qurish uchun “Ye-auksion” orqali tuman hokimligi zaxirasida bo‘lgan 60 sotix yer maydonini tanishlari orqali olib berishda yordam berishi mumkinligini aytib, buning evaziga 5,5 million so‘m pul talab qilganini bildirgan.

Bosh prokuratura huzuridagi Departament hamda DXX Jarqo‘rg‘on tumani bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Jarqo‘rg‘on tumani hokimi yordamchisi B.X. ariza muallifidan 5,5 million so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Qayd etilishicha, B.X.ning harakatlarida Jinoyat kodeksining 168-moddasi 1-qismi va 28,211-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlar tarkibi mavjudligi nazarda tutilib, unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Bu – O‘zbekistonda hokim yordamchilari bilan bog‘liq ochiqlangan birinchi jinoyat bo‘ldi. Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistondagi barcha 9 mingdan ortiq mahallalarda hokim yordamchisi lavozimi 2022 yildan joriy etilgandi.

Mavzuga oid