O‘zbekiston | 10:44 / 17.03.2022
13815
1 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda tabiiy qimmatbaho toshni 220 000 dollarga sotmoqchi bo‘lgan shaxslar ushlandi 

Toshkent shahrida tabiiy qimmatbaho toshni 220 000 AQSh dollariga sotayotgan fuqarolar ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar bermoqda.

Foto: Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti

Ma’lum qilinishicha, departament hamda Davlat xavfsizlik xizmati Toshkent shahar boshqarmalari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Tadbirda, fuqarolar H.X., M.S. va boshqalar oldindan til biriktirib, 1 dona (haqiqiy bahosi 30 mln so‘m bo‘lgan) tabiiy toshni 220 000 dollarga qonunga xilof ravishda o‘tkazgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Xabarda aytilishicha, bu shaxslardan jami 4 ta tabiiy tosh hamda simob moddasi ashyoviy dalil sifatida olingan.

Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, toshlarning sof og‘irligi 333,8 grammni tashkil etib, tarkibi rubin (yoqut), kvars, flyuorit, granat, pirop va sapfir birikmalardan iborat tabiiy qimmatbaho tosh ekani qayd etilgan. 

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksi 177-moddasi (valuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirgi vaqtda tergov harakatlari o‘tkazilayotgani aytiladi.

Mavzuga oid