«Barsa» klasiko arafasida shou uyushtirdi, fanatlar Messi va Neymarga hushtakbozlik qildi. Kuchli beshlikda tur yakunlari
Yakshanba oqshomida Yevropa futbolida ro‘y bergan asosiy voqealar.
Angliya: «Chelsi» sanksiyalarga qaramay g‘alaba qozonmoqda, yil boshidan buyon yengilmagan «Nyukasl» mag‘lub etildi.
Chelsi — Nyukasl 1:0
Gol: Haverts (89).
Chelsi — Mendi, Chaloba, Kristensen, Ryudiger, Ziyosh, Kante, Jorjino, Sarr (Pulishich, 78), Maunt (Lukaku, 63), Verner (Kovachich, 63), Haverts.
Nyukasl — Dubravka, Mankilo (Geyl, 90+1), Sher, Lassels, Bern, Targett, Merfi (Freyzer, 90+1), Longstaff, Gimaraesh, Almiron (Sen-Maksimen, 69), Vud.
Roman Abramovichga qo‘yilgan sanksiyalar tufayli «Chelsi» ustida qora bulutlar paydo bo‘lgan. Shu tufayli «Stemford Brij»da futbolga siyosatni aralashtirmaslikni talab qilgan muxlislarni uchratish mumkin. Ammo bu ko‘klarning mushkulini yengillatib qo‘ymaydi. Vaziyat jamoa o‘yiniga ham ta’sir qilmay qolmagan, «Nyukasl»ga qarshi o‘yinning birinchi bo‘limida birorta aniq zarba yo‘llanmadi.
Shu bilan birga Tomas Tuxel jamoasi to‘pga egalik qilish bo‘yicha 70 foiz ustunlik qayd etdi, bunday ustunlikda «Chelsi» ochko yo‘qotishi ham adolatdan bo‘lmasdi. Londonliklar o‘yin oxirida baribir maqsadga erishdi, Jorjinoning diagonal uzatmasidan keyin Havers Dubravkani dog‘da qoldirdi. «Biz odamlarga xursandchilik bag‘ishlash uchun o‘ynaymiz», — dedi o‘yindan keyingi intervyusida Tuxel.
«Arsenal»ni to‘xtatib bo‘lmayapti
Arsenal — Lester 2:0
Gollar: Tomas (11), Lyakazett (59, penalti).
Arsenal — Remsdeyl, Soaresh, Uayt, Gabriel, Tirni, Tomas, Jaka, Saka (Pepe, 85), Edegor, Martinelli (Smit-Rou, 78), Lyakazett (Nketia, 88).
Lester — Shmeyxel, Amarte, Pereyra (Jastin, 61), Suyunji, Tomas, Dyuzberi-Holl, Mendi (Ndidi, 61), Olbrayton, Meddison, Barns, Iheanacho (Daka, 74).
Ogohlantirishlar: Iheanacho (30), Suyunji (58), Daka (80).
«Arsenal» esa yuqori tempda o‘ynashda davom etmoqda. «Lester» ustidan g‘alaba — qatorasiga beshinchisi. «Kanonirlar» so‘nggi to‘rt o‘yinning har birida kamida 20ta zarba yo‘llagan.
Mikel Arteta jamoasi to‘rtinchi o‘rinda o‘zini qulay his qilmoqda. «MYu» bilan oradagi farq atigi bir ochko bo‘lsa-da, londonliklar zaxirasida uchta o‘yin bor. Ammo bu o‘yinlarning birinchisi shu hafta o‘rtasida — «Liverpul»ga qarshi kechadi, chorshanba kuniga qoldirilgan bu o‘yin ikki jamoa uchun ham juda muhim ahamiyatga ega.
Ispaniya: «Sevilya» sovrinni «Real»ga topshirmoqda
Raqobatchilarning o‘zi «Real»ga chempionlik uchun yo‘lni ochib bermoqda. «Sevilya» «Rayo Valekano» bilan durang o‘ynab qo‘ygach, andalusiyaliklar birinchi o‘rindan 7 ochkoga ortda qolmoqda, qolaversa «Real» bu turda «Malorka»ga qarshi o‘yinni dushanba kuni o‘tkazadi. Shu bilan birga sevilyaliklarning turnir jadvalidagi o‘rni mustahkam, ular ikkinchi o‘rindan faqat davomli inqirozga kirib qolsagina tushib ketishi mumkin.
Barselona — Osasauna 4:0
Gollar: Torres (14 penalti, 21), Obameyang (27), Puch (75).
Barselona — ter Stegen, Alves Pike (Langle, 62), Garsiya, Alba (Mingesa, 80), Buskets, Pedro (Puch, 73), Gavi, Dembele, Torres (Breytueyt, 80), Obameyang (Depay, 71).
Osasuna — Errera, Vidal, D.Garsiya, Kruz, Kote, Martines (Brashanats, 73), Torro (U.Garsiya, 46), Monkayola, Benito (Budimir, 68), R.Garsiya (R.Torres, 46), K.Garsiya.
«Barselona» uchun Yevropa Ligasida «Galatasaroy» bilan o‘yindagi golsiz durang — tasodif bo‘ldi. Bu natija kataloniyaliklarni safar o‘yinlarida yaxshi qatnashayotgan «Osasuna»ga qarshi o‘yinga yanada jiddiyroq tayyorlanishga undadi.
«Kamp Nou»da osasunaliklar ko‘p bardosh berib tura olishmadi. 13-daqiqadayoq mehmonlar himoyachisi jarima maydoni ichida Gavini yiqitdi va Ferran Torres to‘p va darvozabonni boshqa-boshqa tomonlarga jo‘natdi. Bu muvaffaqiyat to‘lqinida ko‘k-anorranglilar raqib himoyasini parokanda qilib tashlashdi. Ikkinchi va uchinchi gollarda Dembelening ikki ajoyib uzatmasini e’tirof etish kerak. Yanvar oyida shartnoma bo‘yicha yuzaga kelgan mojarodan keyin fransuz futbolchi va katalonlar klubi umumiy til topa olgan va yangi shartnoma bo‘yicha kelishuvga erishgan ko‘rinmoqda.
Ammo bu kelajakning ishi, hozir esa Xavini mas’uliyatli hafta kutmoqda. Qaysi biri muhimroq ekanini ham aytish qiyin: Yevropa Ligasi javob o‘yinimi yoki yakshanba kuni bo‘ladigan klasiko? Bu o‘yinlarga «Barselona» yuqori formada va la liganing yangi rekordi bilan bormoqda, osasunaliklarga qarshi o‘yinda yakuniy hisobni o‘rnatgan Riki Puch kataloniyaliklar safida joriy mavsumda gol urgan 22-futbolchi bo‘ldi.
Italiya: «Inter» endi soyadagi yetakchi emas
Verona — Napoli 1:2
Gollar: Faraoni (77) — Osimhen (14, 71).
Chetlatishlar: Chekkerini (83), Faraoni (90+8).
«Yuventus» tez sur’atlar bilan yaqinlashib kelayotganini his qilgan Luchano Spalletti jamoasi qiyin raqib ustidan muhim g‘alabaga erishdi. «Napoli» qahramoni Osimhen bo‘ldi, «Verona» himoyachilari uni to‘xtatishga ulgurishmadi. Nigeriyalik hujumchi Politanoning pasini qabul qilganida ham, Di Lorensoning pasiga ochilish uchun himoyachidan qochib ketganida ham. Mezbonlar taslim bo‘lishmadi va goleador himoyachi Faraonining golidan keyin hisobni qisqartirishdi, ammo ularning o‘zi vazifani qiyinlashtirib qo‘yishdi. O‘yin oxirida arbitr «Verona»ning ikki futbolchisiga qizil kartochka ko‘rsatdi, Faraoni bir daqiqa ichida ikki bor ogohlantirildi.
Torino — Inter 1:1
Gollar: Bremer (12) — Sanches (90+1).
«Torino»ga qarshi safar oldidan bitta zaxira o‘yini bo‘lgan «Inter» soyadagi yetakchi bo‘lib turgandi. Ammo yakshanba kungi o‘yin Simone Indzagi ssenariysi bo‘yicha kechmadi. Avvaliga milanliklar so‘nggi uch mavsumda eng ko‘p gol urgan goleador himoyachi Bremerdan (11 gol) o‘tkazib yuborishdi. Keyin mehmonlar bir necha qulay vaziyatlarni yo‘qqa chiqarishdi va yorqin o‘yin ko‘rsatgan Berisha darvozasini ishg‘ol qilishning uddasidan chiqa olishmadi.
Ammo chempionlarga baribir omad kulib boqdi, videotakrordan keyin Ranokkia Belottiga qo‘pollik qilmagani qayd etildi va «Torino» penalti tepa olmadi. Albatta, bu hal qiluvchi vaziyat emasdi, ammo o‘yinga ta’sirini ko‘rsatdi. «Inter» qo‘shimcha daqiqalarda maqsadiga erishdi, o‘yin davomida bir necha vaziyatni ko‘kka sovurgan Jyeko to‘pga bir teginish bilan Aleksis Sanchesni qulay vaziyatga chiqardi. «Neradzurri» mag‘lubiyatdan qutulib qoldi, ammo yo‘qotilgan ochkolar soni bo‘yicha «Milan»dan o‘zib ketdi va qoldirilgan o‘yinda g‘alaba qozonib ham hamshaharlariga yeta olmaydi.
Germaniya: Holand maydonga qaytdi
Bundesligada o‘yin kuni sensatsiya bilan boshlandi — «Bayyer» o‘z uyida mag‘lub bo‘ldi. Leverkuzenliklar shtabi Shikning jarohati tufayli Ozmunga imkoniyat berishmoqda, ammo 64-daqiqada maydonga tushgan eronlik hujumchi gol ura olmadi, Shindler esa «Kyoln»ga yana g‘alaba keltirdi. Bu mag‘lubiyat «Bayyer»ni qiyin vaziyatga solib qo‘ygan, jamoa uchinchi o‘rinni saqlab qolgan, ammo ortdan kelayotgan ta’qibchilar guruhi bilan farq atigi bir ochkoni tashkil qilmoqda.
«Bayyer»ga ikki frontda kurash olib borish uchun kuch va resurslar yetishmayapti. Jamoa vunderkindi Virs ham og‘ir jarohat olib safdan chiqdi va endi yanada ilgarilab ketayotgan «Borussiya»ga yetib olishni emas, hozirgi pog‘onani saqlab qolish muhim. Zaxirada «Mayns»ga qarshi qoldirilgan o‘yini bo‘lgan dortmundliklar peshqadam bilan oradagi farqni 7 ochkoga qisqartirdi. Ammo baribir «Borussiya» uchun «Arminiya» ustidan g‘alaba emas, Holandning safga qaytishi kun voqeasi bo‘ldi. Ikkinchi bo‘lim o‘rtalarida o‘yinga qo‘shilgan norvegiyalik to‘purar 21 yanvardan buyon ilk o‘yinini o‘tkazdi.
«Leypsiga» Chempionlar ligasi to‘rtligidan tashqarida qolishi faqat bir tur saqlanib qoldi. Qaysidir ma’noda «ho‘kizlar»ga ularning sobiq murabbiyi Yulian Nagelsmann yordam berdi, uning boshqaruvidagi «Bavariya» shanba kuni «Hoffenhaym»ning g‘alabali seriyasini to‘xtatdi. Shu bilan birga Domeniko Tedesko ham o‘z ishini qilishi kerak edi va u o‘z vazifasini a’lo darajada uddaladi.
O‘tkazib yuborilgan tezkor gol mehmonlarning jahlini chiqardi va qolgan vaqt davomida autsayderlar himoyasi yakson etildi. Qiziqarli fakt: bundesliga tarixida ikkinchi marta bir o‘yinda bir jamoaning uch futbolchisi ikkitadan golli uzatma muallifi bo‘ldi. Bu uch futbolchi qatorida jamoasining oltinchi golini urgan Nkunku ham bor. «PSJ» tarbiyalanuvchisi bo‘lgan bu futbolchi joriy mavsumda barcha turnirlar doirasida 26 gol urib, 15 golli uzatma muallifi bo‘lishga ulgurdi. Portugaliyalik Andre Silva esa Germaniya chempionatida urgan gollari sonini 50taga yetkazib qo‘ydi - u bu gollarining ko‘p qismini avvalgi jamoasi «Ayntraxt» safida kiritgan (2019-2021 yillarda jami 40 gol).
Fransiya: «PSJ» o‘zini yirik g‘alaba bilan oqladi
«PSJ» Chempionlar ligasidan chiqib ketishi ortidan jamoa sport direktori Leonardoning iste’fosi haqida mish-mishlar bolaladi. Uning o‘rnini Arsen Venger egallashi, bosh murabbiylikka Zinedin Zidan olib kelinishi mumkinligi aytildi. Parijlik fanatlar esa klub prezidenti Nosir Al-Xilayfiyning iste’fosini talab qilishmoqda, shuningdek navbatdagi tur o‘yinida Messi va Neymarga to‘p kelib tushgan mahalda hushtakbozlik qilindi. Bu futbolchilarga tarkiblar e’lon qilinganida ham hushtakbozlik qilindi, Mbappeni esa o‘yin arafasida ham, hisobni ochganida ham olqishlashdi.
Bu forvardning 15-goli bo‘ldi va u «Monako» sardori Ben-Yyedder bilan birga chempionat to‘purarlari ro‘yxatini boshqarib turibdi. «Park de Prens» uni golidan keyin olqishladi, Neymarni esa ikkinchi golni urganida ham ayab o‘tirishmadi, ikki ajoyib uzatmasi bilan gollar urilishini ta’minlagan Messiga esa fanatlarning bir qismi hushtakbozlik qilishdi. Yozda «PSJ»ni jiddiy qayta qurish kutayotgani ko‘rinib turibdi.
«Monako» uchun Strasburgga tashrif burilish nuqtasi bo‘lishi kutilgandi. Juma va shanba kungi o‘yinlarda «Lill» va «Nant» ochko yo‘qotgan, monegasklarda nafaqat bu jamoalarni quvib o‘tish, balki yevrokubokka yo‘llanma beruvchi beshlikni yakunlab turgan «Strasbur» bilan tenglashib olish imkoni bor edi.
Ammo monegasklar bu imkondan foydalana olishmadi, elzasliklar esa burchak zarbasidan maksimum natija chiqarishdi, jarima maydonidagi palapartishlik yakunida Jiku qaychi uslubida zarba yo‘llab, hisobni ochdi. Filipp Kleman o‘yinchilar almashtirish orqali vaziyatni o‘zgartirishga harakat qildi, ikkinchi bo‘limda avvaliga Ben-Yyedder, keyin Aleksandr Golovin maydonga tushirildi. Ammo mehmonlar to‘pga egalik qilishsa-da, bundan foydalana olishmadi.
Kun statistikasi
- 4.15 — «Anjye»ning bir o‘yinda kutilgan gollari koeffitsiyenti (xG). «Reyms»ga qarshi o‘yinda jamoa 20 bor zarba berdi, shundan 7tasi darvoza sohasiga aniq bordi, ammo birortasi golga aylanmadi - 0:1.
- «Betis»ga kelganidan buyon fransiyalik yarimhimoyachi Fekir 5 marta qizil kartochka oldi. La ligada biror futbolchi bu vaqt ichida bu qadar ko‘p bor maydondan haydalmagan.
- «Jyenoa» o‘z tarixida qatorasiga yetti o‘yinda durang o‘ynadi, yakshanba kuni jamoa «Atalanta»dan ochko tortib oldi (0:0).
- Joriy mavsumda «Real Sosedad» 7 o‘yinda 1:0 hisobida g‘alaba qozondi. Bu top-5 chempionatlarida bu boradagi eng maksimal ko‘rsatkich.
- «Bolonya» futbolchilari 17 bor darvoza ustuni yoki to‘sinini mo‘ljalga olishgan - ular A Seriyaning eng omadsiz jamoasi bo‘lib turibdi.
- «Feyyenoord» joriy mavsumda hisobda ortda borayotgan o‘yinlarida 20 ochko ishladi. Bu rotterdamliklarning 1998/99 yilgi mavsumdan buyon eng yaxshi natijasi.
- APLda «Everton» futbolchilari 100-qizil kartochkasini oldi. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha «irislar» faqat «Arsenal»dan ortda qolmoqda (101).
- «Barselona» safida Pike 600 o‘yin o‘tkazdi.
Mavzuga oid
14:31 / 02.11.2024
«Arsenal»da yana jiddiy raqib, Husanov «PSJ»ga qarshi, «Chelsi» «Old Trafford»ga boradi - uikend anonsi
15:13 / 05.10.2024
«Real» noqulay raqibga qarshi, ten Hagning taqdiri tikilgan o‘yin, Bundesligada peshqadamlar to‘qnashuvi. Hafta o‘yinlari anonsi
15:09 / 31.08.2024
APLda klasiko, «Roma» o‘zgargan «Yuve»ga qarshi, «Atletiko»ni og‘ir safar kutmoqda - hafta o‘yinlari anonsi
15:26 / 04.05.2024