Jahon | 19:46 / 29.03.2022
72832
8 daqiqa o‘qiladi

Putin va Zelenskiy o‘zaro uchrashishi mumkin. Istanbul muzokaralari yakunlari

Ukraina Rossiyaga Qrim masalasida 15 yil davomida harbiy harakatlarsiz muzokara o‘tkazishni taklif qildi.

Foto: Sergey Karpuxin / TASS

Rossiya va Ukraina delegatsiyalari bir muddat tanaffusdan keyin Istanbulda muzokaralarni tikladi. Muzokaralar arafasida Kiyevdagilar minimal maqsad – gumanitar masalalarni hal qilish, maksimum dastur esa – o‘t ochishni to‘xtatish ekanini aytgandi.

Muzokaralar qariyb uch soat davom etdi.

«Muzokaralar konstruktiv ruhda o‘tdi», dedi uchrashuv yakunida Rossiya delegatsiyasi rahbari Vladimir Medinskiy jurnalistlarga.

U Rossiya tomoni Ukraina tomonining sulh tuzish bo‘yicha pozitsiyasi ifodalangan takliflarni qabul qilgani haqida xabar berdi. «Bu takliflar yaqin vaqt ichida ko‘rib chiqiladi, prezidentga yetkaziladi va tegishli javob qaytariladi», dedi Medinskiy.

Qaysi masalalarda kelishildi, qaysilari ochiq qoldi?

Muzokaralarda Ukraina delegatsiyasi safida ishtirok etgan Aleksandr Chaliy Ukraina tinchlik sulhi tuzishi uchun referendum o‘tkazilishi va unda fuqarolar taklif etilgan kelishuv variantini ma’qullashi kerakligini aytib o‘tdi.

Tinchlik sulhi faqat o‘t ochish to‘liq to‘xtatilganidan keyin imzolanishi mumkin. Keyin kelishuvni Ukraina parlamenti va garant-davlatlar parlamentlari ratifikatsiya qiladi.

O‘z navbatida, Vladimir Medinskiy ikki davlat tashqi ishlar vazirliklari kelishuvni tasdiqlagan vaqtda Vladimir Putin va Vladimir Zelenskiyning uchrashuvi o‘tkazilishi mumkinligini aytdi.

Shu vaqtgacha Rossiya tomoni Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan uchrashuv o‘tkazish borasidagi taklifini e’tiborsiz qoldirib kelayotgandi.

Shuningdek, tomonlar Qrim va Donbass masalasini alohida muhokama etishga kelishishgan. Ukraina tomoni shunday sxema taklif etgan:

  • Qrim va Sevastopol maqomi bo‘yicha muzokaralar keyingi 15 yil mobaynida olib boriladi, tomonlar bu masala yechimi uchun qurol qo‘llamaydi;
  • Donbassdagi «xalq respublikalari» maqomi va taqdiri masalasi alohida punktga kiritiladi, uni ikki mamlakat prezidentlari o‘zaro uchrashuvda alohida muhokama qilishlari mumkin;
  • Ukraina qator davlatlarning aniq va qat’iy kafolatlari mavjud bo‘lgan taqdirda, yadroviy bo‘lmagan va bloklardan xoli bo‘lgan davlat maqomiga rozi bo‘ladi.
  • Oldingi punkt (agar bu bo‘yicha kelishuvga erishilgan taqdirda) amalda Ukraina hududida xorijiy harbiy bazalar va harbiy kontingentlar joylashtirilmasligi shartini nazarda tutadi. 
  • Ukraina hech qanday harbiy-siyosiy ittifoqlarga kirmasligi kerak. Ukraina hududida xalqaro harbiy mashg‘ulotlar faqatgina kafil-davlatlar roziligi bilan o‘tkazilishi mumkin bo‘ladi.

Ukraina bunday kafil-davlatlar sifatida Buyuk Britaniya, Xitoy, AQSh, Turkiya, Fransiya, Kanada, Italiya, Polsha va Isroilni ko‘rmoqda. Ularning ayrimlari oldindan o‘z roziliklarini bildirib bo‘lishgan.

Ukraina taklifiga ko‘ra, kelishuvda kafil-davlatlarning o‘zaro hamkorligining samarali mexanizmi ham belgilanishi kerak. Bu mohiyatan NATO nizomidagi 5-modda bilan o‘xshash (alyansning biror a’zosiga hujum butun alyansga hujum sifatida qaraladi).

Ukrainaga qarshi urush yoki qurolli agressiyaning boshqa shakli kuzatilsa, kafil-davlatlar uch kun ichida maslahatlashuv o‘tkazishadi, keyin esa Ukrainaga yordam ko‘rsatish ularning yuridik majburiyatiga aylanadi.

Ukraina delegatsiyasi vakili David Araxamiyaning aniqlik kiritishicha, bu takliflar hozircha Rossiya tomoniga topshirilgan va endi Kiyev Moskvadan javob kutadi.

Medinskiy esa Ukraina tomoni takliflarini murosaga eltuvchi konstruktiv qadam deb atadi va Rossiya ularni ko‘rib chiqib, tegishli javobni berishini ma’lum qildi.

Medinskiy Rossiya Ukraina Yevroittifoqqa a’zo bo‘lishiga qarshi emasligi, Kiyevning takliflari Ukrainani xalqaro huquqiy kafolatlar ostida doimiy betaraf davlat deb e’lon qilishni nazarda tutishi, Ukraina Qrim va Donbassni harbiy yo‘l bilan qaytarishga intilishlaridan voz kechishi, Ukrainaning xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha takliflari Qrim va Donbass hududlari uchun taalluqli emasligi haqida gapirgan.

Harbiy harakatlarning qisqarishi

Muzokaralarning ilk natijalaridan biri Rossiya mudofaa vazirligi Kiyev va Chernigov yo‘nalishlarida harbiy harakatlarni keskin qisqartirgani bo‘ldi, Ukraina qurolli kuchlari ushbu hududlardagi rossiyalik harbiylarning bir qismi olib ketilganini ma’lum qilgan.

Mudofaa vaziri o‘rinbosari Aleksandr Fominning so‘zlariga ko‘ra, bunday qaror «o‘zaro ishonchni oshirish va keyingi muzokaralar uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida amalga oshirilgan». Fominning ta’kidlashicha, Kiyevdagilar ham «kelgusida normal ishlash uchun shart-sharoitlar yaratishi kerak».

O‘z navbatida, Medinskiy bu yo‘nalishlardagi deeskalatsiya o‘t ochishni to‘xtatishni anglatmasligini aytib o‘tdi.

«Bu o‘t ochishni to‘xtatish emas. Ammo bizning hech bo‘lmaganda ushbu yo‘nalishlarda vaziyatni asta-sekin yumshatish istagimizdir. Biz tushunamizki, Kiyevda qaror qabul qilishi kerak bo‘lgan shaxslar bor. Biz bu shaharni ortiqcha xavf ostiga qo‘ymoqchi emasmiz», — degan Medinskiy.

Muzokaralar arafasida Financial Times Rossiyaning pozitsiyasi yumshagani haqida yozgandi. Nashr ma’lumotiga ko‘ra, Moskva dastlabki talablarining bir qismidan, jumladan Ukrainani «denatsifikatsiya» qilishdan voz kechgan. Shuningdek, FT Rossiya Ukraina YeIga a’zo bo‘lishiga qarshi emasligi va NATOga kirmagan taqdirda, xalqaro xavfsizlik kafolati taqdim etishga rozi bo‘lishi haqida yozgandi.

Muzokaralar qanday o‘tdi?

Bu muzokaralar ikki haftadan oshiq vaqtdan keyingi ilk o‘zaro uchrashuv bo‘ldi. Turkiyaga avval Rossiya delegatsiyasi, keyin ukrainlar yetib kelishdi.

Muzokaralarning bu bosqichi Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an vositachiligida o‘tkazildi. Dolmabaxchedagi muzokaralar maydoniga tashrif buyurgan Erdo‘g‘an ikki delegatsiya vakillari bilan uchrashdi va muzokaralarni ochib berdi va Ukraina hamda Rossiya prezidentlari o‘zining qadrdon do‘stlari ekanini aytdi.

«Adolatli dunyo — barcha tomonlar uchun g‘alabadir, to‘qnashuvlarning davom etishi tomonlarning hech biriga foyda keltirmaydi. Dunyo hamjamiyati Istanbuldagi uchrashuv ishtirokchilaridan ijobiy qaror kutmoqda», dedi u.

Turkiya prezidenti ikki tomon delegatsiyalariga murojaat qilib, ularni o‘t ochishni to‘xtatish rejimini o‘rnatishga chaqirdi. «Turkiya muzokaralar olib borayotgan delegatsiyalarning ishini soddalashtirish uchun barcha zarur yordamni ko‘rsatishga tayyor», dedi u.

Muzokaralarda rossiyalik milliarder Roman Abramovich ham ishtirok etdi. Turkiya televideniyesi kadrlarida Abramovich Erdo‘g‘anning matbuot kotibi Ibrohim Qalin bilan yonma-yon o‘tirganini ko‘rish mumkin.

Urush boshlangach, Abramovich vositachilik rolini bajarib, Moskva va Kiyev o‘rtasida bir necha bor qatnagani ma’lum.

Dushanba kuni mart oyi boshida Abramovich va muzokaralarning yana ikki ishtirokchisida zaharlanish simptomlari kuzatilgani haqida xabarlar paydo bo‘lgandi.

Keyinroq Abramovichning Rossiya delegatsiyasi bilan tushgan surati RIA Novosti tomonidan e’lon qilindi. Abramovichning muzokaralardagi roli aniq emas, ammo uning vakili biznesmenning muzokaralar borishiga ta’siri cheklangan darajada ekanini aytgan.

Mavzuga oid