O‘zbekiston | 17:56 / 31.03.2022
8725
2 daqiqa o‘qiladi

«Tergov qo‘mitasi bo‘yicha bizga salbiy xulosalar berishyapti» – Svetlana Ortiqova

Xorijiy davlatlarning mustaqil tergov qo‘mitasini tashkil qilish bo‘yicha tajribalari manfaatli bo‘lmayapti, shu sababli bu masala O‘zbekistonda ham muhokama qilinmoqda. Bu haqda, bugun, 31 mart kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Ortiqova ma’lum qildi.

«Tergov qo‘mitasiga kelsak, hozir olimlar, professor o‘qituvchilar nuqtai-nazaridan muhokama bo‘lyapti. Boshqa davlatlarning amaliyotini o‘rganyapmiz.

Lekin o‘sha davlatlar… bizga sal salbiyroq xulosalarni berishyapti. Biz davlatimizda ham shunday Tergov qo‘mitasini tashkillashtirdik, lekin u qanchalik inson, davlat va jamiyat manfaatlariga foyda beryapti, biz baralla aytolmaymiz,degan muhokama bo‘lyapti», – deya bosh prokuror o‘rinbosarining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yil bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlarida 2 nafar nomzodlar mustaqil tergov qo‘mitasi tashkil etish bo‘yicha takliflarni ilgari surgan edi.

Xususan, «Milliy Tiklanish» partiyasi yetakchisi Alisher Qodirov o‘zining saylovoldi dasturida hech kimga bo‘ysunmaydigan mustaqil organ – tergov qo‘mitasini tashkil etish va tergovni xolis, haqqoniy, shaffof va halol olib borish ta’minlanishini ma’lum qilgan.

Shuningdek, «Adolat» sotsial-demokratik partiyasidan prezidentlikka nomzod Bahrom Abduhalimov ham o‘zining saylovoldi dasturida mustaqil tergov qo‘mitasini tashkil etish taklifi borligini, «Milliy tiklanish» partiyasi ulardan bu tashabbusni ko‘chirib olganini aytgan. 

Mavzuga oid