O‘zbekiston | 14:20 / 30.03.2022
13365
3 daqiqa o‘qiladi

"Qonunlarni bilmaysizmi, uyat-ku?!" Murat Kamalov 71 ta noqonuniy qaror chiqargan hokimlarga dakki berdi

Foto: Jo‘qarg‘i Kenges matbuot xizmati

Qoraqalpog‘istondagi hokimlarning 2021 yilga chiqargan 71 ta qarori noqonuniy deb topilgan. Bu haqda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qarg‘i Kengesining XXVI sessiyasida ma’lum qilindi.

Sessiyada parlament so‘rovi bilan chiqqan Jo‘qarg‘i Kengesning qo‘mita raisi Zuhra Reymovaga ko‘ra, Qoraqalpog‘istondagi ma’muriy sudlar tomonidan 2021 yilda jami ko‘rib chiqilgan 779 ma’muriy ishlarning 212 tasi, ya’ni 27,2 foizi hokim qarorlarini haqiqiy emas deb topish bilan bog‘liq da’volarni tashkil qilgan. Shundan 71 ta ish bo‘yicha hokimlarning qarorlari noqonuniy deb topilgan.

Zuhra Reymovaning aytishicha, 71 ta noqonuniy hokim qarorlari ichida Nukus shahri hokimining 30 ta qarori, Beruniy tumani hokimining 6 ta qarori, Qo‘ng‘irot va Taxiatosh tumanlari hokimlarining 5 ta qarori, Amudaryo, Nukus va To‘rtko‘l tumani hokimlarining 4 ta qarori, Qonliko‘l, Chimboy tumani hokimlarining 3 ta qarori, Kegeyli va Ellikqal’a tumani hokimlarining 2 ta qarori, Qorao‘zak, Mo‘ynoq, Shumanay tumanlari hokimlarining 1 ta qarori haqiqiy emas deb topilgan. Shu asosda jismoniy va yuridik shaxslarning buzilgan huquqlari sud tomonidan tiklangan.

Foto: Jo‘qarg‘i Kenges matbuot xizmati

Jo‘qarg‘i Kengesning qonunchilik, sud-huquq va korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha qo‘mita raisi Zuhra Reymovaning ta’kidlashicha, Qoraqalpog‘istonda hokim qarorlarini haqiqiy emas deb topish bilan bog‘liq da’volar 2021 yilda 2020 yilga qaraganda 40 ta da’voga, ya’ni 23 foizga oshgan.

Zuhra Reymovaning qo‘shimcha qilishicha, hokimlar tomonidan qarorlar qabul qilinishida qonun talablariga yetarli darajada amal qilinmagani sabab sudlar tomonidan tuman va shahar hokimlariga 59 ta alohida ma’muriy da’vo chiqarilgan.

Foto: Jo‘qarg‘i Kenges matbuot xizmati

Jo‘qarg‘i Kenges qo‘mita raisining bayonoti yakunida Jo‘qarg‘i Kenges Raisi Murat Kamalov "Qonunlarni bilmaysizmi, uyat-ku?!" deya murojaat qilib, noqonuniy qaror chiqargan hokimlarga dakki berdi. Shuningdek, Murat Kamalov Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurori Farxat Allambergenovdan holat to‘liq o‘rganilgach qo‘shimcha ma’lumot taqdim qilishini so‘radi.

Foto: Jo‘qarg‘i Kenges matbuot xizmati

Bundan oldin Jo‘qarg‘i Kengesda Qoraqalpog‘istonda 9 bosh yovvoyi to‘ng‘izni otib o‘ldirgan ovchilar haqida ma’lumot berilgandi.

Mavzuga oid