O‘zbekiston | 15:57 / 16.03.2022
2024
2 daqiqa o‘qiladi

15 kunda tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holati bo‘yicha 7 milliard 646 million so‘m zarar yetkazilgan

Foto: Energetika vazirligi matbuot xizmati

Noqonuniy foydalanish holatlarining eng ko‘pi – Farg‘ona, Buxoro hamda Surxondaryo viloyatida bo‘lgan. Bu haqda Energetika vazirligi axborot xizmati xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, Energetika vazirligi shtabi tomonidan 2022 yilning 1-15 mart kunlari davomida iste’molchilarning tabiiy gazdan foydalanish holatlari tahlil qilingan.

O‘tkazilgan tadbirlarda, mart oyining o‘tgan 15 kuni davomida respublika bo‘yicha 106 ta holatda ulgurji iste’molchilar tomonidan amaldagi qoidalarga rioya etmagan holda 7 million 864 ming kub metr hajmdagi tabiiy gazdan noqonuniy va nooqilona foydalanish holatlari aniqlandi. Buning natijasida, gaz ta’minoti korxonalari manfaatlariga 7 milliard 646 million so‘m zarar yetkazilgan.

Ushbu miqdordagi tabiiy gaz 583 000 xonadonning bir kunlik (yoki Farg‘ona va Namangan viloyatlari jami aholi xonadonlarining 1 kunlik iste’moliga teng) iste’molini tashkil qiladi.

Noqonuniy foydalanish holatlarining eng ko‘pi – Farg‘ona viloyatida 5 million 6 ming kub metr yoki 5 milliard 6 million so‘m, Buxoro viloyatida 1 million 128 000 kub metr yoki 1 milliard 127 million so‘m hamda Surxondaryo viloyatida 596 ming kub metr tabiiy gaz yoki 593 million so‘mni tashkil etgan.

Aniqlangan barcha holatlar bo‘yicha tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etilgan.

Mavzuga oid