«O‘zgidromet» 7 ta viloyatning tog‘li hududlarida qor ko‘chishi xavfi haqida ogohlantirdi
Tog‘li va tog‘oldi hududlarda istiqomat qiluvchilar, dam oluvchilar va ushbu hududlarda harakatlanuvchi haydovchilar, shuningdek, chorva mollarini boquvchilardan ehtiyotkorlik choralarini ko‘rish so‘ralmoqda.
Gidrometeorologiya xizmati markazi tomonidan berilgan ma’lumotga ko‘ra, 2022 yil 17-24 mart kunlari kutilayotgan vaqti-vaqti bilan kuchli yog‘ingarchilik hamda havo haroratining sezilarli o‘zgarishlari sababli respublikaning tog‘li hududlarida qor ko‘chishi xavfi e’lon qilindi.
Jumladan:
- Qashqadaryo viloyati: Kitob, Shahrisabz, Qamashi, Dehqonobod tumanlarida;
- Surxondaryo viloyati: Qumqo‘rg‘on, Sariosiyo, Uzun, Boysun tumanlarida;
- Samarqand viloyati: Qo‘shrabot, Nurobod, Samarqand, Urgut, Bulung‘ur tumanlarida;
- Jizzax viloyati: Zomin, Baxmal tumanlarida;
- Toshkent viloyati: Parkent, Ohangaron, Bo‘stonliq tumani va Chotqol tizmasining Chimyon tog‘larida;
- Namangan viloyati: Pop tumani va Qamchiq dovoni hududida;
- Farg‘ona viloyati: So‘x, Farg‘ona tumanlarida qor ko‘chish xavfi e’lon qilinadi.
«Tog‘li va tog‘oldi hududlarda istiqomat qiluvchi aholi, dam olish maskanlarida dam oluvchilar va ushbu hududlarda harakatlanuvchi haydovchilar, shuningdek, chorva mollarini boquvchilardan ehtiyotkorlik choralarini ko‘rishlarini so‘raymiz», deyiladi ma’lumotda.
Avvalroq kuchli yomg‘irlar tufayli O‘zbekistonning tog‘li hududlarida sel kelishi xavfi e’lon qilingandi.
Ma’lumot uchun, bir necha kundan buyon yog‘ayotgan kuchli yomg‘irlar tufayli O‘zbekistonning aksariyat hududlarida sellar oqmoqda. Shahar va qishloqlar ko‘chalarini suv bosmoqda.
Shuningdek, bugun, 2022 yil 16 mart kuni Sirdaryo viloyatida joylashgan Baxt shahrining bir nechta mahallalarida aholi xonadonlarini va ijtimoiy obektlarni suv bosgani va oqibatda aholi xavfsiz joylarga vaqtincha ko‘chirilayotgani xabar qilindi.