O‘zbekiston | 12:01 / 24.03.2022
8765
3 daqiqa o‘qiladi

«Shaffof transformatsiya orqali mamlakatga yaxshiroq investorlarni jalb qilish mumkin» – YeTTB prezidenti

Toshkent xalqaro investitsiya forumida nutq so‘zlagan Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil-Reno Basso O‘zbekistonda barqaror ish o‘rinlarini yaratish va iqtisodiy rivojlanishda kichik va o‘rta biznesning ahamiyati haqida fikr bildirdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

24 mart kuni Toshkent xalqaro investitsiya forumi o‘z ishini boshladi. Unda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil-Reno Basso ishtirok etib, yalpi sessiyada nutq so‘zladi va O‘zbekistonda tashkilot tomonidan e’tibor qaratilayotgan 3ta asosiy yo‘nalish haqida to‘xtalib o‘tdi.

«Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki so‘nggi besh yilda O‘zbekiston iqtisodiyotiga 3,3 mlrd dollar, o‘tgan yilning o‘zida esa 600 mln dollar miqdorida investitsiya kiritdi. Shuningdek, biz bu yerda xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash, biznes treninglar o‘tkazish bo‘yicha ham ishlarni amalga oshiryapmiz.

Rejalar haqida gapiradigan bo‘lsam, keyingi besh yil davomida ham islohotlar strategiyasi asosida birgalikda ishlashni davom ettirishimiz kerak. Biz 3ta asosiy yo‘nalishga e’tibor berishimiz lozim.

Bulardan birinchisi, barqaror ish o‘rinlarini yaratish. Bu borada kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash uchun biznes treninglar amalga oshirish hamda moliyaviy tomondan yordam berishni reja qilyapmiz. O‘tgan yil davomida biz bilan ishlovchi tadbirkorlar salmog‘i 25 foizga oshdi. Barqaror ish o‘rinlarini yaratishda xususiylashtirish ham juda muhim ahamiyat kasb etadi, ayniqsa bank sektorida. Ushbu sohadagi xususiylashtirish natijasida real iqtisodiyotga mablag‘ ajratish oshadi. Shuningdek, to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiya muhitiga sharoit yaratish orqali mamlakatdagi ishbilarmonlik muhitini sezilarli tarzda yaxshilash mumkin. Shaffof transformatsiya orqali mamlakatga yaxshiroq investorlarni jalb qilsa bo‘ladi.

Ikkinchisi, fuqarolarga xizmat ko‘rsatish tizimlari ishini yaxshilash va sog‘lom yashil muhitni yaratish. O‘tgan yillarda O‘zbekistonda amalga oshirilgan islohotlar juda ham samarali va ajablanarli bo‘ldi, deb o‘ylayman. Xususiy investorlar kirib kelishi, o‘z navbatida mamlakatga zamonaviy texnologiyalar kirib kelishini rag‘batlantiradi. Bu yo‘nalishda Navoiy va Olmaliq kon metallurgiya kombinatlari bilan ishlayapmiz va kelajakda bu faoliyatni viloyatlar hamda shaharlar kesimida kengaytirmoqchimiz.

Uchinchisi esa raqamlashtirish va raqobatbardoshlikni oshirish. Raqamlashtirish sohasidagi ishlarimizni birinchi navbatda ta’lim sohasida amalga oshirmoqdamiz. Markaziy Osiyoda yuqori tezlikda ishlaydigan internetni yaratish kelajak avlod va mamlakatlar taraqqiyotida muhim ahamiyat kasb etadi. Infrastruktura va logistika sohalarida ham raqamli texnologiyalarni joriy qilish juda muhim hisoblanadi.

So‘zimning so‘ngida shuni aytmoqchimanki, global xatarlar yuqori bo‘lgan davrda yashayapmiz. Shunday bo‘lsa-da O‘zbekistondagi hamkorlarimizni qo‘ldan kelgancha qo‘llab-quvvatlaymiz va logistika hamda boshqa sohalarda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarni hal qilamiz, yangi yo‘nalishlarni birgalikda topamiz deb umid qilaman», dedi YeTTB prezidenti.

Mavzuga oid