O‘zbekiston | 13:52 / 11.03.2022
3579
2 daqiqa o‘qiladi

Navoiyda haydovchi 3 yildan buyon soxta “prava” bilan mashina boshqarib yurgani aniqlandi 

U 2018 yilda haydovchilik guvohnomasini yo‘qotib qo‘ygan hamda o‘zi rangli printer yordamida soxtasini tayyorlab olgan.

Foto: IIB axborot xizmati

Navoiy shahrining Tinchlik qo‘rg‘onida yashovchi fuqaro I.I. soxta haydovchilik guvohnomasi bilan mashina boshqarib yurgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Kun.uz’ga Navoiy viloyati IIB axborot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, 2022 yilning 12 yanvar kuni I.I. tegishli hujjatlarsiz Matiz mashinasini boshqargani aniqlangan va mashina jarima maydoniga joylashtirilgan. So‘ngra u mashinasini jarima maydonidan chiqarish uchun soxta haydovchilik guvohnomasini taqdim etishi mumkinligi to‘g‘risida olingan ma’lumot asosida IIV ShXBB Navoiy viloyati bo‘yicha bo‘limi xodimlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Tadbir davomida haydovchi tomonidan taqdim etilgan haydovchilik guvohnomasining haqiqiy ekaniga shubha uyg‘onib, hujjatlar rasmiylashtirib olingan. Holatga aniqlik kiritish maqsadida Navoiy viloyati IIB YHXB ro‘yxatdan o‘tkazish va imtihon olish bo‘limi maxsus bazalari hamda arxivi tekshirilganda, I.I. nomiga 2016 yilning 19 dekabr kuni haydovchilik guvohnomasi rasmiylashtirilgani, ammo uning yo‘qolgani bo‘yicha murojaat kelib tushmagani ma’lum bo‘lgan. Holat yuzasidan haydovchi 2018 yilning kuz oylarida haydovchilik guvohnomasini yo‘qotib qo‘yganini hamda rangli printer yordamida uning soxta nusxasini tayyorlab, mashina boshqarishda foydalanib yurganini bildirgan. 

Hozirda holat yuzasidan haydovchiga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid