O‘zbekiston | 07:36 / 16.03.2022
39244
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya tomonidan shakar va bug‘doyga qo‘yilgan cheklovlar O‘zbekistonga ta’sir qilmaydi - QXV

Rossiya Federatsiyasining bug‘doy va shakar eksportiga kiritgan vaqtinchalik cheklovlari O‘zbekistonda mazkur mahsulotlar hajmiga ta’sir ko‘rsatmaydi. Bu haqda Qishloq xo‘jaligi vazirligi bayonotida aytilgan.

Foto: Shutterstock

Qayd etilishicha, joriy yilda aholini bug‘doy va un mahsulotlari bilan barqaror ta’minlash maqsadida 1 mln 27 ming gektar yer maydonida bug‘doy ekildi, joriy yilning iyun-iyul oylarida 7 mln 679 ming tonna hosil yetishtirish rejalashtirilgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 1 million tonnaga ko‘p.

Shuningdek, 2021 yil hosilida 6 mln 656 ming tonna bug‘doy yetishtirilgan bo‘lib, shundan 2 mln 533 ming tonnasi respublika don zaxiralari uchun «O‘zdonmahsulot» AJ hududiy korxonalarida jamg‘arilgan, 4 mln 123 ming tonnasi fermer va aholi ixtiyorida qolgan.

O‘tgan yil yakuniga qadar 2 mln 771 ming tonna bug‘doy doni va 357,7 ming tonna un xususiy sektor tomonidan asosan Qozog‘istondan import qilingan hamda 26,8 ming tonna bug‘doy doni (Tojikistonga va Qirg‘izistonga) va 949,1 ming tonna un (1 mln 265 ming tonna bug‘doy hisobida) Afg‘onistonga eksport uchun yo‘naltirilgan.

2022 yilda aholini shakar mahsulotlari bilan kafolatli ta’minlash maqsadida respublikada 600 ming tonna mahsulot ishlab chiqarish rejalashtirilgan.

2021 yilda 595,5 ming tonna shakar «Angren shakar» MChJ va «Xorazm shakar» MChJ korxonalari tomonidan ishlab chiqarilgani aytiladi.

Mazkur korxonalar tomonidan 2021 yil va 2022 yil yanvar-fevral oylarida tovar xomashyo birjasiga aholi ehtiyojini qoplash maqsadida har oyda 30 ming tonnadan kam bo‘lmagan miqdorda shakar savdoga qo‘yilgan.

O‘tgan yil yakuniga qadar 23 ming tonna shakar va 620 ming tonna shakar xomashyosi Braziliyadan import qilingan va 25 tonna shakar Afg‘onistonga eksportga yo‘naltirilgan. 

“Rossiya Federatsiyasi tomonidan kiritilgan vaqtinchalik cheklovlar mamlakatimizda mazkur mahsulotlar hajmiga ta’sir ko‘rsatmaydi”, deyiladi bayonotda.

Bildirilishicha, 2022 yil mart-may oylarida ta’minotchilardan yana qariyb 180 ming tonna xomashyo yetib keladi. Joriy yil iyun-oktabr oylarida 200 ming tonna shakar xomashyosi olib kelish rejalashtirilgan.

“Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda, respublikada aholi va korxonalar talabini uzluksiz, yetarli miqdorda va barqaror narxlarda bug‘doy, un, shakar mahsulotlari bilan ta’minlash hamda ichki bozorlarda narxlar keskin o‘zgarishining oldini olish to‘liq ta’minlangan”, deya yakunlanadi vazirlik ma’lumoti.

Bundan oldin Rossiya shakar va don eksportini vaqtincha cheklagandi.

O‘zbekiston bozorlarida esa go‘sht, piyoz va shakar narxi oshdi.

Mavzuga oid