Toshkent, Farg‘ona va Namangan viloyatlarida yirik miqdorda narkotik moddalar hamda taqiqlangan dorilarning noqonuniy muomalasiga chek qo‘yildi
DXX tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda Toshkent viloyatida ikki nafar shaxs 9,1 kilogramm, Farg‘ona viloyatida esa yarim kilodan oshiqroq opiy bilan qo‘lga olingan. Yana bir necha fuqaro taqiqlangan dori vositalarini olib ketayotganda ushlangan.
DXX Toshkent viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan viloyat bojxona boshqarmasi bilan hamkorlikda Zangiota tumani hududida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbirda, Samarqand viloyatining Urgut tumanida yashovchi, 1990 yilda tug‘ilgan 2 nafar fuqaro 9,1 kilogramm opiy giyohvand moddasini 54 ming AQSh dollariga sotayotgan vaqtda ushlangan.
Dastlabki surishtiruvda aniqlanishicha, ular muqaddam tojikistonlik narkokurer tomonidan kontrabanda yo‘li bilan Urgut tumani hududiga o‘tkazilib, xufiyona joyga yashirib qo‘yilgan ushbu opiyni sotib, pulini tojikistonlik narkosavdogarga yetkazib berishlari evaziga 2700 dollari olishlari kerak bo‘lgan.
Toshkent viloyatida kuzatilgan yana bir holatda Zangiota tumanida yashovchi, 1985 yilda tug‘ilgan shaxs Qozog‘istondan olib kelingan 19 ming 360 dona “Tramadol” dori vositasini sotmoqchi bo‘lgan vaqtida ushlangan.
Shuningdek, uning yonida qo‘shimcha 40 dona hamda yashash manzilida esa 20 ming 250 dona “Tramadol” tabletkalari borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan. Bundan tashqari, uning jinoiy sherigi, muqaddam sudlangan, 1980 yilda tug‘ilgan shaxs ham qo‘lga olingan.
Tezkor tadbir davomida olib qo‘yilgan jami 39 ming 650 dona “Tramadol” dori vositasining umumiy qiymati 800 million so‘mni tashkil etadi.
Farg‘ona viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Toshloq tumani hududida harakatlanayotgan “VAZ 2102” mashinasi to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilganda, unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan, Toshkent shahrida yashovchi, 1975 yilda tug‘ilgan shaxsning yonidan 465 gramm opiy topilgan.
Bundan tashqari, Oltiariq tumani hududida harakatlanayotgan, Buvayda tumanida istiqomat qiluvchi, 1968 yilda tug‘ilgan shaxs boshqaruvidagi Lacetti mashinasi salonida 239 gramm gashish giyohvand moddasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.
Shuningdek, “Vodil-Farg‘ona” yo‘nalishida harakatlanayotgan, Farg‘ona shahrida yashovchi, 1972 yilda tug‘ilgan muqaddam sudlangan fuqaro boshqaruvidagi mashina to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilganda uning yukxonasida 1 786 dona “Tropikamid” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasi borligi aniqlangan va tegishli tartibda olib qo‘yilgan. Shuningdek, ushbu “Tropikamid” dori vositalarini Qirg‘izistondan olib kelgan, muqaddam sudlangan, 1974 y.t. fuqaro ham ushlandi.
Namangan viloyati Chust tumanida Sobalt mashinasi ko‘zdan kechirilganda, unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan, Kosonsoy tumanida yashovchi, 1985 yilda tug‘ilgan shaxsga tegishli sellofan paketda 3.390 dona “Zardeks” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasi borligi ma’lum bo‘lgan.
Surishtiruvlar davomida, kuchli ta’sir etuvchi dorilar aylanma yo‘llar orqali Qirg‘izistondan olib o‘tilgani aniqlangan.
Qayd etilishicha, yuqoridagi holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Mavzuga oid
13:06
Toshkentdagi avtobusga noma’lum shaxslar salon ayol va erkaklar uchun ajratilgani haqidagi posterni yopishtirib ketdi
11:35
18 yoshli xavfli retsidivist: Namanganda mashina olib qochgan o‘smir ozodlikdan mahrum qilindi
11:59 / 05.11.2024
O‘zbekistonlik olimlar Farg‘ona vodiysidan yangi baliq turini topdi
21:58 / 04.11.2024