O‘zini Aksilkorrupsiya agentligi xodimi sifatida tanishtirgan firibgar 5,5 yilga ozodlikdan mahrum qilindi
Facebook ijtimoiy tarmog‘ida Murod Mo‘minov profili bilan o‘zini Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xodimi sifatida tanishtirib, fuqarolarning 20 ming dollardan ortiq pullarini aldov yo‘li bilan o‘zlashtirgan shaxs 5,5 yilga qamaldi.
Agentlik matbuot xizmatining xabar berishicha, u fuqaro N.S.ga o‘zini Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xodimi sifatida tanishtirib, avtomashina va uy olib berishni va’da qilgan hamda 11 ming dollar miqdoridagi pul mablag‘larini aldov yo‘li bilan qo‘lga kiritgan.
«M.Mo‘minov Aksilkorrupsiya agentligi tomonidan o‘tkazilgan rasmiy tadbirlarda boshqa fuqarolar qatorida qatnashib, tadbirga doir foto-videolavhalarni o‘zida saqlab olgan. Mazkur ma’lumotlarni atrofidagilarga ko‘rsatish orqali o‘zining agentlik xodimi ekanligiga ishontirishga harakat qilib kelgan. Shuningdek, u Facebook ijtimoiy tarmog‘ida profil ochib, o‘zining agentlikdagi ish faoliyati to‘g‘risida yolg‘on ma’lumotlarni joylashtirgan», - deyiladi agentlik bayonotida.
Firibgarlikdan jabrlangan fuqaro M.Mo‘minovga nisbatan qonuniy chora ko‘rilishini so‘rab, agentlik direktori nomiga ariza bilan murojaat qilgan. Holat yuzasidan Yakkasaroy tumani ichki ishlar idorasi tomonidan unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borildi.
Agentlikning ma’lum qilishicha, M.Mo‘minov 2020 yilda ham boshqa fuqaro – D.S.ning ishonchiga kirib, uning 110 million so‘m pulini o‘zlashtirib yuborgan.
Sud hukmiga ko‘ra, M.Mo‘minov O‘zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 3-qismi «a» va «b» bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi. Unga nisbatan 5 yil-u 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Shuningdek, sud qarorida M.Mo‘minovdan jabrlanuvchi D.S.ning foydasiga 110 mln so‘m, N.S.ning foydasiga esa 130 mln so‘m undirilishi belgilandi.
Mavzuga oid
17:45 / 13.06.2024
“Ma’lumotlar berilmagan” – Aksilkorrupsiya agentligi “GASN”ning korrupsiyaga qarshi reytingdagi qoniqarsiz o‘rni haqida
17:26 / 24.11.2023
Aksilkorrupsiya agentligi Hajga navbatlarni ochiqlashni taklif qildi. Bajarilmayotgan bu talab hukumat qarorida 6 yildan buyon mavjud
15:34 / 13.11.2023
Davlat organlari o‘z xarajatlarini e’lon qilishda jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘yishyapti – Aksilkorrupsiya agentligi
13:49 / 29.10.2022